Logo

Toshkentdagi pulli parkovka: bir yilda nimalar o‘zgardi?

Бугун 15:257 дақиқа

Toshkent ko‘chalarida pulli parkovka tizimi ishlayotganiga bir yildan oshdi. Ayrim hududlarda avtomobilni bir soatga qo‘yish 12 ming so‘mgacha turadi. Biroq tizimning bir yillik faoliyati fonida operator qanday tanlangani, parkovkalar soni nega dastlabki rejadan qisqargani, yig‘ilgan mablag‘lar qayerga yo‘naltirilayotgani va to‘lov qilmagan haydovchilarga 880 ming so‘mgacha jarima joriy etish taklifi kabi masalalar kun tartibiga chiqdi. Eng muhim savol esa o‘zgarishning o‘zida: pulli parkovka joriy etilgach, Toshkent ko‘chalarida nima o‘zgardi?

Tizim qanday boshlangan?

Pulli parkovka tizimi atrofidagi savollarning bir qismi uning operatori qanday tanlangani bilan bog‘liq.

2024-yil 25-noyabr kuni Toshkentdagi yo‘l bo‘yidagi pulli parkovkalarni boshqarish huquqi auksionga chiqarildi. Boshlang‘ich narx 57 milliard so‘m edi. Savdo davomida taklif 120,15 milliard so‘mgacha ko‘tarildi. Ammo auksion g‘olibi bilan shartnoma tuzilmagach, savdo bekor qilindi.

17-dekabr kuni takroriy auksion o‘tkazildi. Unda “Street Park Systems” MCHJ 62,9 milliard so‘mlik taklif bilan g‘olib deb topildi.

Shunday qilib, birinchi savdoda 120,15 milliard so‘mlik taklif qayd yetilgan bo‘lsa, takroriy auksion 62,9 milliard so‘mlik taklif bilan yakunlandi. Bu raqamlarning o‘zi biror qonunbuzarlikni anglatmaydi, biroq auksion shartlari va ishtirokchilarning qarorlari bo‘yicha savollarni yuzaga keltiradi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida yuqori takliflardan voz kechilishini ishtirokchilar auksion shartlarini to‘liq anglamagani bilan izohlagan. Uning aytishicha, ayrim ishtirokchilar 120 milliard so‘mlik summani bir martalik to‘lov deb tushungan bo‘lishi mumkin. Aslida yesa bu summa har yili to‘lanadigan ijara haqi bo‘lgan.

Birinchi auksiondagi g‘olibdan keyin zaxira ishtirokchi ham shartnoma tuzishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng “E-auksion” tizimi amaldagi tartib asosida takroriy savdoni avtomatik ravishda e’lon qilgan.

G‘olib o‘zgardi, loyiha ko‘lami ham qisqardi

Takroriy auksionda g‘olib bo‘lgan “Street Park Systems” MCHJ birinchi savdoda ham qatnashgan, biroq o‘shanda g‘olib bo‘lmagan. Birinchi auksion paytida kompaniya tashkil etilganiga atigi 12 kun bo‘lgan.

Pulli parkovka loyihasining o‘zi ham dastlab rejalashtirilgan ko‘lamda amalga oshmadi. Dastlab 13 mingta parkovka o‘rni tashkil etilishi ko‘zda tutilgan edi. Keyinchalik avtobus yo‘laklari, yo‘l harakati xavfsizligi talablari, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mahalliy hokimiyat qarorlari sabab ayrim ko‘chalar loyihadan chiqarildi.

Natijada tizim 55 ta ko‘chadagi 5300 ta parkovka o‘rni bilan ish boshladi. Parkovkalar soni qisqargani sabab operatorning yillik ijara haqi ham 62,9 milliard so‘mdan 32,8 milliard so‘mgacha qayta hisoblandi. Demak, loyiha bo‘yicha dastlab ko‘zda tutilgan ko‘lam bilan amaldagi tizim o‘rtasida sezilarli farq bor.

Parkovkadan tushgan mablag‘ qayerga ketmoqda?

Poytaxt Parking” bosh menejerining Gazeta.uz’ga ma’lum qilishicha, kompaniyaning 2025-yildagi daromadi 10,8 milliard so‘m, loyiha bo‘yicha zarar esa 60 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan.

Kompaniya 2025-yil boshidan buyon loyiha uchun 6,5 million dollardan ortiq investitsiya yo‘naltirilganini bildirgan. Ushbu mablag‘ yo‘l infratuzilmasini tayyorlash, parkovka uskunalarini o‘rnatish, yo‘l belgilari, asfalt qoplamalarini saqlash, mobil ilovani ishlab chiqish, inspektorlar va texnik xodimlar ish haqiga sarflangani aytilgan.

Operator ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil boshidan 2026-yil iyun oyigacha davlat budjetiga 35 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilgan.

Bundan tashqari, shartnomaga muvofiq kompaniya Yo‘llarni rivojlantirish jamg‘armasiga har yili qat’iy belgilangan badal to‘laydi. Bu to‘lov parkovkalardan qancha tushum olinganidan qat’i nazar amalga oshiriladi va yiliga 20 milliard so‘mdan 61 milliard so‘mgacha bo‘lishi mumkin.

Nega 80 dan ortiq ko‘cha bitta lotga birlashtirilgan?

Pulli parkovka loyihasidagi yana bir muhim masala — Toshkentdagi yo‘l bo‘yidagi parkovkalarni bitta yirik lotga birlashtirish qarori.

Hujjatlarga ko‘ra, dastlab 111 kilometrdan ortiq yo‘l bo‘yi hududi, 80 dan ziyod ko‘cha va o‘nlab gektar maydon bitta lot sifatida auksionga chiqarilgan. Ya’ni, loyihaning katta qismi bitta operator qo‘liga o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirov lotning hajmi va savdodagi raqobat masalasiga e’tibor qaratgan. U boshqa bir auksionda 36 ta yer uchastkasi alohida lotlar sifatida savdoga chiqarilib, boshlang‘ich 1,3 milliard so‘mlik qiymat 20,9 milliard so‘mgacha oshganini misol sifatida keltirgan. Uning fikricha, yo‘l bo‘yi parkovkalarini bir nechta lotga bo‘lib savdoga chiqarish raqobatni kuchaytirishi mumkin edi. Bu holatda asosiy savol — davlatga tegishli katta hududdan foydalanish huquqini bitta yirik lot shaklida berishning iqtisodiy va raqobatga oid asoslari qanday bo‘lganida.

To‘lov qilmagan haydovchilarga 880 ming so‘mlik jarima taklifi

Toshkentda pulli parkovka uchun to‘lovni amalga oshirmagan haydovchilarni 880 ming so‘mgacha jarimaga tortish taklif qilindi. 13-iyul kuni Toshkent shahar hokimligi bu boradagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi, muhokamalar 28-iyulgacha davom etdi.

Jamoatchilik muhokamasi yakunlariga ko‘ra, qonun loyihasi bilan 21 mingdan ortiq kishi tanishgan, 686 nafar fuqaro taklif bildirgan. Ovoz berishda 1191 kishi loyihaga qarshi, 179 kishi esa uni qo‘llab-quvvatlagan.

Taklif qilingan jarima miqdori 2 BHM — 880 ming so‘m. Toshkentdagi yo‘l bo‘yidagi pulli parkovkalarda bir soatlik to‘lov hududga qarab 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha.

Shu sababli 880 ming so‘mlik jarima eng yuqori tarifdan qariyb 69 baravar, yeng past tarifdan esa 165 baravar yuqori bo‘ladi. Aynan jarima miqdori va uni qo‘llashning huquqiy asosi jamoatchilik muhokamasidagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi.

Haqiqatan ham haydovchilarning atigi 2–3 foizi to‘layaptimi?

Ma’muriy javobgarlik joriy yetish tashabbusining asosiy asoslaridan biri sifatida to‘lov intizomining pastligi ko‘rsatilgan. Qonun loyihasiga ilova qilingan tushuntirish xatiga ko‘ra, Toshkentdagi pulli parkovkalardan kuniga o‘rtacha 15 ming nafar haydovchi foydalanadi. Ularning atigi 2–3 foizi, ya’ni 300–450 nafari xizmat haqini ixtiyoriy ravishda to‘laydi. Hokimlik hisob-kitoblarida bir oyda parkovkalardan 465 ming nafar haydovchi foydalanishi, 451–456 ming nafari to‘lov qilmasligi qayd yetilgan. Natijada yiliga 5 milliondan ortiq to‘lanmagan holat yuzaga kelayotgani aytilgan.

Poytaxt Parking” huquqshunosi Davron Ahmatov ham ixtiyoriy to‘lov qilayotganlar ulushi 2–3 foiz yekanini bildirgan. Uning aytishicha, kompaniya avtomobilni evakuatsiya qilish, g‘ildirakni qulflash yoki joyida majburiy to‘lov undirish vakolatiga ega emas. Operator qarzdorni aniqlab, sudga da’vo kiritishi mumkin.

Shu nuqtada bahsning huquqiy tomoni yuzaga keladi: agar to‘lanmagan parkovka haqi fuqarolik-huquqiy tartibda undirilishi mumkin bo‘lsa, uni ma’muriy javobgarlik orqali tartibga solish zarurati qanday asoslanadi?

Ma’muriy javobgarlik bo‘yicha huquqiy bahs

Pulli parkovka uchun haq to‘lamaganlikka ma’muriy javobgarlik joriy yetish tashabbusiga Xalq demokratik partiyasi ham munosabat bildirdi. Partiya Toshkent shahar hokimligining qonunchilik tashabbusi huquqiga yega yoki ega emasligi masalasini ko‘tardi va Konstitutsiyaning 98-moddasiga tayandi. XDP, shuningdek, parkovka uchun haq to‘lash majburiyati haydovchi va operator o‘rtasidagi fuqarolik-huquqiy munosabat yekanini, to‘lov undirilishi sud orqali amalga oshirilishi kerakligini bildirdi.

Poytaxt Parking” esa o‘zini parkovka maydonlarining egasi emas, balki shahar bilan tuzilgan shartnoma asosida xizmat ko‘rsatuvchi operator sifatida izohladi. Kompaniya ma’muriy jarima solish uning vakolatiga kirmasligini ta’kidladi.

Bosh prokuratura ham taklif yetilgan ma’muriy javobgarlikka ye’tiroz bildirgan. Idora pulli parkovka shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmat ekanini va bunday nizolar fuqarolik-huquqiy tartibda, sud orqali hal qilinishi kerakligini bildirgan. Shuningdek, taklifning ayrim qismi amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6-moddasi bilan qamrab olinganiga e’tibor qaratilgan.

Shu tariqa, parkovka haqini to‘lamaslik masalasi oddiy to‘lov intizomidan tashqari, fuqarolik va ma’muriy javobgarlik o‘rtasidagi chegaralar haqidagi huquqiy bahsga ham aylandi.

Olmaota va Bishkek tajribasi

Pulli parkovka tizimi Toshkentdan tashqari Olmaota va Bishkekda ham qo‘llanmoqda. Biroq shaharlarda uning tashkil etilishida turli mexanizmlar mavjud.

Olmaotada kommunal pulli parkovkalar shahar kommunal tizimi doirasida boshqariladi. Ko‘cha bo‘yidagi parkovkalarda dastlabki 5 daqiqa ayrim xizmatlar, jumladan yo‘lovchini tushirish yoki chiqarish hamda yuk ortish-tushirish uchun bepul beriladi. Shuningdek, ko‘p qavatli uy yegalari yoki ijarachilariga yashash joyiga yaqin bitta kommunal parkovkadan bir avtomobil uchun bepul foydalanish huquqi berilgan.

Bishkekda yesa 2026-yilda parkovka tizimini yangilash boshlandi. Markaziy va boshqa hududlar uchun alohida tarif zonalari belgilangan. Yangi tizim ayrim joylarda dastlab sinov tariqasida joriy qilinib, uning samaradorligini tahlil qilishdan keyin keyingi qarorlarni belgilash ko‘zda tutilgan.

Bu tajribalar Toshkent modeliga aynan ko‘chirilishi kerak degani emas. Ammo tarif, bepul vaqt, mahalliy aholiga imtiyoz va yangi mexanizmlarni sinovdan o‘tkazish kabi yondashuvlar turlicha yekanini ko‘rsatadi.

Tizimning natijasi: tirbandlik kamayganmi?

Pulli parkovkaning samaradorligini faqat yig‘ilgan mablag‘ bilan o‘lchash qiyin. Chunki tizimning asosiy vazifalaridan biri avtomobillar oqimini boshqarish va ko‘cha bo‘yidagi joylardan foydalanishni tartibga solishdan iborat.

Shu sababli parkovka joriy etilishidan oldin va keyin ko‘chalardagi o‘rtacha tezlik, avtomobilning parkovkada turish vaqti, bo‘sh joy topishga ketadigan vaqt, parkovka joylarining aylanishi va tirbandlik ko‘rsatkichlari qanday o‘zgarganini bilish muhim.

Bunday raqamlar tizimning transport siyosati sifatidagi natijasini baholashga imkon beradi. Aks holda parkovka uchun to‘lov miqdori, operator daromadi yoki jarima miqdori haqidagi raqamlar tizimning asosiy maqsadiga javob bermaydi.

Asosiy savol — pulli parkovka kim uchun ishlayapti?

Toshkentdagi pulli parkovka tizimi bir yildan ortiq vaqt davomida shakllanib kelmoqda. Bu davrda operator tanlandi, parkovka o‘rinlari soni o‘zgardi, tariflar amal qilmoqda va to‘lov intizomini oshirish bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif qilindi.

Endi tizimning keyingi bosqichida uning natijasini o‘lchash masalasi muhim bo‘lib qolmoqda. Operator qanday tanlangani, auksiondagi narxlar o‘rtasidagi farq, dastlabki va amaldagi parkovka o‘rinlari soni, shartnoma bo‘yicha to‘lovlar va tushumlarning taqsimoti bo‘yicha ma’lumotlar qanchalik ochiq ekani ham muhim.

Eng muhimi, pulli parkovkaning Toshkent transportiga ta’siri aniq ko‘rsatkichlar bilan baholanishi kerak. Avtomobillar oqimi boshqarildimi, parkovka joylarining aylanishi tezlashdimi, tirbandlik kamayishiga ta’sir bo‘ldimi — bularning barchasi raqamlar orqali ko‘rsatilsa, tizimning bir yillik natijasiga xolisroq baho berish mumkin.

Shunday qilib, masala faqat parkovka uchun pul to‘lash yoki to‘lamaslikda emas. Tizim qanday tashkil etilgani, mablag‘lar qanday yo‘naltirilayotgani va uning shahar transportiga qanday natija berayotgani ham ochiq ko‘rsatilishi kerak.

 

Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist

Operator va montajchi: Miroqil Xayrullayev

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 42

Барчаси

Мавзуга оид