Qirg‘iziston banklariga kriptovalyuta savdosiga ruxsat berilishi mumkin

Бугун 17:152 дақиқа

Qirg‘izistonda banklar va moliya tashkilotlariga kriptovalyutalarni sotib olish, sotish va ayirboshlash xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berish taklif qilinmoqda.

Qirg‘iziston banklariga kriptovalyuta savdosiga ruxsat berilishi mumkin © Envato Elements

Qirg‘iziston hukumati virtual aktivlar bozorini legallashtirish va uni an’anaviy moliya tizimiga integratsiya qilishni maqsad qilgan yangi qonun tashabbusini ilgari surmoqda. «24.kg» nashri xabar berishicha, hujjat «Virtual aktivlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasida qaysi tashkilotlarga ruxsat beriladi

Qonun loyihasi qabul qilinsa, banklar, nobank moliya-kredit tashkilotlari hamda Qirg‘iziston Milliy banki nazoratidagi boshqa yuridik shaxslarga kriptovalyutalar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirishga rasman ruxsat beriladi. Ular kriptoaktivlarni sotib olish, sotish va ayirboshlash xizmatlarini taklif qilishi mumkin bo‘ladi.

Joriy tartib qanday?

Hozirgi tartibga ko‘ra, mazkur tashkilotlarga faqat virtual aktivlarni saqlash, o‘tkazish va boshqarish bilan bog‘liq ayrim xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat etilgan. Kriptovalyutalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish yoki ayirboshlash operatsiyalari esa hozircha taqiqlangan.

Hukumat fikricha, yangi qoidalar virtual aktivlar aylanmasini kengaytirish, operatsiyalar shaffofligini oshirish va kriptovalyutalarni rasmiy moliya tizimiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tashabbus soliq tushumlari ko‘payishi, xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi va fintex sohasida yangi ish o‘rinlari yaratilishiga turtki berishi mumkin.

Hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Qirg‘izistonda fuqarolar va biznes vakillarining kriptovalyutalarga qiziqishi sezilarli darajada oshgan. Rasmiylar bank xizmatlarini kengaytirish virtual aktivlar bozorini tartibga solish va uni qonuniy maydonga olib chiqishga yordam berishini ta’kidlamoqda.

Теглар

Мавзуга оид