Logo

Pentagonning Eron bilan urushga sarflagan xarajatlari oshdi

Бугун 08:312 дақиқа

Avgust oyining boshlariga kelib, Tehron bilan jangovar harakatlar AQSH uchun taxminan 38 mlrd dollarga tushgan edi. Urush Vashingtonga faqat moliyaviy jihatdan og‘irlik qilmadi. Bu vaqt davomida AQSHning qurol-yarog‘ zaxiralari ham sezilarli darajada kamaydi.

Pentagonning Eron bilan urushga sarflagan xarajatlari oshdi

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning Eron bilan olib borgan harbiy mojarosi 45,1 milliard dollarga tushgan. Bu haqda CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Manbalarning aytishicha, AQSH Mudofaa vazirligi Kongressga urush bilan bog‘liq harbiy xarajatlar 3-sentabr holatiga ko‘ra 43,6 milliard dollarni tashkil etganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, qo‘shimcha yonilg‘i uchun yana 1,5 milliard dollar sarflangan.

Nashrning ta’kidlashicha, bu raqam urushning barcha xarajatlarini to‘liq aks ettirmaydi. Chunki unda zarar ko‘rgan harbiy bazalar va binolarni ta’mirlash xarajatlari hisobga olinmagan. Telekanal manbalaridan birining aytishicha, Pentagon Kongress talab qilgan harbiy operatsiyalarning bilvosita xarajatlari bo‘yicha ham batafsil ma’lumot taqdim etmagan.

AQSH Kongressining Budjet boshqarmasi hisobotiga ko‘ra, avgust oyining boshlariga kelib, Eron bilan jangovar harakatlar Pentagon uchun taxminan 38 milliard dollarga tushgan edi. Demak, bir oy ichida xarajatlar qariyb 7 milliard dollarga oshgan.

Iyul oyida «The Washington Post» gazetasi Pentagon Eron bilan urush fonida mablag‘ yetishmovchiligiga duch kelgani haqida yozgan edi. Shu sababli Oq uy Kongressdan harbiy xarajatlarni qoplash uchun 67 milliard dollarni zudlik bilan ajratishni so‘ragan. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, agar mablag‘ ajratilmasa, harbiylar boshqa xarajatlarni qisqartirishiga to‘g‘ri kelishi mumkin edi.

Keyinchalik AQSH Vakillar palatasi 1,15 trillion dollarlik mudofaa budjetini ma’qulladi. Ushbu hujjatda Pentagon va maxsus xizmatlar uchun qo‘shimcha 73 milliard dollar ham ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘ning asosiy qismi Eron bilan urush bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Biroq urush AQSHga faqat moliyaviy jihatdan og‘irlik qilmagan. Jangovar harakatlar davomida AQSHning qurol-yarog‘ zaxiralari ham sezilarli darajada kamaygan.

CNN avgust oyining boshida xabar berishicha, besh oylik jangovar harakatlar davomida AQSH THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun mo‘ljallangan tutib qoluvchi raketalar zaxirasining qariyb 80 foizini va Patriot raketalarining qariyb yarmini ishlatib yuborgan. «Reuters» esa AQSH ATACMS va Precision Strike Missile raketalarining zaxirasini deyarli to‘liq sarflagani, shuningdek, dunyodagi Tomahawk raketalari zaxirasining qariyb yarmi ishlatilganini yozgan.

Ma’lumot uchun, Tramp Eron bilan urushni 2001-yil 11-sentabr teraktlaridan keyin AQSHning Iroq va Afg‘onistonga bostirib kirishi bilan bog‘liq urushlardan muntazam ravishda farqlab keladi. «Reuters» xabariga ko‘ra, AQSHning Iroqdagi sakkiz yil davom etgan urushi 2 trillion dollarga, Afg‘onistondagi 20 yillik urush esa 2,3 trillion dollarga tushgan.

Теглар

Мавзуга оид

Pentagonning Eron bilan urushga sarflagan xarajatlari oshdi | Vaqt.uz