Logo

Rossiya Qozog‘istondan O‘zbekiston bug‘doy bozorini tortib olishga harakat qilmoqda — «Eurasia»

Бугун 15:054 дақиқа

Tahlilchilarga ko‘ra, Qozog‘istonning mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida Rossiya doniga qo‘ygan taqiqi teskari natija bergan. Rus bug‘doyi esa hatto tranzit xarajatlari bilan ham O‘zbekiston bozoriga arzonroq kirib kelmoqda.

Rossiya Qozog‘istondan O‘zbekiston bug‘doy bozorini tortib olishga harakat qilmoqda — «Eurasia» © sputnik

Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi g‘alla raqobati O‘zbekiston bozoriga ham o‘z ta’sirini o‘tkazishi kutilmoqda. Bir tomondan, Rossiya O‘zbekistonga katta hajmda bug‘doy yetkazib berishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Qozog‘iston hanuzgacha don va un eksporti bo‘yicha O‘zbekistondagi yetakchiligini saqlab turibdi.

14 sentabr kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotlariga tayanib, «Interfax» nashri Rossiyaning «Steppe» agroxoldingi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonga Kaspiy dengizi orqali 500 ming tonna bug‘doy yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilinganini xabar qildi. Mahsulotlarni tashish uchun Astraxan va Maxachqal’a portlaridan foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Tomonlar kelgusida ushbu loyihani amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib olgan.

Rossiyaning ustunligi nimada?

«Eurasia» nashrining yozishicha, Rossiya Qozog‘istonni Markaziy Osiyo bug‘doy va un bozoridan siqib chiqarmoqda. Ukraina dronlarining faolligi sababli Qora dengiz orqali yirik hajmdagi donni tashishda muammolarga duch kelgan Moskva o‘z mahsulotini Markaziy Osiyoga Ostona raqobatlasha olmaydigan past narxlarda yetkazib bermoqda.

Nashrning ta’kidlashicha, Rossiya g‘allasi Qozog‘iston mahsulotlari bilan narx borasida faol raqobatlashmoqda va bunda O‘zbekiston asosiy yo‘nalishlardan biriga aylangan.

«Eurasianet» mazkur xulosasini Qozog‘iston tomonidan Rossiya bug‘doyi importiga joriy qilingan cheklovlar hamda Qozog‘iston mahsulotlarining eksport narxlariga oid «Caravan» nashri tahlillari bilan asoslagan.

«Caravan» hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya bug‘doyining Qozog‘istonning Sariog‘och bekatigacha yetkazib berilgan narxi bir tonna uchun 220–225 dollar atrofida shakllangan. Qozog‘istonning to‘rtinchi navli bug‘doyi uchun esa bu ko‘rsatkich 245 dollar deb baholangan. Nashr mahsulotlar o‘rtasidagi narx tafovutini taxminan 20 dollar deb hisoblagan.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish maqsadida Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi iyul oyida Rossiya doni importiga taqiq joriy etgan edi.

«Karavan» nashri tomonidan e’lon qilingan tahlilga ko‘ra, ushbu cheklov chorasi teskari natija berib, Qozog‘iston bug‘doyining eksport narxiga bosim o‘tkazgan. Natijada Rossiya bug‘doyi Qozog‘istonning an’anaviy xaridorlari, xususan, mintaqaning eng ko‘p aholisiga ega davlati bo‘lgan O‘zbekiston va Afg‘oniston bozorlariga jadal kirib bormoqda. Hatto Qozog‘iston hududi orqali tranzit qilish bilan bog‘liq yuqori transport xarajatlariga qaramay, Rossiya doni qozoq mahsulotiga nisbatan arzonroqqa tushmoqda.

«Bu kuzda biz Qishloq xo‘jaligi vazirligining monopoliya yaratish to‘g‘risidagi qarori tufayli to‘lovga qobiliyatsizlik, korxonalarning yopilishi va ishdan bo‘shatishlarning yangi to‘lqiniga duch kelishimiz mumkin», — deyiladi «Karavan» tahlilida.

«Biz shunchaki bu [Rossiya] poyezdlarining yonimizdan o‘tib ketayotganini tomosha qilmoqdamiz. Agar ruslar bizni ushbu bozorlardan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lsa, u yerga qaytishimiz deyarli imkonsiz bo‘ladi», — deya «Best-Kustanay» MCHJ don qayta ishlash korxonasi direktori Oleg Kurtvapovning so‘zlaridan iqtibos keltirdi nashr.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirining 2026 yil 11-iyuldagi 273-sonli buyrug‘iga asosan, bug‘doyni avtomobil, suv va temiryo‘l transporti orqali mamlakat hududiga olib kirishga olti oylik taqiq joriy qilingan edi. Mazkur hujjat 27-iyuldan kuchga kirgan.

Qozog‘istonning O‘zbekiston bozoridagi ulushi

Bugungi kunda Qozog‘istonning O‘zbekiston g‘alla bozoridagi o‘rni juda katta.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning sentabridan 2026 yilning 30-iyuliga qadar mamlakatdan eksport qilingan don va unning umumiy hajmi (don ekvivalentida) 13,9 million tonnani tashkil etgan. Shundan 5,8 million tonnasi aynan O‘zbekistonga yetkazib berilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga oshgan.

O‘zbekistonning ichki statistikasi ham Qozog‘istonning un bozoridagi ulushi nechog‘liq yuqori ekanini tasdiqlaydi. Statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2025 yilda O‘zbekiston 422,6 ming tonna bug‘doy uni import qilgan. Uning 399,8 ming tonnasi Qozog‘iston, 22,1 ming tonnasi esa Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Importning umumiy qiymati 124,6 million dollarni tashkil etgan.

O‘zbekiston uchun yangi raqobatning ahamiyati nimada?

Raqamlarga yuzlanadigan bo‘lsak, O‘zbekistonda Qozog‘istonning g‘alla va un mahsulotlari uchun allaqachon shakllanib ulgurgan yirik bozori mavjud. 2025 yilda O‘zbekiston import qilgan bug‘doy unining 94 foizidan ortig‘i aynan Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Rossiyadan ham katta hajmda bug‘doy xarid qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, gap 500 ming tonnagacha bo‘lgan ehtimoliy eksport va uni Kaspiy dengizi orqali tashishning yangi logistik yo‘nalishi haqida ketmoqda.

Bu ayni damda O‘zbekiston bozorida Rossiya mahsulotlarining ko‘payishi va Qozog‘iston mahsulotlari bilan raqobat masalasi yanada dolzarblashishini anglatadi.

Теглар

Мавзуга оид