Logo

Saidqahhor Xolxo‘jayev investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi

Бугун 19:452 дақиқа

Xolxo‘jayev 2022-yilning avgust oyidan buyon Chilonzor tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Saidqahhor Xolxo‘jayev investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan Saidqahhor Xolxo‘jayev investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlikning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi lavozimga o‘tgunga qadar u 2022-yilning avgust oyidan buyon Toshkent shahri Chilonzor tumani hokimi sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Qayd etilishicha, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimi bir yildan ortiq vaqt mobaynida bo‘sh turgan. 2025-yilning avgust oyida ushbu lavozimda ishlagan Nozimjon Xolmurodov Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi rahbari etib tayinlangan edi.

Mehnat faoliyati va poytaxt hokimliklaridagi o‘zgarishlar

Saidqahhor Muhammadqorim o‘g‘li Xolxo‘jayev 1981-yilda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2002-yilda Toshkent moliya institutining bakalavriat, 2004-yilda esa magistratura bosqichini tamomlagan.

U mehnat faoliyati davomida o‘n yetti yil mobaynida bank sohasida ishlagan. Jumladan, 2017–2019-yillarda «O‘zagrosug‘urta» sug‘urta kompaniyasiga rahbarlik qilgan. 2019-yil martidan boshlab O‘zbekiston Markaziy banki raisining o‘rinbosari, 2020-yil dekabridan esa iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Xolxo‘jayevning Chilonzor tumani hokimi lavozimini tark etgani 15-oktabr kuni rasman ma’lum bo‘ldi. Uning o‘rniga bunga qadar Yangihayot tumanini boshqarib kelgan Hayot Inog‘omov tumanning yangi hokimi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kuni Toshkent shahridagi boshqa qator tumanlarda ham hokimlar almashgani e’lon qilindi.

Xususan, Baxtiyor Rahmonqulov o‘rniga Abdulaziz Abdulxakov Yashnobod tumani hokimi etib tayinlandi. Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova esa Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilib, uning o‘rnini Akmal Jo‘rayev egalladi.

Теглар

Мавзуга оид