Logo

Rossiya harbiylari Xitoyda maxfiy tayyorgarlikdan o‘tdi — «Reuters»

Кеча 21:252 дақиқа

Agentlik ixtiyoriga tushgan hujjatlarga ko‘ra, Rossiya harbiylari Xitoyda yadroviy, kimyoviy va biologik tahdidlar sharoitida harakat qilish bo‘yicha uch haftalik maxsus kursda ishtirok etgan.

Rossiya harbiylari Xitoyda maxfiy tayyorgarlikdan o‘tdi — «Reuters»

Rossiya harbiylari 2025 yilning ikkinchi yarmida Xitoyda ommaviy qirg‘in qurollari qo‘llanishi sharoitida harakat qilish bo‘yicha maxfiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Bu haqda «Reuters» agentligi Yevropa rasmiylari va Rossiya Mudofaa vazirligining ichki hujjatlariga tayanib xabar qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, maxfiy dastur Rossiya mudofaa vaziri Andrey Belousov tomonidan shaxsan ma’qullangan. Tayyorgarlik jarayonida kamida to‘rt nafar Rossiya va Xitoy generali ishtirok etgan.

Kurslardan biri uch hafta davom etgan va yadroviy, kimyoviy hamda biologik tahdidlardan himoyalanishga bag‘ishlangan.

Nashrning yozishicha, Rossiya harbiylariga kimyoviy va radiatsiya razvedkasi, shuningdek, ventilyatsiya tizimlarini zararlanishdan muhofaza qilish usullari o‘rgatilgan.

Mashg‘ulotlar noyabr oyida Pekindagi harbiy obyektda o‘tkazilgan. Hujjatlarda xitoylik instruktorlar rahbarligidagi mashg‘ulotlar aks etgan fotosuratlar ham mavjud.

Hujjatlardagi tafsilotlar

«Reuters» keltirgan hujjatlarga muvofiq, tayyorgarlikni tashkil etish bo‘yicha kelishuv Rossiya general-mayori Rustam Xusainov hamda Xitoy Xalq ozodlik armiyasining katta polkovnigi Sun Dayun tomonidan imzolangan.

Rossiya delegatsiyasiga Quruqlik qo‘shinlari bosh qo‘mondoni o‘rinbosari general-polkovnik Rustam Muradov rahbarlik qilgan.

Hujjatlarda xitoylik mutaxassislar Rossiya harbiylariga yadroviy reaktor modeli orqali amaliy tushuntirish bergani ham qayd etilgan.

Yevropa rasmiylari fikricha, mashg‘ulotlarda yuqori lavozimli generallar ishtirok etgani hamda ommaviy qirg‘in qurollari bilan bog‘liq mavzularning dasturga kiritilishi Moskva va Pekin o‘rtasidagi harbiy hamkorlik strategik tus olayotganidan darak berishi mumkin.

Pekinning munosabati

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi agentlikka bergan munosabatida ushbu ma’lumotlarni «butunlay asossiz» deb atadi.

Vazirlik mamlakatning Ukrainadagi urush bo‘yicha rasmiy pozitsiyasi o‘zgarmaganini ta’kidlagan.

Rasmiy Pekin o‘zini betaraf tomon sifatida ko‘rishi, mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini bildiradi.

Теглар

Мавзуга оид