Prezident g‘o‘zaning 13 ta navini ishlab chiqqan olimni mukofotladi

Бугун 10:252 дақиқа

90 yoshni qarshilagan agronom Saidakbar Rahmonqulovga «Mehnat shuhrati» ordeni topshirildi.

Prezident g‘o‘zaning 13 ta navini ishlab chiqqan olimni mukofotladi

Kecha, 5-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot institutining g‘o‘za fiziologiyasi va biokimyosi laboratoriyasi mudiri Saidakbar Rahmonqulov «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.

Farmonda qayd etilishicha, olim O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini ilg‘or innovatsiyalar va zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xususan, paxtachilik yo‘nalishida muhim tadqiqotlarni amalga oshirib, yangi navlarni yaratish, tuproq unumdorligini yaxshilash, mo‘l va sifatli hosil yetishtirish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, iqtidorli yosh olimlarni tayyorlash yo‘lidagi ibratli faoliyati hamda tavalludining 90 yilligi munosabati bilan mukofotlangan.

Saidakbar Rahmonqulov kim?

Saidakbar Rahmonqulov 1936-yil 5-may Qozog‘istonning Sayram tumani Sayram qishlog‘i tug‘ilgan. U Toshkent qishloq xo‘jaligi institutining agronomiya fakultetini tamomlagan. Yosh olim sobiq ittifoq davrida Butunittifoq g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim, Ukraina Fanlar akademiyasi O‘simliklar fiziologiyasi institutida aspirant, Butunittifoq g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy-tadqiqot institutining O‘simliklar biokimyosi laboratoriya mudiri sifatida ishlagan.

Rahmonqulov mustaqillikdan so‘ng G‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, O‘zbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti bosh direktori, Toshkent davlat agrar universiteti «Qishloq xo‘jaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urug‘chiligi» kafedrasida professor bo‘lgan. U 2014-yildan beri Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri sifatida faoliyat yuritmoqda.

Ilmiy kashfiyotlari

Saidakbar Rahmonqulov ilmiy faoliyati davomida bir qancha yangi navlarni yaratgan. Ular qatorida «Istiqlol-14», «S-2118», «S-2120», «Mang‘it-1», «Mang‘it-2», «SSB-Klaster-1» kabi g‘o‘za navlari shular jumlasidandir. Ushbu navlar sanoatbop va sermoyli bo‘lib, tola chiqimi 36-40 foiz, sifati esa IV va V tip talablariga to‘liq javob beradi. Olim umumiy hisobda 13 ta g‘o‘za navlariga patent olgan.

Olimning oldingi mukofotlari

Rahmonqulov bungacha ham bir necha bor davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Xususan, «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi» unvoni, «Mehnat faxriysi» medali, «Qishloq xo‘jaligi a’lochisi», «Mustaqillikning 20 yilligi», «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi», «1-darajali murabbiy» ko‘krak nishonlari shular jumlasidandir.

Теглар

Мавзуга оид