Logo

O‘zbekistondagi lombardlar aktivlari bir oyda 8,4 mlrd so‘mga kamaydi

Yil davomida lombard aktivlari 44 foizga oshganiga qaramay, sentabr oyida qisqardi. To‘qqiz oyda ularning majburiyatlari 62 foizga oshib, 235,2 mlrd so‘mga yetdi.

O‘zbekistondagi lombardlar aktivlari bir oyda 8,4 mlrd so‘mga kamaydi © Forbes

2025-yilning 1-oktabr holatida lombardlarning jami aktivlari 669,9 mlrd so‘m bo‘lgan. Shu yilning oktabriga kelib esa bu ko‘rsatkich 965,3 mlrd so‘mga yetgan. Natijada bir yil ichida aktivlar 295,4 mlrd so‘mga yoki 44 foizga oshgan.

Lombardlarning sof kreditlari hajmi ham ko‘paygan. O‘tgan yilning 1-oktabrida 549,2 mlrd so‘m bo‘lgan sof kreditlar shu yilda 730,4 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ya’ni sof kreditlar hajmi 33 foizga o‘sgan.

Biroq so‘nggi bir oyda lombardlar aktivlari kamaygan. 1-sentabr holatida 973,7 mlrd so‘m bo‘lgan jami aktivlar oktabr oyiga kelib, 965,3 mlrd so‘mga tushgan. Ya’ni bir oyda 8,4 mlrd so‘mlik (0,9 foiz) pasayish qayd etilgan.

Lombardlar majburiyatlari 62 foizga oshdi

2026-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi lombardlarning jami majburiyatlari 235,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 145,6 mlrd so‘m edi. Ya’ni shu davrda majburiyatlar 89,6 mlrd so‘mga yoki 62 foizga ko‘paygan.

Bu o‘sishda banklardan jalb qilingan mablag‘lar ham katta o‘rin tutadi. Bir yil ichida lombardlarning banklardan olgan mablag‘lari 110,5 mlrd so‘mdan 189,3 mlrd so‘mga yetgan. Bu 71 foizlik o‘sish degani.

Taqqoslash uchun, shu davrda lombardlarning jami aktivlari 44 foizga, sof kreditlari esa 33 foizga ko‘paygan. Shunday qilib, majburiyatlar aktivlar va kreditlar hajmiga nisbatan tezroq o‘sgan.

«HURMA LOMBARD» eng katta aktivlarga ega   

2026-yil 1-oktabr holatida aktivlari 2 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 70 ta lombard mavjud. Ularning jami aktivlari 941,5 mlrd so‘mni tashkil etib, sohadagi umumiy aktivlarning qariyb 97,5 foiziga teng.

Aktivlari 1 mlrd so‘mdan 2 mlrd so‘mgacha bo‘lgan 14 ta lombardning jami aktivlari 20,4 mlrd so‘mni tashkil etadi. Yana 5 ta lombardning aktivlari 1 mlrd so‘mga ham yetmagan. Ularning jami aktivlari 3,4 mlrd so‘mga teng.

Lombardlar orasida eng katta aktivlar «HURMA LOMBARD» hissasiga to‘g‘ri keladi. 1-oktabr holatida kompaniya boshqaruvidagi mol-mulklar 165,9 mlrd so‘mga yetgan. Bu keyingi o‘rindagi «HASHAMATLI CHINOR» ko‘rsatkichidan qariyb 2,4 baravar ko‘p.

 

Reytingning keyingi o‘rinlaridan «CHINARA BIZNES KREDIT»  63,6 mlrd so‘m bilan, «MAXIMUM» esa 48,3 mlrd so‘m bilan joy olgan. Quyida aktivlari hajmi bo‘yicha yetakchi 10 ta lombard va ularning so‘nggi bir yildagi o‘zgarishi keltirilgan.

IMG_0149

Manba: Markaziy bank

Bir yil ichida  «HURMA LOMBARD» aktivlari 68,2 mlrd so‘mdan 165,9 mlrd so‘mga, «ZOLOTO» aktivlari esa 12,5 mlrd so‘mdan 30,8 mlrd so‘mga yetgan. Ya’ni har ikki lombardning aktivlari 2,4 barobardan ko‘proq ko‘paygan.

Boshqa yirik lombardlarda ham bu ko‘rsatkich oshgan. Masalan, «JAYRON KREDIT» da 65 foiz, «MAXIMUM» da 64 foiz, «CHINARA BIZNES KREDIT» da 60 foiz o‘sish qayd etilgan. «SHOKIR INVEST» aktivlari esa bir yilda 19 foizga o‘sgan.

Lombardlar kapitali bir yilda 205 mlrd so‘mga oshdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatida lombardlarning jami kapitali 730,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 524,4 mlrd so‘m edi. Shu tariqa, kapital 205,8 mlrd so‘mga yoki 39 foizga oshgan.

Jami kapital tarkibidagi ustav kapitali ham 44 foizga ko‘payib, 227,2 mlrd so‘mga yetgan.

Kapital hajmi bo‘yicha ham «HURMA LOMBARD» 64,8 mlrd so‘m bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda «HASHAMATLI CHINOR» (56,5 mlrd so‘m) va «CHINARA BIZNES KREDIT» (43,5 mlrd so‘m) joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida O‘zbekistondagi lombardlar aktivlari 973,7 mlrd so‘mga yetgandi. O‘shanda ham aktivlar hajmi bo‘yicha «HURMA LOMBARD» 188 mlrd so‘m bilan birinchi o‘rinni egallagan. «HASHAMATLI CHINOR»  67,3 mlrd so‘m, «CHINARA BIZNES KREDIT» esa 60,2 mlrd so‘m aktiv bilan keyingi o‘rinlardan joy olgan edi.

Теглар

Мавзуга оид