Tramp neft bilan bog‘liq sanksiyalar bekor qilinishini aytdi
Biroq cheklovlar faqat vaqtincha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilgunga qadar olib tashlanadi.

AQSH prezidenti Donald Tramp kecha, 9-mart kuni Floridada o‘tgan matbuot anjumanida Eron bilan urush «juda tez orada» yakunlanishini bashorat qildi.
Jurnalist urush shu hafta tugashi mumkinmi, deb so‘raganida, Tramp: «Yo‘q, lekin tez orada, juda tez orada», – deb javob berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH operatsiyasi rejadan oldin ketmoqda.
AQSH prezidenti, shuningdek, Erondagi urush tufayli narxlar keskin oshganidan keyin neft ta’minotini ta’minlash va narxlarni tushirish maqsadida neft bilan bog‘liq ayrim sanksiyalarni bekor qilishini bildirdi. Tehron amalda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ygan. U Fors ko‘rfazini okean bilan bog‘laydi va odatda jahon neft oqimining qariyb chorak qismi aynan shu yerdan o‘tadi.
«Biz ayrim davlatlarga sanksiyalar joriy etganmiz. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilguncha bu sanksiyalarni bekor qilamiz», – dedi Tramp.
Tramp qaysi davlatlarga nisbatan sanksiyalar yumshatilishini aytmadi. Biroq mart oyi boshida AQSH 30 kunlik vaqtinchalik ruxsatnoma chiqarib, Hindistonga dengizda bo‘lgan Rossiya neftini xarid qilishga ruxsat bergan edi.
«Urush deyarli tugadi»
Bundan oldin 9-mart kuni «CBS»ning Oq uydagi muxbiri Veyjia Jiang Tramp bilan telefon orqali suhbatdan iqtibos e’lon qildi: «Menimcha, urush deyarli tugadi». Jurnalistning aytishicha, Tramp AQSHning Eronga qarshi operatsiyasi avval rejalashtirilgan to‘rt-besh haftalik muddatdan «juda katta farq bilan» oldinda ketayotganini ham aytgan.
Bu xabar AQSH fond bozorida juda ijobiy reaksiyaga sabab bo‘ldi. Kun davomida pasayib borayotgan asosiy indekslar keskin o‘sishga o‘tdi. «Brent» neft narxi 9-mart kuni ertalab barreli qariyb 120 dollargacha ko‘tarilgan bo‘lsa, «CBS» muxbiri xabaridan keyin 84 dollardan ham pastga tushdi.
Trampning matbuot anjumanidagi bayonotlaridan keyin AQSH aksiyalari fyucherslari taxminan 0,3 foizga pasaydi.





