Logo

Senatdan o‘tgan yangi alifbo, Saida Mirziyoyevaning qo‘shimcha lavozimi va avtobuslarda ko‘paygan jarimalar — 10-sentabr dayjesti

Бугун 23:003 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bair bor esga olamiz.

Senatdan o‘tgan yangi alifbo, Saida Mirziyoyevaning qo‘shimcha lavozimi va avtobuslarda ko‘paygan jarimalar — 10-sentabr dayjesti

O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromad 20 yilda 520 dollardan 3,7 ming dollarga yetdi

Jahon banki ma’lumotlariga asoslangan tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda aholi jon boshiga yalpi milliy daromad (YAMD) 3,7 ming dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich so‘nggi 20 yil ichida 7 barobarga (2005 yildagi 520 dollardan) o‘sgan bo‘lsa-da, mamlakat Jahon banki tasnifiga ko‘ra hamon «daromadi o‘rtachadan past» davlatlar guruhida qolmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Qozog‘iston (13,7 ming dollar) va Turkmanistondan (6,3 ming dollar) keyin uchinchi o‘rinni egalladi. Qo‘shni Qirg‘iziston (2,8 ming dollar) va Tojikiston (2,1 ming dollar) ham O‘zbekiston kabi daromadi o‘rtachadan past guruhga kirsa, Qozog‘iston va Turkmaniston «o‘rtachadan yuqori daromadli» mamlakatlar qatoridan joy olgan.

Senat lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritishga oid qonunni ma’qulladi

Oliy Majlis Senatining 19-yalpi majlisida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonun ma’qullanib, Prezidentga yuborildi. Yangi qonunga asosan, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf hamda bitta tutuq belgisidan iborat alifbo joriy etiladi.

Asosiy o‘zgarishlar to‘rtta harfga taalluqli bo‘lib, «G‘ g‘» o‘rniga «Ğ ğ», «O‘ o‘» o‘rniga «Ö ö», «Sh sh» o‘rniga «Ş ş» va «Ch ch» o‘rniga «Ç ç» belgilari qo‘llaniladi.

Saida Mirziyoyevaga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi

Prezident farmoni bilan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva amaldagi lavozimini saqlab qolgan holda, o‘rindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi.

Yangi vakolatga ko‘ra, boshqaruvchi Moliya markazi kengashining Bosh kotibi hisoblanadi, kengash kun tartibini shakllantiradi, markaz faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi va davlat organlari bilan hamkorlikni muvofiqlashtiradi.

Markaziy bank valuta kursini hisoblash tartibini o‘zgartiradi

2026 yil 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy valuta kurslarini hisoblashda yangi mexanizmni joriy etadi. Endi rasmiy almashuv kursi faqat valuta birjasidagi savdolar asosida emas, balki banklararo birjadan tashqari bozordagi bitimlarni ham hisobga olgan holda, ularning o‘rtacha tortilgan kursi bo‘yicha shakllantiriladi.

Markaziy bankka ko‘ra, mazkur o‘zgarish ichki valuta bozoridagi operatsiyalarni kengroq qamrab olish va bozordagi real holatni yanada aniq aks ettirish imkonini beradi. Shuningdek, yangi tartibga muvofiq, shanba va yakshanba kabi dam olish kunlari uchun oxirgi ish kunida e’lon qilingan rasmiy kurslar qo‘llaniladi.

Toshkent avtobuslariga chiqishda to‘lov joriy etilgach, yo‘lkira to‘lamaganlar soni ko‘paydi

2026 yil 1-sentabrdan boshlab Toshkent shahridagi brutto-shartnoma asosida ishlayotgan avtobuslarda yo‘l haqini transportga chiqish vaqtida to‘lash tartibi joriy etildi. Ushbu yangi tartib ortidan Transport vazirligi nazoratchilari tomonidan kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilib, yo‘lkira to‘lamaganlarga nisbatan jarima bayonnomalarini rasmiylashtirish holatlari keskin ortdi.

Raqamlarga ko‘ra, avgust oyida yo‘l haqini to‘lamagan 10 843 nafar (kuniga o‘rtacha 350 ta) yo‘lovchiga bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, sentabrning dastlabki sakkiz kunida bu ko‘rsatkich 4 696 tani (kuniga o‘rtacha 587 ta) tashkil etdi.

Теглар

Мавзуга оид

Senatdan o‘tgan yangi alifbo, Saida Mirziyoyevaning qo‘shimcha lavozimi va avtobuslarda ko‘paygan jarimalar — 10-sentabr dayjesti | Vaqt.uz