Pul izini yashirish san’ati: Kriptovalyutalar dunyo siyosatiga ta’sir ko‘rsatmoqda
Donald Tramp kriptovalyutalarning ashaddiy tanqidchisidan ularning faol himoyachisiga aylandi. Bu orada esa uning oilasi mazkur sohadan yuzlab million dollar daromad ko‘rishni boshladi. Xo‘sh, bu shunchaki tasodifmi?
© citytraffic.ruYaqin-yaqingacha, ya’ni bundan besh yil muqaddam Donald Tramp kriptovalyutalarni "halokat" va "firibgarlik" deb atab, ularga keskin qarshi chiqqan edi. Biroq keyinchalik uning qarashlari tubdan o‘zgardi. AQSH prezidenti etib qayta saylangach, Tramp bu sohadagi cheklovlarni yumshatdi va bundan o‘zi ham manfaat ko‘rdi. Majburiy deklaratsiyaga ko‘ra, faqatgina 2025 yilning o‘zida prezident oilasi raqamli aktivlar bilan bog‘liq turli operatsiyalardan kamida 1,4 milliard dollar ishlab topgan.
Daromadning asosiy qismini, ya’ni 600 million dollardan ortig‘ini Trampga uning shaxsiy "memkoini" — hazil yoki shunchaki shov-shuv uchun chiqariladigan raqamli tanga olib keldi. Qolgan qariyb 600 million dollarni esa Trampning o‘g‘illari hamda u bilan birgalikda diplomatik topshiriqlarni bajarib kelayotgan hamkori Stiven Uitkoff bilan birga asos solgan "World Liberty Financial" platformasi ta’minladi.
Dunyo yetakchilari orasida Tramp yagona kriptoishqiboz emas. Siyosatchilarning shubhali kripto-amaliyotlarda qatnashishi ortidan kelib chiqadigan janjallar ham kamyob hodisa bo‘lmay qoldi.
Masalan, Buyuk Britaniyaning o‘ng populistik "Reform UK" partiyasi yetakchisi Naydjel Faraj Tailandda yashovchi britaniyalik kriptomilliarder Kristofer Xarborndan 5 million funt sterling qiymatidagi kriptovalyutani "sovg‘a sifatida olgani" ma’lum bo‘lgach, keskin tanqidlarga uchradi. Chexiyada esa Adliya vaziri Pavel Blajek 2025 yilda vazirlik sudlangan narkobaron tomonidan kriptovalyutada o‘tkazilgan yirik xayriya mablag‘ini qabul qilgani fosh etilgach, iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Argentina prezidenti Xaver Miley esa "$LIBRA" kriptovalyuta loyihasini targ‘ib qilishdagi ishtiroki sababli korrupsiyada ayblandi.
"Kripto" siyosiy vositasiga aylanib bormoqda
Raqamli aktivlar allaqachon jahon iqtisodiyotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Shu bois hukumatlar u yoki bu tarzda ularning muomalasi uchun huquqiy asoslarni ishlab chiqishga majbur bo‘lmoqda.
"Kriptosanoatning siyosiy maydonga ta’siri barcha yo‘nalishlarda kuchayib bormoqda va endi gap faqat homiylik badallari haqidagina borayotgani yo‘q. Biz o‘z qoidalarini o‘tkazishga urinayotgan qudratli lobbi shakllanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Siyosatchilar esa kriptovalyutalardan ham saylovoldi kampaniyalarini moliyalashtirish, ham shaxsiy boylik orttirish yo‘lida foydalanmoqda", — deb ta’kidlaydi Britaniyaning RUSI tahlil markazi ilmiy xodimi Eliza Lokxart DW bilan suhbatda.
Lokxartning so‘zlariga ko‘ra, kriptosanoat an’anaviy moliya tizimiga singib borishi va davlatlar uning faoliyatini tartibga soluvchi qonunlarni qabul qilishi bilan birga bu jarayon yanada kuchayib boraveradi.
"Крипто" tashqi siyosiy aralashuvni osonlashtiradi
Maxfiylik va tezkorlik — kriptovalyutalarning bu ikki xususiyati siyosatchilarga ajratiladigan homiylik mablag‘lari va boshqa to‘lovlarni kuzatishni oddiy bank o‘tkazmalariga nisbatan ancha murakkablashtiradi. Eliza Lokxartning so‘zlariga ko‘ra, bu holat, masalan, boshqa davlatlardagi saylov natijalariga yashirincha ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lganlarning ishini sezilarli darajada yengillashtiradi.
Boshqa davlatlardagi saylovlarga aralashuvni moliyalashtirish uchun kriptovalyutalardan foydalanishda ko‘pincha Rossiya ayblanib keladi. So‘nggi ayblovlar Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan "A7" kriptoplatformasi faoliyati bilan bog‘liq. Ushbu platformani moldovalik tadbirkor Ilan Shor (u o‘z vatanida bank tizimidan 1 milliard dollar o‘g‘irlaganlikda aybdor deb topilgach, Rossiyaga qochib ketgan) va Rossiyaning PSB banki boshqaradi. Moldovadagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinish "A7" platformasini Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishga asosiy sabablardan biri bo‘ldi.
"Blokcheyn tranzaksiya amalga oshganini qayd etadi, biroq hamyon egasining asl shaxsini yoki pulning qayerdan kelganini aniqlash hamma vaqt ham imkonli bo‘lavermaydi. Pullar yakuniy qabul qiluvchiga (masalan, siyosatchiga) yetib borguniga qadar, turli davlatlar yurisdiksiyasidagi o‘nlab hamyonlar va birjalar orqali aylanib o‘tishi mumkin ", — deb tushuntiradi ekspert.
"Kripto" siyosatdan tashqarida bo‘lishi kerakmi?
Donald Tramp oilasining kriptoaktivlar orqali yuzlab million dollar ishlab topgani uning siyosiy raqiblariga manfaatlar to‘qnashuvi haqida gapirish uchun asos yaratdi. Biroq Tramp ma’muriyati bu yerda hech qanday manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qligini, prezidentning barcha biznes aktivlarini uning o‘zi emas, balki qarindoshlari boshqarayotganini ta’kidlamoqda.
"Na prezident va na uning oilasi hech qachon manfaatlar to‘qnashuviga aralashmagan va aralashmaydi ham", — dedi Oq uy vakili Anna Kelli.
Eliza Lokxartning fikricha, Tramp oilasi bunday katta pulni uning qarorlaridan manfaatdor bo‘lgan boshqa har qanday sohada ishlab topganida ham xuddi shunday bahs-munozaralar kelib chiqqan bo‘lardi. Ekspertning ta’kidlashicha, bunday vaziyatda barcha shubhalarni bartaraf etish uchun shunchaki daromadlar haqida haqqoniy deklaratsiya to‘ldirishning o‘zi kamlik qiladi.





