Logo

«Rejadan ortig‘ini oilamga olib borishim kerak deb haydovchilar poyga o‘ynashardi» — Transport vazirligi naqd to‘lov bekor qilinishi sababini tushuntirdi

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, Toshkentda naqd to‘lov tizimi bekor qilinib, haydovchilar uchun kunlik reja amaliyoti tugatilgan. Shuningdek, yo‘lovchilar to‘lovlari hisobidan qoplanadigan transport xarajatlari ulushi 30–32 foizdan 40 foizdan oshgan.

«Rejadan ortig‘ini oilamga olib borishim kerak deb haydovchilar poyga o‘ynashardi» — Transport vazirligi naqd to‘lov bekor qilinishi sababini tushuntirdi

Toshkentda jamoat transportida naqd to‘lov tizimining bekor qilinishi haydovchilar o‘rtasidagi yo‘lovchi talashish holatlarini kamaytirish va tushumlarni avtomatlashtirishga xizmat qilgan.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning aytishicha, naqd pulsiz to‘lov tizimiga o‘tilgach, jamoat transporti xarajatlarining yo‘lovchilar to‘lovlari hisobidan qoplanadigan ulushi 30–32 foizdan 40 foizdan yuqori darajaga ko‘tarilgan, deya xabar bermoqda Vaqt.uz muxbiri.

Haydovchilar o‘rtasidagi «poyga»ga chek qo‘yildi

Omarovning ta’kidlashicha, avval haydovchilar ko‘proq yo‘lovchi olish va kunlik rejani bajarish maqsadida o‘zaro raqobatlashgan. Bu esa yo‘l harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi.

«O‘tgan yili Toshkent shahrida naqd to‘lov tizimini umuman bekor qilganmiz. Bu naqd to‘lov tizimi nima? Baribir haydovchilar tomonidan ko‘proq yo‘lovchi olay, ko‘proq naqd pul tushiray, o‘zimga va plan degan narsalar bor edi. Ochiqchasiga aytadigan bo‘lsak, “shu planni men bajarishim kerak, planidan ortig‘ini oilamga olib borishim kerak”, degan maqsadda poyga o‘ynashardi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, haydovchining asosiy vazifasi yo‘lovchilarni belgilangan qoidalarga rioya qilgan holda bir manzildan ikkinchisiga xavfsiz yetkazishdan iborat. Shu sababli o‘tgan yili Toshkentda naqd to‘lov tizimidan butunlay voz kechilgan, keyinchalik bu amaliyot bosqichma-bosqich barcha viloyat markazlarida ham joriy etilgan.

Yo‘lovchilar to‘lovlarining ulushi 40 foizdan oshdi

Omarovning aytishicha, naqd pulsiz to‘lov tizimiga o‘tilishi bilan birga, haydovchilar uchun belgilangan reja tizimi ham bekor qilingan. Endi to‘lovlar avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinadi.

«Oldinlari, masalan, shu xarajatlarning 30–32 foizlarini qoplaydigan bo‘lsa, 40 foizga, 40 foizdan oshishni boshladi. Ya’ni bu 8 foiz marja ham davlat budjetiga tushadigan pul. Shu brutto tizimidagi avtobus xarajatlarini qoplab berishga ketadigan mablag‘lardir», — dedi Mamanbiy Omarov.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yo‘lovchilardan tushadigan mablag‘lar ulushining ortishi jamoat transporti xarajatlarini qoplash uchun davlat budjetidan sarflanadigan mablag‘larga ham ta’sir qiladi. Tushumlarning avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishi esa tashuvchilar faoliyatida moliyaviy shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vaqt.uz jamoat transportida yo‘l haqi oktabr oyidan 47 foizga oshirilganidan keyin rasmiylar jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha mas’ul tashkilotlar aniq axborot bermagani haqida yozgan edi.

Tadbirda ko‘rilgan boshqa masalalar:

Toshkentda yo‘l haqi oshirilganiga qaramay, jamoat transporti xarajatlarining asosiy qismi davlat budjeti hisobidan qoplanishda davom etadi. Hozirda poytaxtda bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5 ming 580 so‘mni
tashkil etmoqda.

Теглар

Маҳлиё Ҳамидова

Маҳлиё ҲамидоваМақолалар сони: 220

Барчаси

Мавзуга оид