Logo

Qamoqdan frontgacha: o‘zbekistonliklar Rossiya urushiga qanday jalb qilinmoqda?

73 ta sud ishi, o‘nlab singan taqdirlar va bir xil ssenariy. VAQT.UZ sud hujjatlari asosida Rossiyaga ishlash uchun ketgan ayrim o‘zbekistonliklar Ukrainadagi urushga qanday jalb qilingani va bu qarorlar ularning taqdiriga qanday ta’sir qilganini o‘rgandi.

Qamoqdan frontgacha: o‘zbekistonliklar Rossiya urushiga qanday jalb qilinmoqda?

2026 yilning 8-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yollanuvchilik bilan bog‘liq kamida 73 ta jinoyat ishi ko‘rilgan. Faqat may oyining o‘zida beshta, iyun oyining birinchi haftasida esa yana uchta shunday ish bo‘yicha sud hukmi o‘qilgan.

VAQT.UZ tanishgan sud hujjatlari mazkur ishlar ortida o‘xshash ssenariylar takrorlanayotganini ko‘rsatadi. Rossiyaga tirikchilik ilinjida ketgan o‘zbekistonliklar qamoqxona, migratsiya muammolari, qarzdorlik yoki aldov sxemalari orqali Ukrainadagi urushga jalb qilinmoqda.

«20 yil qamoq yoki front»

14-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudida 28 yoshli A.S.ga nisbatan chiqarilgan hukm shunday ishlardan biri bo‘ldi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, andijonlik A.S. 2024 yilda ishlash uchun Rossiyaga ketgan. Sankt-Peterburgda ijara avtomobilida yo‘lovchi tashib yurgan vaqtda uning hayoti kutilmaganda keskin o‘zgaradi.

2025 yil bahorida Yekaterinburg shahrida politsiya uning avtomobilini to‘xtatadi. Avtomobilda bo‘lgan Tojikiston fuqarosining sumkasidan giyohvandlik moddasi chiqqan. Yo‘lovchi mazkur modda o‘ziniki ekanini aytganiga qaramay, A.S. ham qo‘lga olinadi.

Sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, u ikki oylik qamoqqa jo‘natiladi va tergov izolyatorida saqlanadi. Uning aytishicha, 38 kun davomida undan giyohvandlik moddasi o‘ziniki ekanini tan olish talab qilingan. Keyin esa xavfsizlik xizmati xodimlari avtomobil yoqilg‘i bakidan yana 3,5 kilogramm giyohvandlik moddasi chiqqanini aytib, unga 20 yil yoki hatto umrbod qamoq jazosi bilan tahdid qilgan.

Shundan keyin A.S.ga boshqa taklif berilgan: Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolash, urushda qatnashish va evaziga jazodan qutulish hamda Rossiya fuqaroligini olish.

«Muntazam bosim va qiynoqlar sabab rozi bo‘ldim», degan u sudda.

Bu yagona holat emas.

VAQT.UZ o‘rgangan boshqa sud ishlarida ham qamoqxonalardan yollash holatlari takrorlanadi. Masalan, samarqandlik D.H Chelyabinsk qamoqxonasida giyohvandlik ishi bo‘yicha jazo o‘tayotgan vaqtda harbiy kontraktga jalb qilingan. Sud materiallarida mahkumlarga karser (shaxsni ma’lum muddatga alohida xonada yolg‘iz saqlash tarzidagi intizomiy jazo), ochlik va turli bosim usullari qo‘llangani qayd etilgan.

Ko‘rinib turibdiki, aynan qamoqxonalar Rossiya armiyasi uchun inson resurslarini to‘ldirish manbalaridan biriga aylangan.

Million rubllik va’dalar

Sud hujjatlarida takrorlanadigan yana bir jihat — bu katta pul va fuqarolik va’dalari.

A.S. bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, unga har oy 180 ming rubl maosh to‘lanishi, halok bo‘lsa oilasiga 7 million rubl, jarohatlansa 1 million rubl kompensatsiya berilishi kerak edi.

22 kunlik tayyorgarlikdan keyin u Lugansk viloyatidan Belgorod viloyatiga yuborilgan. Sud materiallariga ko‘ra, bu vaqtda uning hisob raqamiga jami 2,5 million rubl tushgan.

Boshqa ishlarda ham oyiga 200–210 ming rubl maosh, bir martalik to‘lovlar va Rossiya fuqaroligi va’da qilingani qayd etilgan.

Biroq real sud ishlariga tayanib, tahlil qilinsa, aksar hollarda bu va’dalar bajarilmaganini ko‘rish mumkin.

Frontda o‘zbekistonliklar nima qilgan?

Sud qarorlariga ko‘ra, ular faqat oddiy askar sifatida qatnashmagan. Tahlil qilingan ishlarda dron operatorlari, razvedkachilar, ta’minot tashuvchilari, shturm bo‘linmalari a’zolari, haydovchilar va hatto oshpazlar ham uchraydi.

Masalan, A.S. Ukrainadagi Volchansk yo‘nalishiga yuborilgan. Ikki hafta davomida halok bo‘lgan va yaralangan harbiylarni evakuatsiya qilish bilan shug‘ullangan. Keyin esa «Severnыy veter» otryadi tarkibidagi shturm rotasiga biriktirilgan.

«2025 yil 14-oktabr kuni Volchansk shahri uchun bo‘lgan janglarda qatnashdim. Bu frontdagi birinchi jangovar ishtirokim edi», degan u sudda.

Biroq hamma ham A.S. kabi tirik qaytmagan yoki jarohatsiz qutulmagan.

D.H.ning sud ishida qayd etilishicha, u birinchi jangovar chiqishidayoq og‘ir yaralangan. Uning yonidagi to‘rt nafar harbiy halok bo‘lgan, o‘zi esa chap qo‘lidan ayrilgan. Keyinchalik 5-marta operatsiyani boshdan kechirgan.

Sudlarda ko‘rilgan boshqa ishlarda ham dron hujumlari, artilleriya zarbalari va o‘qotar qurollardan yetgan jarohatlar tez-tez uchraydi. Ayrim fuqarolar frontdan chiqib ketish uchun o‘zlariga qasddan jarohat yetkazganini ham tan olgan.

Urushga bormay turib javobgarlikka tortilganlar ham bor

Barcha holatlar frontgacha yetib bormagan. Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi 25 yoshli J.Z.ning ishi buning yaqqol misoli bo‘la oladi.

Sud materiallariga ko‘ra, u onlayn qimor o‘yinlari sabab qarzdor bo‘lib qolgan va WhatsApp orqali tarqatilgan harbiy reklamaga qiziqqan. Urushga ketish uchun hatto aviachipta ham sotib olgan.

Biroq onasi uning rejasidan xabar topib, pasportini yashirib qo‘ygan va ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Natijada u Rossiyaga keta olmagan. Sud mazkur holatni tugallanmagan jinoyat deb baholab, 4 yil ozodlikdan cheklash jazosini belgilagan.

Yana bir ishda esa Farg‘ona viloyatilik R.E. tanishi tomonidan «haydovchilik ishi» bahonasida aldanib, harbiy kontrakt imzolaganini aytgan. U bir yillik shartnomani to‘liq o‘tab, keyin O‘zbekistonga qaytgan. Sud tomonidan iqrorlik va oiladagi yagona boqib turuvchi hisobga olingan holda 3 yil qamoq jazosi tayinlangan.

Ekspertlar nima deydi?

Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Botirjon Shermuhammad VAQT.UZ’ga bergan intervyusida so‘nggi yillarda Rossiyada narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarda ushlanayotgan xorijliklar soni keskin oshganini bildirgan.

Uning fikricha, bu holatni faqat migrantlarning aybi bilan izohlash to‘g‘ri emas.

«Bir yil ichida jinoyatlar sonining 30–50 foizga oshishi tabiiy jarayon emas. Bu yerda faqat migrantlarni ayblash emas, balki Rossiyadagi umumiy vaziyatni ham tahlil qilish kerak», deydi u.

Ekspertning aytishicha, Rossiyada qabul qilingan ayrim huquqiy mexanizmlar mahkumlar va gumon qilinuvchilarni harbiy xizmatga jalb qilish uchun ham xizmat qilmoqda. Urush sharoitida davlatning qo‘shimcha inson resursiga bo‘lgan ehtiyoji ortib borgani sababli tergov izolyatorlari va qamoqxonalarda saqlanayotgan shaxslarga harbiy kontraktlar faol taklif qilingan.

Sud hujjatlarida ham giyohvandlik yoki boshqa jinoyatlarda gumon qilinib ushlangan, keyin esa «qamoq yoki front» tanlovi oldida qolgan o‘zbekistonliklar haqidagi ko‘rsatmalar tez-tez uchraydi. Bu esa urushga jalb qilish tizimi faqat reklama va moliyaviy va’dalar bilan cheklanmasligini ko‘rsatadi.

Advokat Abrorbek Qadamov esa xorijda jinoyat ishlariga jalb qilingan fuqarolarni advokat ishtirokisiz hech qanday hujjatga imzo qo‘ymaslikka chaqirdi. Shuningdek, u harbiy yollashga qaratilgan internet resurslarini taqiqlangan materiallar ro‘yxatiga kiritish mumkinligini bildirdi.

Frontdan sud zaligacha

Sud hujjatlarida qayd etilgan voqealar mazkur fikrlarning amalda qanday ishlashini ko‘rsatadi. Xususan, maqola boshida tilga olingan andijonlik A.S. ham frontga yuborilgandan keyin aynan shunday vaziyatga duch kelgan. 2026 yil yanvar oyida A.S. yana frontga yuborilishini bilib qolgan.

Shundan keyin u avval frontdan qochib ketgan andijonlik tanishi bilan bog‘langan. Tanishi unga yo‘l ko‘rsatgan va 50 ming rubl yuborgan.

A.S. harbiy bazadan chiqib ketadi, o‘rmon orqali Belgorod viloyatiga yetib boradi va u yerdan Moskvaga yo‘l oladi. Keyin O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, qaytish uchun hujjat rasmiylashtiradi.

2026 yil 20-yanvar kuni u O‘zbekistonga qaytgan.

Oradan ikki hafta o‘tgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uni so‘roqqa chaqirgan. Telefonidagi harbiy formada tushgan suratlar va boshqa dalillar keyinchalik jinoyat ishining asosiy isbotlaridan biriga aylangan.

Sud A.S.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi birinchi qismi — yollanuvchilikda aybdor deb topdi.

Biroq uning aybiga iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va oilada yagona boquvchi ekani inobatga olindi.

Natijada sud unga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi va ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolinishi haqida qaror qabul qilgan.

O‘zbekiston vaziyatga qanday pozitsiyada?

Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Botirjon Shermuhammadning fikricha, Rossiya armiyasiga qo‘shilayotgan o‘zbekistonliklarning barchasini ongli ravishda urushga borishni istagan odamlar sifatida baholash to‘g‘ri emas.

Ayrim hollarda qaror qabul qilishga katta pul va’dalaridan tashqari axborot yetishmasligi ham ta’sir qilmoqda.

«Juda ko‘pi pulga qiziqib ketyapti, aslida. Lekin odamlarda ma’lumot yetishmasligi ham bor. Ular Rossiyaning axborot maydonida yashayapti. U yerda urushning og‘ir oqibatlari, qancha odam halok bo‘layotgani, qanday vaziyatlar yuz berayotgani ko‘rsatilmaydi», — deydi ekspert.

Ukrainadagi urushda qatnashgan yoki halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar haqida rasmiy statistika ochiq emas. Natijada ko‘pchilik faqat frontdan qaytib kelib moddiy ahvolini yaxshilaganlar haqidagi hikoyalarni ko‘radi, ammo urushning haqiqiy bahosi haqida yetarli ma’lumotga ega emas.

Uning fikricha, davlat organlari asosan ogohlantirish bilan cheklanib qolmoqda. Ilgari Suriyadagi qurolli tuzilmalarga qo‘shilish holatlariga qarshi keng qamrovli targ‘ibot ishlari olib borilgan bo‘lsa, bugun Rossiya-Ukraina urushi masalasida bunday keng jamoatchilik kampaniyasi kuzatilmayapti.

«Hech bo‘lmaganda televideniye va boshqa ommaviy platformalarda halok bo‘lganlar yoki frontdan qaytganlarning yaqinlari bilan intervyular tashkil qilinishi, urushning haqiqiy oqibatlari ko‘rsatilishi kerak. Odamlar faqat katta pul va’dalarini eshitmasligi, balki bu qaror ortida qancha qurbonlar turganini ham bilishi lozim.

Agar qancha o‘zbekistonlik ketgani, qanchasi halok bo‘lgani va qanchasi tirik qaytgani haqidagi ma’lumotlar ochiq e’lon qilinsa, ko‘pchilik bu takliflarga boshqacha qaray boshlardi. Chunki va’da qilingan pulga hamma ham yetib bormaydi: tirik qaytsangizgina undan foydalanishingiz mumkin.

Boshida hatto halok bo‘lganlarning yaqinlari bilan intervyular tashkil etishga qarshiliklar ham bo‘lgan, ularga turli idoralar tomonidan OAVga chiqmaslik tavsiya qilingan holatlar uchragan. Ko‘plab nashrlar bu masala haqida faqat sud hujjatlariga tayanib axborot beryapti», — dedi Botirjon Shermuhammad.

Shu bilan birga, Shermuhammad Rossiyaning O‘zbekiston hududida ham faoliyat yuritayotgan ayrim internet platformalarida harbiy xizmatga jalb qilish reklamalari ochiq tarqatilayotganiga e’tibor qaratdi.

«Ochiqchasiga reklama chiqyapti. 4 million rubldan bir martalik to‘lov, 210 ming rubldan oylik maosh degan takliflar berilmoqda. Bu reklamalarni O‘zbekiston hududida ham ko‘rish mumkin», — deydi u.

Ekspertning fikricha, O‘zbekiston qonunchiligida yollash va yollanish taqiqlangan ekan, bunday reklamalarning mamlakat hududida tarqalishiga qarshi aniq mexanizmlar ishlab chiqilishi lozim.

«Avvalo, Rossiya tomoniga “bizning fuqarolarimizni harbiy xizmatga jalb qilmang” degan qat’iy talab qo‘yilishi kerak. Masalan, Hindiston shunday yo‘l tutdi va natijada uning ayrim fuqarolari qaytarib berildi. Bundan tashqari, Odnoklassniki, VKontakte, Yandex, Mail.ru kabi platformalarda O‘zbekiston hududidan kirgan foydalanuvchilarga Rossiya armiyasi bilan shartnoma tuzishga chaqiruvchi reklamalar chiqmoqda. Ularda bir martalik to‘lovlar, yuqori maosh va boshqa imtiyozlar ochiq ko‘rsatilgan. Bu reklamalarning kim tomonidan joylashtirilgani ham ma’lum. Shuning uchun mazkur platformalardan O‘zbekiston hududida bunday materiallarni tarqatmaslikni talab qilish texnik jihatdan qiyin ish emas. Ammo hozircha bunday choralar ko‘rilganini ko‘rmayapmiz», — dedi Botirjon Shermuhammad.

VAQT.UZ’ning bu safargi tahlili yuqori maosh, Rossiya fuqaroligi yoki jazodan qutulish haqidagi va’dalar ko‘p hollarda front, jarohat yoki sud hukmi bilan yakunlanganini ko‘rsatmoqda. Shu bois fuqarolardan bunday takliflarga ishonmaslik, huquqiy oqibatlarni oldindan baholash va zarur holatlarda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari hamda davlat idoralariga murojaat qilish so‘raladi. Davlat esa, o‘z navbatida, yollash reklamalari va fuqarolarni urushga jalb qilish holatlariga qarshi faqat sud amaliyoti bilan cheklanib qolmasdan, qat’iy siyosiy iroda namoyon qilishi, o‘z fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash uchun xorijiy davlatlar va platformalar bilan tizimli ish olib borishi, bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni ishlab chiqishi lozim.

Maftuna Yaxshilikova tayyorladi

Теглар

Мавзуга оид