Logo

Toshkent havosi nega aynan kuz-qish mavsumida ko‘proq ifloslanadi?

Бугун 19:232 дақиқа

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha mutaxassislar poytaxtdagi havo sifati birgina omilga bog‘liq emasligini aytdi.

Toshkent havosi nega aynan kuz-qish mavsumida ko‘proq ifloslanadi?

Toshkentda sovuq mavsumda shamol sustlashishi, ayrim paytlarda esa harorat inversiyasi yuzaga kelishi natijasida zararli moddalar yerga yaqin qatlamlarda to‘planib qoladi. Poytaxt tog‘oldi hududda joylashgani sababli havo almashinuvida shamol yo‘nalishi va tezligi muhim o‘rin tutadi. Bu haqda Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti professori Baxtiyor Xolmatjonov aytdi.

Uning aytishicha, vaziyatni yog‘ingarchilikning kamligi ham murakkablashtirmoqda. Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattarov fikriga ko‘ra, 26-oktabr holatiga poytaxtda 3,9 mm yog‘ingarchilik qayd etilgan. Bu 23,7 mmlik me’yordan qariyb olti barobar kam. Qolaversa, so‘nggi o‘n yilda sovuq davrdagi shamolsiz, kam shamolli va yog‘ingarchiliksiz sharoitlar avvalgi iqlimiy davrga nisbatan 57 foizga ko‘paygan.

Sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlari ham bu jarayonni o‘rganishga yordam bermoqda. 25–26-oktabr kunlari Toshkent va unga tutash hududlar, qisman Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlarini yirik chang massalari qamrab olgan. Taqqoslash uchun, 4–5-oktabrda yomg‘ir yoqqan paytda havo sifati indeksi (AQI) 51–66 bo‘lgan. Keyinchalik esa ifloslanish ko‘rsatkichlari oshgan.

Shu bilan birga, kuz-qish oylarida isitish tizimlari va inson faoliyati bilan bog‘liq boshqa manbalardan chiqadigan moddalar ham ko‘payadi. Ularning havo sifatiga ta’siri ob-havoga qarab o‘zgarib turadi.

Qaysi omilning ulushi ko‘proq?

Buni aniqlash uchun prezident farmoni bilan tashkil etilgan Ixtisoslashtirilgan havo laboratoriyasi markazi Toshkentning barcha tumanlaridan namunalar olib, tadqiqotlar o‘tkazmoqda. Markaz rahbari Zikrilla Alimovning bildirishicha, zamonaviy uskunalar yordamida ifloslantiruvchi moddalarning kelib chiqish manbalari o‘rganilyapti. Ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish ko‘zda tutilgan.

Ushbu mutaxassislarning aytishicha, poytaxtdagi havo sifati birgina omilga bog‘liq emas. Tabiiy sharoitlar bilan birga inson faoliyatining ta’sirini ham aniq o‘rganish muammoga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish uchun muhim.

Теглар

Мавзуга оид