O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 70 mlrd dollardan oshdi

Бугун 15:352 дақиқа

Markaziy bank zaxiralari aprel oyida qariyb 2 mlrd dollarga ko‘payib, 70,9 mlrd dollarga yetdi. Mart oyida zaxiralar 8,1 mlrd dollarga kamaygandi.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 70 mlrd dollardan oshdiBloomberg | © Bloomberg

2026-yilning 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining oltin-valuta zaxiralari hajmi bir oy ichida 69 mlrd dollardan 70,9 mlrd dollargacha oshdi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

Oltin zaxiralari qiymati oshdi

Zaxiralar tarkibidagi oltin qiymati 743,6 mln dollarga oshib, umumiy hisobda 61,6 mlrd dollarni tashkil qildi.

Biroq ushbu davrda oltinning jismoniy hajmi qisqargan. Xususan, mart oyida 13,4 mln troy unsiyani tashkil etgan ko‘rsatkich aprel yakunlariga kelib 13,3 mln troy unsiyagacha pasaygan. Bu esa Markaziy bank aprel oyida taxminan 3 tonna atrofida oltin sotgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Aprel oyida oltinning bir troy unsiyasi narxi 1,6 foizga oshib, $4 625,8 darajasiga yetgan. Natijada hatto jismoniy hajm kamaygan sharoitda ham oltin aktivlarining umumiy qiymati yuqori bo‘lib qolgan.

Rasmiy zaxira tarkibidagi boshqa aktivlar

Markaziy bank portfelidagi xalqaro qimmatli qog‘ozlar hajmi aprel oyida o‘zgarishsiz qolib, 1,5 mlrd dollar darajasida saqlandi.

Shu bilan birga, 2025 yil yakunlariga ko‘ra mazkur aktivlar hajmi keskin o‘sgan edi. O‘tgan yil davomida xalqaro qimmatli qog‘ozlar portfeli 101,7 mln dollardan 1,5 mlrd dollargacha ko‘tarilgan.

Xorijiy valutadagi zaxiralar esa 7,6 mlrd dollardan 8,7 mlrd dollarga oshdi.

Ma’lumot uchun, mart oyida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari hajmi ketma-ket yetti oy davomida rekord darajada o‘sib, tarixda ilk bor 77 mlrd dollardan oshgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 3 oy ichida 25 tonna oltin xarid qilib, jahonda eng ko‘p oltin sotib olgan davlatlar orasida ikkinchi o‘rinni egallagan edi.

Теглар

Мавзуга оид

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 70 mlrd dollardan oshdi | Vaqt.uz