Qozog‘iston va yana olti davlat neft qazib olishni oshirishga kelishib oldi
Ushbu davlatlar OPEK+ a’zolari hisoblanadi. Tashkilot neft qazib olish kvotalarini oshirish yoki kamaytirish orqali jahon neft narxlariga ta’sir ko‘rsatadi. Neft narxi esa eksportchi davlatlar budjeti daromadlari, milliy valutalar kursi, yoqilg‘i narxi va hatto jahon inflatsiyasiga ham ta’sir qiladi.
© depositphotos.comNeft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (OPEK+) a’zo bo‘lgan va neft qazib olishni ixtiyoriy ravishda cheklab kelayotgan yetti davlat jahon neft bozoridagi vaziyatni muhokama qilish uchun onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Iroq, Quvayt, Qozog‘iston, Jazoir va Ummon 2026-yil sentabr oyidan boshlab neft ishlab chiqarish hajmini kuniga 188 ming barrelga oshirish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda tashkilot sahifasida xabar berildi.
Davlatlar jahon neft bozorida talab va taklif muvozanatini saqlash hamda bozor barqarorligini ta’minlashga sodiq ekanini bildirdi. Shuningdek, sentabrdagi ushbu o‘zgarish avvalgi cheklovlar natijasida qisqargan neft hajmlarini tezroq qoplash imkonini berishi ta’kidlandi.
E’lon qilingan jadvalga ko‘ra, Qozog‘istonning sentabr oyidagi neft qazib olish kvotasi kuniga 1,628 million barrelni tashkil etadi. Eng yuqori kvotalar Saudiya Arabistoni (10,478 million barrel) va Rossiya (9,949 million barrel) hissasiga to‘g‘ri keladi. Eng kichik kvota esa Ummon uchun belgilangan. Tashkilotning ushbu yetti davlati ishtirokidagi navbatdagi vazirlar yig‘ini 2026-yil 6-sentabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
OPEK+ nima?
OPEK+ — neft eksport qiluvchi yirik davlatlardan tashkil topgan xalqaro alyans. Uning tarkibiga OPEKning 12 ta doimiy a’zosi hamda Qozog‘iston va Rossiya kabi 10 ta mustaqil neft ishlab chiqaruvchi davlat kiradi. Alyansning asosiy vazifasi — neft qazib olish hajmini muvofiqlashtirish orqali jahon bozorida talab va taklif o‘rtasidagi muvozanatni saqlash.
OPEK+ neft qazib olish kvotalarini oshirish yoki kamaytirish orqali jahon neft narxlariga ta’sir ko‘rsatadi. Neft narxi esa eksportchi davlatlar budjeti daromadlari, milliy valutalar kursi, yoqilg‘i narxi va hatto jahon inflatsiyasiga ham ta’sir qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo iqtisodiyoti 2026-yilda 6,5 foizdan ortiq o‘sishi haqida yozgan edik. Ular orasida energiya resurslarini eksport qiluvchi Qozog‘iston yuqori neft narxlari hisobiga qo‘shimcha daromad oladi.