Qozog‘iston Rossiya elektridan voz kechishini ma’lum qildi

Бугун 09:092 дақиқа

Qozog‘iston yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish orqali 2027 yildan Rossiya elektr energiyasi importidan to‘liq voz kechmoqchi.

Qozog‘iston Rossiya elektridan voz kechishini ma’lum qildi © Getty images

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanovga ko‘ra, rejalashtirilgan barcha energetika obyektlari o‘z vaqtida ishga tushirilsa, mamlakat Rossiya elektr energiyasisiz ham ishlay oladi. Buning uchun atom elektr stansiyasi qurilishi tugallanishini kutish talab etilmaydi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Qozog‘istonda 123,1 milliard kW/h elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Iste’mol esa 124,6 milliard kW/hni tashkil etgan. Hozirda mamlakat elektr tanqisligining bir qismini Rossiya importi orqali qoplamoqda. Shu bilan birga, sotib olingan elektr energiyasining ma’lum qismi Qirg‘izistonga qayta eksport qilinayotgani ham ma’lum qilindi.

Rossiya o‘rniga Singapur

Aprel oyida «Samruk-Energo» rahbari G‘ayrat Maqsudov Qozog‘iston uchta issiqlik elektr stansiyasi qurilishi uchun Rossiya o‘rniga Singapur kompaniyalarini tanlaganini ma’lum qilgandi. Semey, Ust-Kamenogorsk va Ko‘kchatov shaharlarida quriladigan obyektlar mamlakat energetik mustaqilligini kuchaytirishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Ko‘kchatov shahridagi loyiha Rossiya ishtirokisiz boshlangan. Rasmiylar bunga Moskva tomonidan imtiyozli moliyalashtirish bo‘yicha kafolatlar taqdim etilmaganini sabab qilib ko‘rsatgan.

Shuningdek, Qozog‘iston 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan milliy dastur doirasida sakkizta yangi elektr stansiyasi qurish va 11 tasini modernizatsiya qilishni rejalashtirgan. Bu orqali elektr ishlab chiqarish hajmi va samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Ilk atom elektr stansiyasi

Ayni paytda Rossiya va Qozog‘iston mamlakatdagi ilk atom elektr stansiyasini qurishni boshlagan. Uning 2035–2036 yillarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Qozog‘iston kelajakda jami uchta AES qurishni maqsad qilgan bo‘lib, ulardan biri Xitoy ishtirokida barpo etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Sungat Yesimxanov mamlakatda elektr energiyasi narxlari o‘rtacha 4–5 foizga oshishi ehtimoli borligini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflarning oshishi energetika kompaniyalarining qarzlari bilan bog‘liq bo‘lib, ularning umumiy hajmi 37 mlrd tengedan (80 ming dollar) ortiq.

Теглар

Мавзуга оид

Qozog‘iston Rossiya elektridan voz kechishini ma’lum qildi | Vaqt.uz