Logo

Tramp kriptovalyutadan milliardlab dollar daromad olmoqda. Qanday qilib?

Бугун 15:309 дақиқа

AQSH prezidenti va uning oilasi ikkinchi prezidentlik muddati davomida kriptovalyuta loyihalaridan 2 mlrd dollardan ortiq daromad topdi. Biroq xorijiy investorlar, davlat qarorlari va shaxsiy biznes o‘rtasidagi bog‘liqlik korrupsiya hamda manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi bahslarni kuchaytirmoqda.

Tramp kriptovalyutadan milliardlab dollar daromad olmoqda. Qanday qilib? © Foto: Getty Images

AQSH prezidenti Donald Trampning ikkinchi prezidentlik muddatidagi daromadlarining asosiy qismi kriptovalyuta biznesi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Center for American Progress (CAP) tahlil markazi tadqiqotchilari hisob-kitobiga ko‘ra, Tramp va uning oilasi ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan buyon qariyb 3 mlrd dollar ishlab topgan. Ushbu mablag‘ning 2 mlrd dollardan ortig‘i aynan kriptoloyihalar orqali kelgan.

 

NPR nashri tahliliga ko‘ra, bu daromadlarning katta qismi ikki yirik loyiha — $TRUMP memkoini va World Liberty Financial hisobiga shakllangan. Birinchisi Trampning shaxsiy brendi asosida chiqarilgan raqamli token bo‘lsa, ikkinchisi oilasi ishtirokida tashkil etilgan kriptoga bog‘liq moliya kompaniyasidir.

 

Trampning kriptobiznesdan olayotgan daromadlari nafaqat moliyaviy ko‘lami, balki AQSH davlat siyosati bilan bir vaqtda rivojlanayotgani bois ham qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, xorijiy sarmoyadorlarning Tramp oilasi kompaniyalariga yirik mablag‘ kiritishi va keyinchalik AQSH hukumati tomonidan ularning manfaatlariga daxldor qarorlar qabul qilinishi siyosiy nazorat hamda manfaatlar to‘qnashuvi masalasini kun tartibiga olib chiqdi.

$TRUMP: prezident memkoinidan 635 mln dollar daromad

 

Trampning kriptovalyuta sohasidagi ilk yirik loyihalaridan biri $TRUMP memkoini bo‘ldi. U 2025 yil 17-yanvarda — Trampning prezidentlikka kirishish marosimidan uch kun avval savdoga chiqarildi.

 

Memkoin internet memlari, mashhur shaxslar yoki ommaviy madaniyat obrazlari asosida yaratiladigan kriptoaktiv turi hisoblanadi. Bunday tokenlar aksiyalar kabi mulk huquqini bermaydi; ularning qiymati faqat bozordagi talab, taklif va investorlar qiziqishiga bog‘liq bo‘ladi.

 

$TRUMP tokenining umumiy emissiyasi 1 mlrd dona etib belgilangan. Dastlab uning 20 foizi (200 mln donasi) ommaviy savdoga chiqarilgan, qolgan 80 foizi esa Trampga aloqador CIC Digital LLC va Fight Fight Fight LLC kompaniyalari ixtiyorida qoldirilgan. Ushbu tokenlarni bozorga chiqarish uch yillik bosqichma-bosqich taqsimlash jadvaliga bog‘langan. AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga (SEC) taqdim etilgan investitsion hujjatda token egalariga kompaniyada mulk huquqi, foyda taqsimoti yoki boshqaruvda ishtirok etish huquqi berilmasligi aniq qayd etilgan.

 

Trampning 2025 yilgi moliyaviy deklaratsiyasida $TRUMP loyihasi orqali CIC Digital LLC bilan bog‘liq 635 mln dollar daromad olingani ko‘rsatilgan.

 

Prezident bilan kechki ovqat: token egalariga qanday imtiyoz berildi?

 

$TRUMP memkoini atrofidagi eng bahsli tashabbuslardan biri — tokenning yirik egalari uchun Tramp bilan uchrashuv va kechki ovqat tashkil etilishi bo‘ldi.

 

2025 yil may oyida Tramp Virjiniya shtatidagi golf-klubida memkoinning eng yirik 220 nafar egasi uchun maxsus kechki ovqat uyushtirdi. Tadbirda qatnashish huquqi xaridorlarning kriptohamyonidagi tokenlar miqdoriga qarab belgilandi, eng ko‘p token saqlagan 25 nafar ishtirokchiga esa alohida VIP qabul va’da qilindi. Bloomberg tahliliga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan 220 ta kriptohamyonning kamida 56 foizi AQSH rezidentlariga xizmat ko‘rsatmaydigan xorijiy kriptobirjalar orqali operatsiyalar o‘tkazgan. Bu ishtirokchilarning katta qismi xorijlik bo‘lishi mumkinligidan darak beradi.

 

Bunday tadbirlar 2026 yilda ham davom etdi. Trampning uchinchi kripto-kechki ovqati 22-noyabr kuni uning Virjiniyadagi golf-klubida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, bu safar 185 nafar token egasi ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘lsa-da, 16-noyabrda yakunlangan reytingda atigi 130 ta kriptohamyon qayd etilgan. Ularning umumiy qiymati 8,6 mln dollarni tashkil etib, birinchi tadbirdagi ko‘rsatkichdan 94 foiz kam bo‘lgan.

 

Token narxi ham keskin qulagan: Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda 74 dollardan yuqoriga chiqqan bir dona $TRUMP 2026 yil 16-noyabrga kelib taxminan 0,92 dollar atrofida savdo qilingan. Natijada tokenni yuqori narxlarda sotib olgan ko‘plab investorlar jiddiy moliyaviy zarar ko‘rdi, Tramp oilasi esa deklaratsiyada qayd etilgan 635 mln dollarlik daromadga ega bo‘ldi. Reuters hisob-kitobiga ko‘ra, Trampning kriptovalyuta bilan bog‘liq beshta asosiy loyihasiga sarmoya kiritgan tashqi investorlar umumiy hisobda 5 mlrd dollardan ortiq bozor qiymatini yo‘qotgan.

World Liberty Financial: Tramp oilasining asosiy kriptobiznesi

 

Tramp oilasining kriptovalyuta daromadlarining eng katta qismi World Liberty Financial kompaniyasi bilan bog‘liq. Loyiha 2024 yil oxirida — Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozonishidan oldin — uning o‘g‘illari hamda keyinchalik AQSHning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan Stiv Vitkoff va uning o‘g‘li Zak Vitkoff ishtirokida yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda Zak Vitkoff kompaniya bosh direktori lavozimida ishlaydi.

 

World Liberty Financial asosan markazlashmagan moliyaviy xizmatlar va steyblkoinlar bilan shug‘ullanadi. Steyblkoin — qiymatini muayyan aktivga, masalan, AQSH dollariga bog‘lab turadigan kriptovalyuta. Kompaniyaning USD1 tokeni bir dollar qiymatini saqlashga mo‘ljallangan bo‘lib, uning zaxiralari AQSH dollari, davlat obligatsiyalari va boshqa pul ekvivalentlari bilan ta’minlanishi e’lon qilingan.

 

Rasmiy ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp va uning ayrim oila a’zolariga aloqador DT Marks DEFI LLC tuzilmasi World Liberty Financial'ga egalik qiluvchi WLF Holdco LLC kompaniyasining taxminan 38 foiz ulushiga ega. Shuningdek, u 22,5 mlrd dona WLFI boshqaruv tokeniga egalik qiladi va tokenlar sotuvidan tushadigan mablag‘ning belgilangan xarajatlar hamda zaxiralar chiqarib tashlanganidan keyingi 75 foizigacha bo‘lgan qismini xizmat haqi sifatida olish huquqiga ega. Bundan tashqari, Tramp oilasiga aloqador tuzilma USD1 steyblkoini zaxiralari — masalan, AQSH davlat obligatsiyalari — hisobidan olinadigan foiz daromadlarida ham bilvosita iqtisodiy manfaatdorlikka ega.

 

AQSH Hukumat etikasi idorasiga 2025 yil uchun topshirilgan moliyaviy deklaratsiyada World Liberty Financial bilan bog‘liq kompaniyalar qariyb 800 mln dollar daromad olgani qayd etilgan: shundan 520 mln dollardan ortig‘i tokenlar sotuvidan, 250 mln dollardan ziyodi esa biznesdagi ulushlarni sotishdan tushgan. NPR bilan suhbatlashgan CAP tadqiqotchilari esa keyingi davrdagi operatsiyalar va USD1 zaxiralaridan keladigan foizlarni ham inobatga olgan holda umumiy daromadni 1,7 mlrd dollardan yuqori deb baholagan.

 

BAAdan 500 mln dollarlik sarmoya va AQSHning AI chiplari bo‘yicha qarori

 

World Liberty Financial atrofidagi eng jiddiy siyosiy savollar Birlashgan Arab Amirliklari bilan bog‘liq yirik investitsiyadan so‘ng yuzaga keldi.

 

The Wall Street Journal nashrining 2026 yil 31-yanvardagi surishtiruviga ko‘ra, Donald Trampning prezidentlikka kirishish marosimidan to‘rt kun avval BAA milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi va hukmron sulola vakili shayx Tahnun bin Zoid Ol Nahyon bilan bog‘liq Aryam Investment 1 kompaniyasi World Liberty Financial'ning 49 foiz ulushini 500 mln dollarga sotib olish bo‘yicha kelishuv imzolagan.

 

NPR maqolasida qayd etishicha, ushbu investitsiyadan bir necha oy o‘tgach, AQSH hukumati BAAga qariyb 500 ming dona ilg‘or sun’iy intellekt chiplarini yetkazib berishga yo‘l ochuvchi eksport cheklovlarini yumshatgan. Bu chiplar BAAning yirik ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish va sun’iy intellekt sohasidagi rejalari uchun strategik ahamiyatga ega.

 

AQSH Senati Bank ishlari qo‘mitasining demokrat a’zolari 2026 yil iyun oyida e’lon qilgan hisobotda BAA sarmoyalaridan keyin Tramp ma’muriyati ushbu davlat manfaatlariga mos keluvchi kamida o‘nta siyosiy qaror qabul qilgani ta’kidlangan.

2 mlrd dollarlik Binance bitimi va steyblkoindan foydalanish

 

World Liberty Financial'ning xalqaro kriptobozordagi ishtiroki faqat BAA investitsiyasi bilan cheklanmadi. 2025 yil may oyida kompaniyaning USD1 steyblkoini Abu-Dabida joylashgan MGX investitsiya kompaniyasining Binance kriptobirjasiga kiritgan 2 mlrd dollarlik sarmoya bitimini yakunlash uchun tanlandi. Bu haqda Zak Vitkoff Dubaydagi kriptovalyuta konferensiyasida ma’lum qildi. Reuters xabariga ko‘ra, MGX shayx Tahnun rahbarligidagi investitsiya tuzilmasi hisoblanadi.

 

Ushbu yirik institutsional bitim USD1 steyblkoinining bozordagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. Shu bilan birga, bozordagi yana bir shov-shuvli voqea Binance asoschisi Chanpen Chjao bilan bog‘liq bo‘ldi: u 2023 yilda pul yuvishga qarshi qonun talablarini buzganini tan olib, kompaniya rahbarligidan ketgan va AQSHda qamoq jazosini o‘tagan, 2025 yilda esa Tramp uni afv etgan edi.

 

Voqealarning bunday ketma-ketligi World Liberty, Binance, MGX va Tramp ma’muriyati o‘rtasidagi aloqalar yuzasidan muhokamalarni yanada kuchaytirdi. Biroq 2 mlrd dollarlik bitim aynan Chjaoning afv etilishi evaziga tuzilganini tasdiqlovchi sud qarori yoki rasmiy dalil mavjud emas. Binance vakili NPRga steyblkoinning qabul qilinishi siyosiy ta’sir yoki yuridik qarorga erishish maqsadida amalga oshirilgani haqidagi da’volarni rad etdi.

 

Tramp ma’muriyati kriptovalyuta bozorini qanday o‘zgartirdi?

 

Tramp birinchi prezidentlik davrida va 2024 yilgi saylov kampaniyasining boshida kriptovalyutalarga shubha bilan qaragan bo‘lsa-da, keyinchalik o‘zini ushbu sohaning faol tarafdori sifatida namoyon eta boshladi.

 

2025 yil yanvar oyida u raqamli aktivlar sohasida AQSH yetakchiligini mustahkamlashga qaratilgan farmonni, shu yil 18-iyulda esa steyblkoinlar uchun federal tartibga solish tizimini joriy etgan GENIUS Act qonunini imzoladi. Qonun steyblkoin chiqaruvchilar zimmasiga zaxiralarni ta’minlash, ochiq hisobot berish va pul yuvishga qarshi talablarga rioya qilish majburiyatini yuklaydi.

 

Garchi GENIUS Act butun AQSH to‘lov steyblkoinlari bozori uchun umumiy qoidalarni belgilasa-da, prezident oilasining aynan shu sohada yirik biznes manfaatlariga egaligi siyosiy qarorlar atrofida manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi savollarni keltirib chiqarmoqda. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati kripto sohasidagi ayrim davlat nazorati va huquqni muhofaza qilish choralarini ham yumshatib, raqamli aktivlar kompaniyalari uchun qulayroq muhit yaratgan.

Korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi savollar

 

Tramp oilasining kriptobiznesi yuzasidan asosiy bahs davlat rahbari vakolatlari bilan shaxsiy moliyaviy manfaatlarning bir vaqtda uyg‘unlashib qolganiga borib taqaladi.

 

AQSHning avvalgi prezidentlari biznes manfaatlaridan uzoqlashish maqsadida aktivlarini mustaqil boshqaruvdagi trastlarga topshirgan. Trampning bizneslari esa farzandlari boshqaradigan trast orqali yuritiladi. Reuters ta’kidlashicha, prezident ushbu aktivlardan tushadigan daromadning benefitsiari bo‘lib qolmoqda va bu holat uning oilasiga aloqador kompaniyalar davlat qarorlaridan foyda ko‘rishi mumkinligi haqidagi munozaralarni kuchaytirmoqda.

 

Tramp CBS telekanalining «60 Minutes» dasturiga bergan intervyusida World Liberty Financial va boshqa bizneslari bilan farzandlari shug‘ullanishini, o‘zi esa shaxsiy boyligi masalasiga deyarli vaqt sarflamasligini aytdi. Oq uy ham manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmaganini bildirib, kriptosohani qo‘llab-quvvatlash mamlakat iqtisodiyoti va raqamli texnologiyalar yetakchiligiga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

 

Shunga qaramay, AQSH Kongressidagi demokratlar ushbu bizneslar yuzasidan tekshiruv boshlashga hozirlanmoqda. 2026 yilgi oraliq saylovlardan so‘ng Kongressning har ikki palatasida nazorat vakolatlarini qo‘lga kiritgan demokratlar 2027 yil yanvaridan Tramp oilasining biznes aloqalarini o‘rganishni rejalashtirgan.


Investorlar zarar ko‘rayotgan bir paytda Tramp oilasining daromadi o‘smoqda

 

Trampning kriptobiznesidagi eng e’tiborli jihat — loyihalarga sarmoya kiritgan oddiy investorlar va kompaniyalarga aloqador shaxslarning moliyaviy natijalari o‘rtasidagi keskin tafovutdir.

 

AQSH Hukumat etikasi idorasiga topshirilgan 2025 yillik deklaratsiyada Tramp kriptobizneslardan 1,4 mlrd dollardan ortiq daromad olganini ko‘rsatgan. Reuters hisob-kitobiga ko‘ra, oila 2025 yildan 2026 yil apreligacha kriptoloyihalardan kamida 2,3 mlrd dollar ishlab topgan. Center for American Progress'ning 2026 yil noyabr oyidagi hisob-kitobida esa Tramp va uning oilasiga tegishli jami tushum va sovg‘alar qariyb 2,94 mlrd dollarga yetib, shundan 2,42 mlrd dollari kriptovalyuta loyihalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

 

Shu tariqa, Tramp oilasining kriptovalyuta biznesi bir tomondan milliardlab dollarlik daromad manbaiga aylangan bo‘lsa, boshqa tomondan investorlar uchun jiddiy bozor xatarlarini yuzaga keltirdi. Xorijiy sarmoyadorlar ishtiroki, davlat qarorlari bilan vaqt jihatidan mos kelgan bitimlar va prezidentning o‘z biznesidagi iqtisodiy manfaatlari esa AQSHda siyosiy va huquqiy nazorat masalasini yanada dolzarblashtirmoqda.

Теглар

Мавзуга оид