Logo

«Poytaxt bank» 10 mln dollarlik valuta obligatsiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazdi

Бугун 14:273 дақиқа

Qimmatli qog‘ozlarning amal qilish muddati tugagach, investorlarga to‘lovlar AQSH dollarida, naqd pulsiz shaklda qaytariladi. Nominal summa hamda oxirgi davr uchun hisoblangan foizlar obligatsiyalar muomalasi yakunlangan kundan boshlab 10 ish kuni ichida investorlar hisoblariga borib tushadi.

«Poytaxt bank» 10 mln dollarlik valuta obligatsiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazdi © Ijtimoiy tarmoqlar

«Poytaxt bank» umumiy qiymati 10 million dollarga teng korporativ obligatsiyalar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida qayd etilgan.

Obligatsiyalar chiqarilishi 2-noyabr kuni PO894-1 raqami bilan ro‘yxatga olingan. Emissiya doirasida nominal qiymati 100 dollardan bo‘lgan 100 ming dona hujjatsiz shakldagi foizli nomli obligatsiya chiqariladi.

Obligatsiyalarning muomala muddati — 365 kun. Kupon daromadi nominal qiymatdan yillik 8,5 foiz miqdorida hisoblanadi. Muomala davri 12 ta oraliq davrga bo‘lingan (yettitasi 30 kunlik, beshtasi 31 kunlik), foiz daromadi har bir davr tugagandan keyin 10 ish kuni ichida to‘lanadi. Shu tariqa, investor bir yil davomida 12-marta foiz oladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 100 dollarlik bitta obligatsiya egasi 30 kunlik davr uchun taxminan 0,70 dollar, 31 kunlik davr uchun 0,72 dollar, bir yilda esa jami 8,5 dollar kupon daromadi oladi. Emissiya to‘liq joylashtirilsa, bank investorlarga har oyda 70–72 ming dollar, butun muddat davomida esa 850 ming dollar foiz to‘laydi.

Obligatsiyalarni chiqarishda ular bo‘yicha qo‘shimcha ta’minot yo‘q. Qimmatli qog‘ozlarning amal qilish muddati tugagach, investorlarga to‘lovlar AQSH dollarida, naqd pulsiz shaklda qaytariladi. Nominal summa hamda oxirgi davr uchun hisoblangan foizlar obligatsiyalar muomalasi yakunlangan kundan boshlab 10 ish kuni ichida investorlar hisoblariga borib tushadi.

Hisob-kitoblar Markaziy depozitariy orqali agent bank yordamida amalga oshiriladi. Bunda jismoniy shaxslarga tegishli mablag‘lar agent bankdagi shaxsiy valuta hisoblariga, tashkilotlarniki esa yuridik shaxslarning valuta hisobvaraqlariga o‘tkaziladi.

Obligatsiyalar «Toshkent» Respublika fond birjasining «Bond Market» bozorida erkin savdo uchun taklif etiladi. Ularni sotib olishda investorlar soniga cheklov qo‘yilmaydi. Bank Kuzatuv kengashi ham obligatsiyalarni mazkur bozor listingiga kiritishni ma’qullagan.

Obligatsiyalarni joylashtirish jarayoni ularning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani haqidagi xabar Korporativ axborot yagona portali va bankning rasmiy saytida e’lon qilinganidan 15 kalendar kun o‘tgach boshlanadi. Joylashtirish uchun 120 ish kunigacha vaqt ajratiladi. Har bir oraliq davrning birinchi kunida obligatsiyalar nominal qiymat bo‘yicha, keyingi kunlarda esa to‘plangan foiz daromadi qo‘shilgan holda sotiladi.

Obligatsiyalarni chiqarish va bozorga joylashtirish jarayonini «FREEDOM FINANCE» MCHJ tashkil etadi. Kompaniya ushbu jarayonda investitsiya vositachisi va anderrayter vazifasini ham bajaradi. Anderrayting «eng yaxshi harakatlar» (best efforts) tamoyili asosida olib boriladi. Ya’ni, kompaniya obligatsiyalarni investorlarga sotishga yordam beradi, ammo sotilmay qolgan qimmatli qog‘ozlarni o‘z hisobidan sotib olish majburiyatini olmaydi.

Shuningdek, bank va kompaniya o‘rtasida kelgusida bir nechta obligatsiya emissiyasini amalga oshirishga asos bo‘ladigan anderrayting bo‘yicha bosh shartnoma tuzish ham ma’qullangan.

Valutada chiqarilayotgan obligatsiyalar davlat rahbarining 2025-yil 18-dekabrdagi «Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni asosida joriy qilingan maxsus huquqiy tartib — «tartibga solish qumdoni» doirasida muomalaga chiqarilmoqda. «Poytaxt bank» ushbu maxsus rejim ishtirokchilari safiga iyul oyining oxirida qo‘shilgan.

Valutadagi obligatsiyalarni chiqarish, sotuvga joylashtirish va ularning muomalada bo‘lish qoidalari Adliya vazirligida 29-aprel kuni 3826-son bilan ro‘yxatga olingan nizomda belgilangan. Mazkur hujjatga muvofiq, bitta emitent chiqarishi mumkin bo‘lgan valutali obligatsiyalarning umumiy qiymati 50 million dollardan oshmasligi lozim. «Poytaxt bank» rejalashtirgan emissiya orqali belgilangan limitning 20 foizidan foydalanadi.

Ma’lumot uchun, «Poytaxt bank» Markaziy bank tomonidan berilgan 84-sonli litsenziya asosida faoliyat yuritadigan aksiyadorlik tijorat banki hisoblanadi. Uning bosh ofisi Toshkent shahrida joylashgan, bank 2019-yilda ish boshlagan. 2024-yilning oktabr oyida bankning davlatga tegishli 100 foiz aksiyalari Birlashgan Arab Amirliklarining «Bond Investments Limited» kompaniyasiga 10 million dollarga sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda uchta bank 40 million dollarlik obligatsiya chiqarayotgani haqida yozgan edik. Ulardan biri aynan «Poytaxt bank». Muammoli kreditlarning jami kreditlardagi ulushi bo‘yicha ham ushbu bank yana boshqa banklar bilan yuqori o‘rinlarda turibdi.

Теглар

Мавзуга оид