Logo

Rossiya dizel eksportiga taqiq qo‘ydi

Бугун 11:152 дақиқа

Taqiq iyul oxirigacha davom etadi.

Rossiya dizel eksportiga taqiq qo‘ydi © altkres.ru

Rossiya hukumati 8-iyuldan boshlab dizel yoqilg‘isi eksportini taqiqladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak prezident Vladimir Putin raisligida bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

Hukumat dizel yoqilg‘isi, dengiz yoqilg‘isi va gaz moyi eksportiga vaqtinchalik taqiq 31-iyulgacha amal qilishini va endi neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qo‘llanilishini ta’kidladi.

«Qaror ichki yoqilg‘i bozorida barqarorlikni saqlab qolish uchun qabul qilindi. Biroq, cheklovlar Rossiyadan xalqaro hukumatlararo kelishuvlar asosida eksport qilinadigan dizel yoqilg‘isiga taalluqli bo‘lmaydi», — deb tushuntirdi hukumat.

Novak shuningdek, prezidentga ichki yoqilg‘i bilan bog‘liq vaziyat «qiyinligicha» qolayotgani, yoqilg‘iga talab uchdan bir qismga oshganini ma’lum qildi. Bosh vazir o‘rinbosari Rossiya iyul oyida neft mahsulotlarini import qilishni boshlashini va iqtisodiy sharoitlarni ta’minlash uchun temiryo‘l tariflariga chegirmalar berish imkoniyati o‘rganib chiqilganini qo‘shimcha qildi. 

«Iyul oyida biz neft mahsulotlarini import qilishni va past ekologik toifadagi neft mahsulotlarini qo‘shish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirishni boshlaymiz. Biz import qilingan neft mahsulotlari va qo‘shimchalarga nol bojni yana bir yilga uzaytirdik. Shuningdek, biz Rossiya temiryo‘llari bilan import qilingan yoqilg‘i uchun iqtisodiy sharoitlarni ta’minlash maqsadida temiryo‘l tariflariga chegirmalar taklif qilish imkoniyatini muhokama qildik», — dedi Novak. 

Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, prezidentga hukumat bir nechta neftni qayta ishlash zavodlarini ta’mirlash loyihalarini keyinga qoldirganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, yirik neft kompaniyalari hududlarga yoqilg‘i yetkazib berishni boshlagan, asosan mustaqil yoqilg‘i quyish shoxobchalariga ega kompaniyalarga ustuvor ahamiyat berilgan.  Aprel oyida Rossiya hukumati benzin eksportiga embargo joriy qildi, bu embargo iyul oxirigacha amal qiladi. Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan 30-noyabrgacha Rossiyadan aviakerosin eksportiga vaqtinchalik taqiq amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada benzin ta’minoti bilan bog‘liq muammolar Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham sezila boshladi. Qolaversa, Qozog‘istondan arzon benzin tashishga yo‘l yopilmoqda: endi chegaradan kuniga faqat bir marta o‘tish mumkin.

Теглар

Мавзуга оид