O‘zbekistonlik migrantlarning kasbiy malaka imtihoni xarajatlari to‘liq qoplab beriladi

Бугун 19:024 дақиқа

Prezident tanishgan taqdimotda chet tilini o‘rganish xarajatlarining yarmi ham davlat tomonidan to‘lab berilishi, bunda mablag‘larni o‘quv markazlariga emas, fuqarolarning o‘ziga berish taklif qilindi.

O‘zbekistonlik migrantlarning kasbiy malaka imtihoni xarajatlari to‘liq qoplab beriladi © Фото: Президент матбуот хизмати

O‘zbekistonlik mehnat migrantining chet tilini o‘rganish xarajatlarining 50 foizini, kasbiy malaka imtihoni xarajatlarini esa to‘liq qoplab berish tartibini joriy etish taklif etilmoqda. Bu tashabbus bugun, 20-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan tashqi mehnat migratsiyasini tartibli tashkil etish, fuqarolarni xorijdagi yuqori daromadli ish o‘rinlariga tayyorlash va ularni har tomonlama himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimotda ilgari surildi.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda o‘zbekistonliklar 40 ga yaqin davlatda mehnat qilmoqda, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning soni 1,2 million nafarni tashkil etmoqda. Yevropa va Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda. Qolaversa, Yevropa komissiyasining 2030-yilgacha bo‘lgan yangi migratsiya strategiyasida Markaziy Osiyo bilan migratsiya dasturlari, kadrlar tayyorlash va noqonuniy migratsiyaning oldini olishga alohida urg‘u berilgan. Shu bois, tashqi mehnat migratsiyasi bozori geografiyasini kengaytirish, ayniqsa, yuqori daromadli mehnat bozorlariga chiqish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Xorijdagi talab

Bugungi kunda xorijdan til va kasb talablariga javob beradigan 100 mingdan ortiq malakali mutaxassisga buyurtmalar kelib tushgan. Jumladan, Germaniyaga 40 ming hamshira, Yaponiyaga 15 ming qurilish, logistika va servis sohalari mutaxassislari zarur.

Mazkur ehtiyojni qoplashda Germaniya, Koreya va Yaponiya kompaniyalari bilan texnikumlar negizida tashkil etilgan qo‘shma ta’lim loyihalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xorijiy kompaniyalar bilan tashkil etilgan 12 ta «Kasb plyus til» tamoyili asosida qo‘shma ta’lim loyihalarida 8,5 ming fuqaro o‘qimoqda. Ularning 3 ming bitiruvchisi allaqachon ishga joylashdi.

Kasb va tillarni o‘qitish

Endilikda bunday loyihalar sonini 20 taga yetkazish, talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb va xorijiy tillarga o‘qitish ko‘lamini 50 foizga kengaytirib, qamrovni 10 ming nafardan oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, Toshkent shahrida 12 ta talab yuqori kasb, 7 ta chet tiliga o‘qitish, 6 ta sertifikat imtihonini o‘tkazish uchun sharoitlar hamda 600 o‘rinli o‘quv kampusini o‘z ichiga olgan maqsadli tayyorlash markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Andijon, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent shahridagi tibbiyot texnikumlarida hamshiralarni til va kasbiy ko‘nikmalar bo‘yicha xalqaro imtihonlarga tayyorlaydigan maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi. Shu bilan birga, qurilish sohasida betonchi, qolipchi, armatura to‘quvchi va payvandlovchilarni tayyorlash hamda malakasini baholash markazlarini kengaytirish choralari ko‘riladi.

Hududlarda infratuzilmani yaxshilash maqsadida joylarda yagona migratsiya markazlari va haydovchilikka o‘qitish xablarini tashkil etish taklif etildi.

Mavsumiy ish yo‘nalishlarini ham kengaytirish zarurligi qayd etilib, bu borada agrar va turizm sohalarida imzolangan 12 ta yangi xalqaro bitim asosida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Turkiya va Koreya kabi davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish topshirildi.

Xarajatlarni qoplash

Taqdimotda migratsiyani tartibli tashkil etishning yangi moliyaviy mexanizmlari ham muhokama qilindi. Xususan, chet tilini o‘rganish xarajatlarining 50 foizini, kasbiy malaka imtihoni xarajatlarini esa to‘liq qoplab berish tartibini joriy etish, bunda mablag‘larni o‘quv markazlariga emas, fuqarolarning o‘ziga berish taklif qilindi. Shuningdek, chet elda ishga joylashgan har bir ishchi uchun xorijiy ish beruvchi va rekruting kompaniyalarni rag‘batlantirishning yangi tartibi ko‘rib chiqildi.

Migrantlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish

«Xorijda ish» migratsiya platformasini yanada takomillashtirish, unga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ish beruvchilar va aholi uchun yengillik hamda qulaylik yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbari Migratsiya agentligi faoliyati faqat tashqi mehnat migratsiyasi bilan cheklanib qolmasdan, ichki mehnat bozorini sifatli kadrlar bilan ta’minlashga ham xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.

Fuqarolarni xorijda qonuniy va xavfsiz mehnat faoliyatiga jalb qilish bilan birga ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasi ham muhokama qilindi. Ularning sog‘lig‘i, yashash va mehnat sharoitlarini doimiy monitoring qilib borish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda 37 ta davlatda qo‘llab-quvvatlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 48 ming nafar fuqaroga ijtimoiy, 17 ming nafariga huquqiy, 6 ming nafariga moddiy yordam ko‘rsatilgani ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, mamlakatida vaqtincha ro‘yxatda turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ruxsatnomasiz ishlash holatlarini tartibga solish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, noqonuniy migratsiyani tahlil va prognoz qilish, norasmiy mehnatni legallashtirish, milliy qadriyatlar hamda mamlakatimizda bo‘lish qoidalarini tushuntirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident takliflarni ma’qullab, tashqi mehnat migratsiyasini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish, sohada raqamli yechimlardan keng foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Теглар

Мавзуга оид