Sun’iy intellekt biznes samaradorligini oshirmayapti: Xitoy va AQSH bu muammoni qanday hal qilmoqda?

Sun’iy intellekt ommaviylashib borayotganiga qaramay, uning mehnat unumdorligiga ta’siri hali iqtisodiy statistikada sezilmayapti. AQSH kompaniyalarni ichida qayta qurishga urinmoqda, Xitoy esa SI yordamida mikrobizneslar iqtisodiyotini yaratyapti.

Sun’iy intellekt biznes samaradorligini oshirmayapti: Xitoy va AQSH bu muammoni qanday hal qilmoqda? © tipranks.com

Sun’iy intellekt rivojlanib borishi bilan uning yordamida kompaniyalar samaradorligi va ish unumdorligini qanday oshirish mumkinligi haqidagi savol tobora ko‘proq kun tartibiga chiqmoqda. Hozircha bu vazifani to‘liq hal etishning uddasidan chiqilgani yo‘q. AQSHda bu masala bilan «OpenAI» va «Anthropic» faol shug‘ullanmoqda, Xitoy esa o‘z strategiyasini tanlagan. Ikki davlat yondashuvlari o‘rtasidagi farqlar haqida Yevropa texnologik kompaniyasi «Stonal» bosh direktori Roben Rivaton yozdi

SI samaradorligi paradoksi: bu nima?

May oyi boshida darhol ikki kompaniya – «OpenAI» va «Anthropic» – o‘rta segmentdagi kompaniyalar ish jarayonlariga o‘z modellarini joriy etish uchun konsalting bizneslarini yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi.
«Blackstone», «Hellman & Friedman» va «Goldman Sachs» qo‘llovi bilan «Anthropic» bu maqsad uchun 1,5 milliard dollar jalb qildi. «OpenAI» esa 19 investordan, jumladan TPG, «Brookfield» va «Bain Capital» boshchiligida, 4 milliard dollar oldi. Uning yangi biznesi 10 milliard dollarga baholandi.
Jalb qilingan 5,5 milliard dollar ilg‘or laboratoriyalar tobora mukammallashayotgan SI-modellari yordamida hal qila olmayotgan bitta asosiy muammoni yechishga qaratilgan. Gap SI samaradorligi paradoksi haqida ketmoqda.

Hozirda generativ sun’iy intellekt vositalari keng omma uchun ochiq bo‘lsa-da, ularning foydasi hali mehnat unumdorligi statistikasida sezilarli aks etmayapti. «Gallup» so‘roviga ko‘ra, ishda SI vositalaridan yiliga kamida bir necha marta foydalanadigan amerikalik kattalar ulushi 2023-yil boshidagi 25 foizdan kam ko‘rsatkichdan 2026-yilga kelib qariyb yarmigacha o‘sgan.

Biroq AQSHning qishloq xo‘jaligidan tashqari sektorlarida mehnat unumdorligi o‘sishi barqaror dinamikani ko‘rsatmayapti. 2024-yilda qisqa muddatli tezlashuv kuzatilgan bo‘lsa-da, 2025-yil o‘rtalariga kelib o‘sish sur’atlari yana asosiy darajaga qaytdi.

Bu holat 1990-yillardagi IT-samaradorlik paradoksini eslatadi. O‘shanda muammo kompaniyalar yangi texnologiyalarga mos ravishda qayta tashkil etilgandan keyin o‘z-o‘zidan hal bo‘lgan edi. Endi savol shundaki: bugun ham xuddi shunday sharoit yuzaga kelganmi va agar shunday bo‘lsa, aynan qayerda?

Muammo nimada? Muallif o‘zining yaqindagi maqolasida «tashkiliy plastiklik»ni asosiy omil sifatida ta’riflagan. Samaradorlikning oshishi kompaniyaning alohida vazifalardagi yutuqlarni butun tizim samaradorligiga aylantira olish qobiliyatiga bog‘liq. Bu esa ish jarayonlarining qanchalik shaffofligi, tizimlashtirilgani, vazifalarni qayta taqsimlash imkoni va menejerlarning jarayonlarni o‘zgartira olish vakolatiga ega yoki emasligiga bog‘liq. Bu shartlar bajarilmagan joylarda SI ayrim xodimlarning vaqtini tejaydi, ammo kompaniya natijasini o‘zgartirmaydi.

Klassik iqtisodiy adabiyotlar ham xuddi shu «ko‘rinmas nuqta»ni ko‘rsatadi. Devid Autor, Erik Braynjolfsson, Shakked Nou, Uitniy Jang va ularning hammualliflari o‘tkazgan mashhur tadqiqotlar alohida vazifalardagi shaxsiy samaradorlikni o‘lchaydi. Masalan, mijozlar xizmati xodimi ko‘proq murojaatga javob beradi, maslahatchi yaxshiroq tavsiya yozadi, dasturchi tezroq ishlaydigan kod tayyorlaydi. Bu foyda haqiqiy, ammo u har doim ham butun kompaniya ishini tezlashtirmaydi.

Bu muammoni Elanor Dillon, Soniya Jaffe, Nikol Immorlika va Kristofer Stanton tomonidan o‘tkazilgan olti oylik tasodifiy eksperiment namoyish qildi. Ular 66 ta yirik kompaniyadagi 7137 nafar intellektual mehnat xodimiga «Microsoft 365 Copilot»dan foydalanish imkonini berdi. Bu SI-model elektron pochta, hujjatlar va uchrashuvlarni tashkil qilish tizimiga integratsiya qilingan edi.

Natijada elektron pochtaga sarflanadigan vaqt qisqardi, ammo uchrashuvlar vaqti kamaymadi, vazifalarning soni va xususiyati ham o‘zgarishsiz qoldi. Tejalgan vaqtning deyarli barchasi ishchilarning kechqurun uyda ishlash vaqtini qisqartirishga ketdi, mahsulot hajmini oshirishga emas.

Ya’ni alohida «vintiklar» samaraliroq ishlay boshladi, ammo butun mexanizm avvalgidek tezlikda harakatlanishda davom etdi.
 
SIni qo‘llash: Xitoy va AQSH yondashuvi

«OpenAI» va «Anthropic»ning yangi konsalting loyihalari oddiy API sotish bu muammoni hal qilmasligini tan olishdir. Ularning konsalting biznesida safarlarga tayyor muhandislar, ko‘p yillik texnik topshiriqlar, turli sohalar uchun tayyor joriy etish shablonlari va ish jarayonlarini qayta qurish rejalari bo‘ladi. Bu xizmatlar qimmat bo‘ladi va katta jamoani talab qiladi. Kompaniyalar shunday xulosaga keldiki, SI-modellarining asosiy qiymati API’da emas, balki kompaniyalarni qayta tashkil qilishda.

Xitoy ham shu yo‘nalishda harakat qilmoqda, ammo boshqacha usul bilan. Mart oyida ochiq kodli «OpenClaw» SI-agenti dasturchilar doirasidan chiqib, ommaviy mahsulotga aylandi.

Oradan bir necha kun o‘tib, platformalar o‘rtasida raqobat boshlandi. «Zhipu» bir tugma bilan o‘rnatiladigan «AutoClaw» dasturini chiqardi. «ByteDance» bulutli «ArkClaw» xizmatini taqdim etdi. «Tencent» korporativ foydalanuvchilar uchun «WorkBuddy»ni ishga tushirib, «QClaw» va «ClawBot»ni «WeChat»ga integratsiya qildi. «Alibaba» ham o‘z yechimlarini taqdim etdi.

Ochiq kod bepul bo‘lgani uchun modelning o‘zi daromad manbai bo‘lishdan to‘xtadi. Qiymat boshqa sohalarga – interfeys, messenjerlar bilan integratsiya, oldindan o‘rnatilgan ilovalarga ko‘chdi.

Xitoyning sanoat siyosati ham shunga moslashdi. Ilgari mahalliy hokimiyatlar zavodlar va korporatsiyalar shtab-kvartiralarini jalb qilish uchun yer, infratuzilma va soliq imtiyozlari taklif qilardi. 2026-yil boshidan esa ayrim hududlar «OpenClaw»ni joriy qilish uchun kompaniyalarga emas, balki oddiy foydalanuvchilarga subsidiya berishni boshladi.

Xefey shahri hisoblash quvvatlari uchun vaucherlar taklif qildi. Xanchjouning Syaoshan tumani yanada ilgarilab ketdi. Shenchjen o‘zini «bir nafar xodimli SI-kompaniyalar markazi» sifatida targ‘ib qildi. Guandun provinsiyasi SI bilan ishlovchi yakka tartibdagi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirdi, Sichuan esa shunga o‘xshash choralarni qabul qildi.

Bu yondashuv ishlayapti, chunki zarur jismoniy infratuzilma allaqachon yaratilgan. Shanxayda noutbuk bilan ishlayotgan bitta operator Dunguan yoki Suchjoudagi ishlab chiqarish zanjirlariga ulanishi mumkin. Subsidiyalangan hisoblash quvvatlari, oldindan o‘rnatilgan SI-agentlar, integratsiya qilingan messenjerlar, ichiga qurilgan to‘lov tizimlari, ishlab chiqaruvchilar, logistika provayderlari va marketpleyslarga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish – bularning barchasi yakka insonni mustaqil ishlay oladigan ishlab chiqarish birligiga aylantirish uchun yetarli. SI-agentlar kompaniyani ichida qayta qurish orqali emas, balki tashqaridan o‘zgartiradi.

Amerikaliklar esa ekspert bilimlariga tayanishni tanladi. Tez o‘zgarishga qodir bo‘lmagan biznesni yuqori maosh oluvchi muhandislar jamoalari orqali «ichki tomondan moslashuvchan» qilish kerak, deb hisoblanmoqda. Bu muhandislar to‘g‘ridan to‘g‘ri kompaniyalarda ishlab, har bir o‘rta biznes uchun jarayonlarni qayta qurish bilan shug‘ullanadi. Bunday yondashuv katta qiymat yaratishi mumkin bo‘lsa-da, u sekin va juda katta sarmoya talab qiladi.

Xitoy strategiyasi esa ancha radikal. Uning asosiy g‘oyasi – kompaniyaning o‘zi tor joyga aylanganidir. Mavjud kompaniyalarning moslashuvchanligini oshirish o‘rniga, Xitoy ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan minimal tashkiliy ko‘lamni kamaytirmoqda. Natijada mustaqil bozor ishtirokchilari, oldindan o‘rnatilgan servislar, superilovalarga integratsiyalar, davlat subsidiyalari va parallel rivojlanayotgan millionlab mikrobizneslar gullab-yashnamoqda.

Bu yondashuvlarning hech biri muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Amerika konsalting kompaniyalari qancha muhandis jalb qilmasin, tashkiliy o‘zgarishlarni keng miqyosda joriy qilish qiyinligini anglab yetishi mumkin. Xitoy mahalliy hokimiyatlari esa past sifatli avtomatizatsiya va spekulyativ yakka tadbirkorlik to‘lqinini subsidiyalayotgan bo‘lishi mumkin – bunday loyihalar keyinchalik barbod bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Har ikki tomon ham bir xil murakkab muammoga duch kelmoqda: alohida vazifalarni bajarishda vaqt tejalishini qanday qilib o‘lchanadigan iqtisodiy natijaga aylantirish mumkin? Endi SI bo‘yicha raqobat faqat chiplar, data-markazlar quvvati yoki eng ilg‘or modellar samaradorligi bilan cheklanmaydi. Eng muhim masala – texnologiyalarni joriy qilish va qo‘llashda qanday ijtimoiy arxitektura tanlanishidadir.

Теглар

Мавзуга оид