«Qizil holat» va E-ijara: soliq tizimidagi mavhumliklarga chek qo‘yiladimi?

Soliq tizimidagi «qizil holat» va hukumatning 595-sonli qarori bilan bog‘liq muammolar yana muhokama markaziga ko‘chdi. Tadbirkorlarga nisbatan asossiz jazolarni bekor qilish va QQS guvohnomasini o‘chirish tartibini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.

«Qizil holat» va E-ijara: soliq tizimidagi mavhumliklarga chek qo‘yiladimi?

2026-yil 6-aprel kuni Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman hamda Soliq qo‘mitasi tomonidan soliq maslahatchilari, auditorlar va buxgalterlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori amaliyotda qo‘llanilishi, jarimalar, tekshiruvlar hamda QQS guvohnomasi bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Ye-ijara masalasi: ijara shartnomasi yo‘qligi avtomatik muammo hisoblanmasligi kerak

Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov ta’kidlashicha, QQS bo‘yicha «ijarada yo‘q» degan masala noto‘g‘ri talqin qilinayotgan holatlar bor. Agar ijara shartnomasi elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa, bu holat avtomatik ravishda mulk yoki tovar «omborda yo‘q» deb hisoblanishiga olib kelmasligi kerak.

Taklifga ko‘ra, ye-ijara bilan bog‘liq bunday holatlar faqat Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori doirasida, ya’ni QQSni qaytarish jarayonida ko‘rib chiqilishi lozim. Oddiy sayyor tekshiruvlarda esa buni asos qilib tadbirkorni jazolash mumkin emas.

Shu bilan birga, hatto 595-qaror asosida kamchilik aniqlangan taqdirda ham tadbirkorga nisbatan jazo choralari qo‘llanmasligi kerak. Ya’ni, QQS qaytarish bo‘yicha ariza «muvofiq emas» deb topilib rad etiladi, lekin qo‘shimcha soliq va jarimalar hisoblanmaydi. Bu orqali tadbirkorlarning QQS qaytarish uchun murojaat qilishdan qo‘rqishi kamaytirilishi maqsad qilingan.

Yana bir muhim masala — QQS guvohnomasining avtomatik ravishda nofaol holatga o‘tkazilishi. Taklifga ko‘ra, bunday qarorlar faqat avtomatik tarzda emas, balki mas’ul shaxs nazorati ostida qabul qilinishi kerak. Agar QQS kaliti o‘chirilgan bo‘lsa, u bir oy ichida qayta tiklanishi shart. Soliq organlaridagi kechikishlar tadbirkor zimmasiga yuklanmasligi lozim.

Shuningdek, «tovar nomutanosibligi» kabi umumiy va noaniq sabablar bilan QQS guvohnomasini o‘chirish amaliyoti ham tanqid qilindi. Endi bunday holatlarda aniq qaysi tovarda qanday nomutanosiblik borligi ochiq va tushunarli tarzda ko‘rsatilishi talab etilmoqda.

Qisqacha aytganda, ilgari surilgan takliflar tadbirkorni jazolash emas, balki uni tushunish, xatolarni bartaraf etish va soliq tizimini yanada adolatli qilishga qaratilgan.

 

«Qizil holat» mezonlari nega tushunarsiz?

Uchrashuv davomida tadbirkorlar elektron hisobvaraq-fakturalarning «qizil holat»ga tushish mezonlari ochiq emasligi bo‘yicha muammoni ko‘tarishdi. Masalan, bir korxona bir xil mahsulotni bir kunda 10 ta xaridorga sotadi. Natijada 4 ta hisobvaraq «yashil» yoki «ko‘k» chiqadi, 4–5 tasi esa «qizil» holatda chiqadi.

Eng qizig‘i, mahsulot ham bir xil, sotuvchida ham, xaridorda ham QQS zanjirida uzilish yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, natija turlicha chiqmoqda. Bu esa asosiy savolni keltirib chiqaradi: soliq tizimi qaysi mezonlarga qarab hisobvaraqni «qizil» yoki «yashil» deb baholayapti?

Qayd etilishicha, yangi tizim avvalgi «tax-gap»dan ham murakkab bo‘lib, ayrim holatlarda hatto mutaxassislar ham hisobvaraq nega «qizil» toifaga tushganini tushuntirib bera olmayotgani aytildi. Shu bois tadbirkorlar 2026-yil 1-yanvardan joriy etilgan, hisobvaraqlarni real vaqtda tahlil qiluvchi ushbu tizimni qayta ko‘rib chiqish yoki bekor qilish taklifini ilgari surdi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qaroriga tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlovchi yengillashtiruvchi normalar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga kelishildi.

 

Elektron hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha cheklovlar

Ochiq muloqot davomida elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq jiddiy muammolar ko‘tarildi. Ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori hozir tadbirkorlar uchun eng «og‘riqli» masalalardan biriga aylangan.

Xususan, avvalgi amaliyotda QQS guvohnomasi soliq organi tomonidan to‘xtatilsa, tadbirkor hisobvaraq-faktura ham yoza olmasdi. Ya’ni, faoliyat amalda to‘liq to‘xtab qolardi. Keyinchalik bu cheklov yumshatilib, tadbirkorlarga hisobvaraq yozish imkoniyati qayta berildi. Biroq muammo to‘liq hal etilmagan.

Ma’lum qilinishicha, tadbirkorlarda qonun bo‘yicha 3 yil davomida hisobvaraqlarni qayta taqdim etish yoki xatolarni tuzatish huquqi mavjud. Ammo amalda Soliq qo‘mitasi tomonidan bunday harakatlarga cheklovlar saqlanib qolmoqda. Hatto sud tomonidan QQS guvohnomasini bekor qilish qarorlari haqiqiy emas deb topilgan taqdirda ham, tadbirkorlar na hisobvaraq kirita olmoqda, na o‘z hisobotlarini to‘g‘rilay olmoqda.

Yana bir jiddiy muammo — 595-qaror asosida «kirimda tovar yo‘q» degan holatda joriy etilgan cheklovlar amalda noto‘g‘ri qo‘llanilayotgani bilan bog‘liq. Qoidaga ko‘ra, agar yetkazib beruvchida mahsulot mavjud bo‘lmasa, hisobvaraq rasmiylashtirish cheklanishi kerak. Biroq amalda bunday holatlarda javobgarlik aybdor yetkazib beruvchiga emas, balki tovarni halol sotib olgan tadbirkor zimmasiga yuklanib qolmoqda.

Ta’kidlanishicha, ayrim holatlarda «xavfli» yoki soxta korxonalar orqali amalga oshirilgan operatsiyalar oqibatida soliq majburiyatlari halol tadbirkorlarga yuklanyapti. Bu esa adolat tamoyillariga zid ekani qayd etildi.

Masalan, sud amaliyotida hatto yirik tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar ham «qalbaki» deb topilgan holatlar kuzatilgan. Natijada, tadbirkorlar uzoq sud jarayonlariga tortilib, mablag‘lari bir necha oylab, hatto bir necha yillab qaytarilmay qolmoqda.

Shuningdek, sud qarorlari ijrosi bilan bog‘liq muammolar ham tilga olindi. Ayrim holatlarda sud QQS guvohnomasini tiklash bo‘yicha qaror chiqargan bo‘lsa-da, u amalda bajarilmayotgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, qaror doirasida kirim qilinmagan tovarlar bo‘yicha hisobvaraqlar rasmiylashtirilishi holatlari mavjud ekani inobatga olinib, mazkur tizimning ishlash mexanizmini Soliq qo‘mitasi mutaxassislari bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqishga kelishildi. Umuman olganda, tadbirkorlar soliq tizimidagi cheklovlar va jazolar emas, balki aniq, adolatli va tushunarli qoidalarni talab qilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид