Logo

«Ulush bermadik, natijada siz ko‘rgan video chiqdi» — «Iman Invest» rahbari qarshi bayonot berdi

Бугун 11:073 дақиқа

Islom moliyasiga muvofiqlashtirish kengashi «Iman Invest» bilan hamkorlikni to‘xtatib, kompaniya faoliyatida moliyaviy qoidabuzarliklar aniqlanganini bildirdi. Kompaniya rahbariyati bu ayblovlarni rad etmoqda.

«Ulush bermadik, natijada siz ko‘rgan video chiqdi» — «Iman Invest» rahbari qarshi bayonot berdi © Kollaj: Vaqt.uz

Kecha, 25-oktabr kuni Islom moliyasiga muvofiqlashtirish kengashi (IFCB) «Iman Invest» bilan barcha hamkorlikni zudlik bilan va to‘liq to‘xtatganini e’lon qildi. Kengash a’zolari — islom moliyasi bo‘yicha xalqaro auditor Mahmud Usmon va xalqaro huquqshunos Husayn Rajabov bayonotiga ko‘ra, kompaniya faoliyati yuzasidan yakuniy xulosa berilmagan, shar’iy audit jarayoni davom etgan.

2026-yil iyul oyida kengashga kompaniyadagi shubhali tranzaksiyalarni aks ettiruvchi hujjatlar kelib tushgan. Shundan so‘ng xalqaro moliyachilar, huquqshunoslar va shar’iy auditorlardan iborat taftish komissiyasi tuzilib, uch yarim oy davomida tekshiruv olib borilgan. Moliyaviy tekshiruvlar 15-oktabrda yakunlangan.

IFCB xulosasiga ko‘ra, kompaniya rahbariyati investorlar mablag‘larini islom moliyasi tamoyillari, ichki hujjatlar va O‘zbekiston qonunchiligiga zid ravishda ishlatgan.

Xususan, «Iman Invest» mudoraba asosida faoliyat yuritishiga qaramay, investor kapitali yoki uning bir qismi qaytarilinmaydigan holatga kelgan paytda ham foyda taqsimlangani aytiladi. Shuningdek, investorlar mablag‘lari qimmatbaho avtomobillar va xonadonlar xaridi, shaxsiy manfaatlar hamda ma’muriy xarajatlarga sarflangani ta’kidlangan.

Buning oqibatida kompaniyada bir necha million dollarlik kamomad yuzaga kelgan. Kengash vakili investorlar mablag‘larini qaytarish talabi qo‘yilgan taqdirda kompaniya ushbu majburiyatlarni to‘liq bajarishga qodir bo‘lmasligi mumkinligini aytmoqda.

Shu sababli aniqlangan qoidabuzarliklar bartaraf etilib, zarar qoplanmaguncha kengash «Iman Invest»ga mablag‘ kiritishni shariat nuqtai nazaridan tavsiya etmasligini ma’lum qildi.

«Iman» asoschisi ayblovlarni rad etdi

«Iman» kompaniyasi asoschisi Rustam Rahmatov Mahmud Usmon tomonidan kompaniya faoliyatiga nisbatan bildirilgan da’volarni rad etdi. Uning aytishicha, tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchilik xizmat haqlarini kamaytirish masalasi va kompaniya aksiyalaridan ulush so‘ralishi ortidan yuzaga kelgan.

Rahmatovning ta’kidlashicha, Mahmud Usmon bilan ikki yarim yillik hamkorlik davomida unga 100 ming dollardan ortiq xizmat haqi to‘langan. Keyinchalik kompaniya ushbu to‘lovlarni kamaytirishga qaror qilgan. Shuningdek, Mahmud Usmon «Iman xolding» aksiyalaridan ulush so‘ragan. Rahmatov esa kompaniya sheriklari bilan maslahatlashib, bu taklifni rad etgan. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.

«…Rad javobini berdik va natijada siz ko‘rgan video chiqdi. Musulmonning sha’ni va mulki boshqa musulmon uchun harom», — dedi kompaniya asoschisi.

Rahmatovning ma’lum qilishicha, Mahmud Usmon bilan hamkorlik to‘xtatilganidan keyin kompaniya Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy bilan hamkorlikni boshlagan. Yangi audit natijalari taxminan bir oy ichida e’lon qilinadi. Shuningdek, kompaniya ikki yil avval auditdan o‘tib, shar’iy talablarga muvofiqligi haqida ijobiy xulosa olganini bildirdi. O‘tgan yil va joriy yil faoliyati bo‘yicha tekshiruv natijalari ham jamoatchilikka taqdim etilishi aytildi.

Kompaniya asoschisi shar’iy masalalarda qarorlar bir kishining fikriga emas, kengashning umumiy xulosasiga tayanishi lozimligini qo‘shimcha qildi. Shu maqsadda bir nechta ulamolar ishtirokida yangi shar’iy kengash tuzilmoqda. Kelgusida kompaniyaning yangi xizmatlari va shartnomalari ushbu kengash tomonidan ko‘rib chiqiladi. Kengash tarkibini yaqin kunlarda e’lon qilish rejalashtirilgan.

Rahmatov investorlar va hamkorlar oldidagi majburiyatlar o‘z kuchida qolishini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan kelishmovchilik kompaniyaning ushbu majburiyatlariga ta’sir qilmaydi.

«Sizdan har qanday tekshirilmagan va isboti yo‘q ma’lumotlarga ishonmasligingizni iltimos qilaman va bu tushunmovchilikni albatta qonun orqali hal qilamiz», — dedi Rustam Rahmatov.

«Iman» o‘zi qanday kompaniya?

«IMAN HALAL INVESTMENTS» mas’uliyati cheklangan jamiyati 2019 yil 24-aprelda davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Org.info ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning ustav fondi esa 10,1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Korxona rahbari sifatida Boboyev Zuhrilloho‘ja Ruxillo o‘g‘li ko‘rsatilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi komputer dasturlashtirish sohasiga tegishli.

«Iman» o‘z faoliyatini islom moliyasi tamoyillariga asoslangan investitsiya xizmatlari bilan bog‘laydi. Kompaniya platformasida investitsiya kiritish, biznes loyihalarida sherik sifatida ishtirok etish va mahsulotlarni muddatli to‘lov asosida xarid qilish kabi xizmatlar taklif etilgan. Jumladan, «Iman Pay» orqali nasiya xaridlari, investitsiya yo‘nalishida esa biznes va ko‘chmas mulk loyihalariga mablag‘ kiritish imkoniyatlari taqdim qilingan.

Теглар

Мавзуга оид