Logo

Putin va Pashinyan tortishuvi: Armanistonning Yevropa Ittifoqiga intilishi Rossiya uchun nimani anglatadi?

Бугун 16:386 дақиқа

Bishkekdagi sammitda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bosh vazir Nikol Pashinyanni G‘arbga yuzlanish Armanistonning YOIIdagi ishtiroki va savdo aloqalarini izdan chiqarishidan ogohlantirdi.

Putin va Pashinyan tortishuvi: Armanistonning Yevropa Ittifoqiga intilishi Rossiya uchun nimani anglatadi? © Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni ogohlantirib, Yerevanning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish istagi Moskva bilan savdo aloqalarini izdan chiqarishi mumkinligini bildirdi.

Seshanba kuni Qirg‘iziston poytaxtida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasidagi murakkab muzokaralarda Putin ushbu masalaga to‘xtaldi. Unga ko‘ra, ikki tomonlama savdoning kelajagini belgilab olish uchun Moskva Yerevanning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish niyatiga doir aniq pozitsiyasini bilishi kerak.

Shuningdek, Putin Armanistonning Yevroittifoqqa qo‘shilishi Rossiya yetakchiligidagi postsovet davlatlarni birlashtiruvchi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) bilan aloqalarni uzishga teng bo‘lishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida Yerevan Yevropa Ittifoqiga kirish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishga qaror qilgan edi. O‘z chegaralari va Yevroittifoq o‘rtasida joylashgan qo‘shni postsovet davlatlarini muhim xavfsizlik qalqoni deb biluvchi Rossiya uchun bu qadam jiddiy kelishmovchilik sababiga aylandi.

Bishkekdagi uchrashuvda Armaniston bosh vaziri Pashinyan Yerevanning Yevroittifoqqa qo‘shilish intilishi Rossiya oldidagi majburiyatlarga zid emasligini va mamlakat YOIIdan chiqish niyatida emasligini alohida ta’kidladi.

Putin Pashinyanga nima dedi?

Kreml xabariga ko‘ra, seshanba kungi muzokaralarda Putin Rossiya Armanistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib qolayotganini, biroq Yerevanning Yevropa Ittifoqiga intilishi uning YOIIdagi ishtirokiga qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkinligini bildirgan.

«Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish istagi — mamlakat va xalqning tabiiy hamda qonuniy huquqi. Armaniston suveren davlat va o‘z taraqqiyot yo‘nalishini belgilash Armaniston xalqining ixtiyoridadir», — dedi Putin.

«Shunga qaramay, bu holat Armanistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi kelgusi ishtirokiga, shubhasiz, qiyinchiliklar tug‘diradi. Shuningdek, respublikaning YOII bozoridagi mavjud afzalliklarini yo‘qqa chiqarib, yo‘lga qo‘yilgan savdo aloqalarini uzib qo‘yish xavfini yuzaga keltiradi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Pashinyan esa, o‘z navbatida, Armanistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash haqida o‘tgan yili qabul qilgan qonuni Rossiya yoki YOII oldidagi majburiyatlarga zid emasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, bu shunchaki hukumat tomonidan Armaniston xalqiga taqdim etilgan muqobil tanlovdir.

Armaniston va Rossiya munosabatlari qay ahvolda?

1991 yili Sovet Ittifoqi tarqalib ketgach, Armaniston savdo, iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlab, Janubiy Kavkaz mintaqasida Rossiyaning eng yaqin sherigiga aylandi. Shuningdek, Armaniston uzoq vaqt davomida Rossiyaning mintaqadagi asosiy ittifoqchisi hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) a’zosi bo‘lib keldi. Mamlakat hududida Rossiya harbiy bazasi joylashgan, qolaversa, u Rossiya gaziga kuchli qaram hisoblanadi.

Bugungi kunda Rossiya Armanistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkori (tashqi savdo aylanmasida taxminan 30 foiz ulushga ega) va mamlakat iqtisodiyotiga eng ko‘p sarmoya kirituvchi davlat. Joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro savdo hajmi 2,5 milliard dollarga yetdi.

Ammo bunday iqtisodiy aloqalarga qaramay, Tog‘li Qorabog‘ mintaqasidagi tarixiy mojaroning keskinlashuvi ortidan, 2023 yildan beri ikki mamlakat munosabatlari taranglashdi.

Ukrainada urush olib borayotgan Rossiya Ozarboyjonning asosan armanlar yashagan va 1990 yillardan buyon amalda mustaqil bo‘lib kelgan Tog‘li Qorabog‘dagi yirik harbiy amaliyotiga harbiy jihatdan aralashmadi.

AQSHdagi Jerman Marshall fondining Yevropa Ittifoqi kengayishi va Yevropa xavfsizligi bo‘yicha tahlilchisi Laurentiu Pleska «Al-Jazira»ga bergan intervyusida Moskvaning 2023 yilgi Qorabog‘ urushida Yerevanni qo‘llab-quvvatlamagani Armanistonning G‘arbga yuzlanishiga sabab bo‘lganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu, o‘z navbatida, Moskvaning noroziligini keltirib chiqarib, munosabatlarning yanada yomonlashishiga olib kelgan.

«Rossiya Armaniston tovarlari importini cheklashni boshladi va unga gaz, neft mahsulotlari hamda olmoslarni bojsiz yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda», — dedi tahlilchi.

YOII qanaqa tashkilot?

Putin avvalroq Armanistonning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishini YOII talablariga zid deb baholagan edi. U agar Yerevan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilsa, Armanistonga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini tark etishga to‘g‘ri kelishidan ogohlantirgan.

YOII — sobiq Sovet Ittifoqi davlatlarining iqtisodiy va savdo siyosatini muvofiqlashtiruvchi birlashma hisoblanadi. Unga Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston a’zo. Tashkilotni tuzish bo‘yicha shartnoma 2014 yilning may oyida imzolangan va u o‘z faoliyatini 2015 yil yanvardan boshlagan.

«Chatham House» tahlil markazining 2022 yilgi hisobotida ta’kidlanishicha, YOII aslida Rossiya boshchiligida Yevropa Ittifoqining Yevroosiyodagi muqobilini yaratishga qaratilgan bir urinishdir.

Xo‘sh, nega Armanistonning Yevroittifoqqa intilishi Rossiya va YOII uchun keskinlik nuqtasiga aylandi?

«Chatham House» hisobotiga ko‘ra, YOII Rossiya uchun muhim geosiyosiy maqsadga xizmat qiladi.

«Putin mazkur tashkilotga Sovet Ittifoqi tarqalib ketishi oqibatida yo‘qotilgan Rossiyaning ta’sir doirasini qayta tiklashga qaratilgan harakatlarning bir qismi sifatida qaraydi», — deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari.

Shu bois, Kreml nazarida Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish istagi Rossiyaning mintaqadagi hukmronligidan chiqib ketishga bo‘lgan urinishni anglatadi.

Iyun oyida Pashinyan Moskvaning Yevropa Ittifoqiga kirish maqsadida YOIIdan chiqish bo‘yicha zudlik bilan referendum o‘tkazish haqidagi chaqirig‘ini rad etdi.

29-may kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan YOII sammitida keskinlik o‘z cho‘qqisiga chiqdi. Putin va tashkilotning boshqa a’zolari — Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Armanistonni «imkon qadar tezroq» referendum o‘tkazishga chaqiruvchi qo‘shma bayonot berdi.

Putin YOII sammitida deyarli ochiq tahdid ohangida gapirib, Armanistonni G‘arb sari intilishdan ogohlantirdi. U Rossiyaning Ukrainadagi urushini eslatib, «Ukraina ssenariysi» ham Kiyevning Yevropa Ittifoqiga intilishidan boshlanganini alohida ta’kidladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videomurojaatida Pashinyan Putinga javob qaytardi. U ikki blok o‘rtasidagi tanlov «muqarrar bo‘lib qolmaguncha», uning hukumati YOII doirasida ishlashda davom etishini aytdi. Shuningdek, Armaniston Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olish uchun rasman ariza bermagunicha, har qanday referendum shunchaki nazariy masala bo‘lib qolishini qayd etdi.

«Nazariy tanlovni referendumga olib chiqish mantiqqa ham, asosga ham ega emas», — degan edi Pashinyan.

Biroq SHHT sammitida u Yerevanning YOIIdan chiqish niyati yo‘qligini yana bir bor ta’kidlab, Yerevan doimo Moskva bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab kelganini bildirdi.

Siyosiy tahlilchi Pleskaning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonning zamirida Armanistonning strategik yo‘nalishi bo‘yicha ikki front o‘rtasidagi tortishuv yotibdi.

«Biroq Yevropa Ittifoqiga moyil pozitsiya allaqachon aniq bo‘lib ulgurgan va Moskva uni ortga qaytarmoqchi. Iyun oyidagi parlament saylovlarida siyosiy yo‘l bilan bunga erisha olmagach, endi u iqtisodiy shantaj orqali o‘z maqsadiga yetmoqchi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Armanistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari paytida Moskva Pashinyan hukumatiga iqtisodiy va diplomatik bosim o‘tkazib, vaziyatni o‘z foydasiga hal qilishga uringanlikda ayblangan edi.

Uning qayd etishicha, garchi Armaniston Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha qonuniy huquqqa ega bo‘lsa-da, YOII bojxona ittifoqida qola turib buni amalga oshirishi huquqiy jihatdan noaniqlikni yuzaga keltiradi.

«A’zo davlatni tashkilotdan chiqarib yuborish mexanizmi yo‘q. Qolaversa, Armaniston tashkilotdan chiqish haqida olti oylik bildirishnomani bergani yo‘q. Shu sababli, Yevropa Ittifoqiga intilish YOII oldidagi majburiyatlarni o‘z-o‘zidan buzmaydi. Yerevan ayni paytda xuddi mana shu tuzoqdan chiqishga urinmoqda, ya’ni hozircha har ikki lagerda bir oyog‘ini saqlab turibdi, Moskva esa buning imkonsiz ekanini ta’kidlamoq», — dedi Pleska.

Tahlilchining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya uchun Armanistonning Yevropa Ittifoqiga intilishi, eng avvalo, Janubiy Kavkaz mintaqasidagi muhim tayanch nuqtasini yo‘qotish xavfini anglatadi.

Теглар

Мавзуга оид