«Urush quli»ga aylangan Putin va Yevropani kuchaytirishga da’vatlar: Myunxen konferensiyasining asosiy voqealari

Germaniyaning Myunxen shahrida keskin bayonotlar yangradi. Zelenskiy Putinni «urush quli» deb atab, tajovuz Yevropaga ko‘chishidan ogohlantirdi. Marko Rubio Yevropaga «biz bir oilamiz» dedi, ammo yevropaliklar bunga ishonmayapti.

«Urush quli»ga aylangan Putin va Yevropani kuchaytirishga da’vatlar: Myunxen konferensiyasining asosiy voqealari

Myunxenda o‘tkazilgan xavfsizlik konferensiyasining ikkinchi kunida barcha asosiy notiqlardan so‘ng so‘zga chiqqan Zelenskiy Ukraina va uning ittifoqchilari aslida kim bilan yuzma-yuz kelgani hamda AQSH Kiyevni kim bilan tinchlik bitimi imzolashga majburlayotganini yana bir bor eslatib qo‘yishga urindi.

«U o‘z hayotini hokimiyatsiz va hokimiyatdan ketganidan keyingi holatda tasavvur qila olmaydi. Uni oddiy insoniy qadriyatlar qiziqtirmaydi. U tirik zamondoshlaridan ko‘ra Pyotr Birinchi va Buyuk Yekaterina bilan ko‘proq «maslahatlashadi». Hozir uning butun diqqati Ukrainaga qaratilgan, ammo u boshqa Yevropa davlatlarini ham tinch qo‘ymaydi. Chunki u urush g‘oyasidan voz kecha olmaydi», — dedi u Rossiya prezidenti haqida.

«U o‘zini podshoh deb hisoblashi mumkin, lekin aslida — urush quli. Agar u yana 10 yil yashasa, urush baribir qaytadi va ko‘lami yanada kengroq bo‘ladi. Shu bois, Ukraina va Yevropaga xavfsizlik bo‘yicha mustahkam kafolatlar zarur. Bu kafolatlar tinchlik kelishuvlaridan avval taqdim etilishi shart», — deya davom etdi Ukraina rahbari.

Keyinroq bo‘lib o‘tgan savol-javob sessiyasida Zelenskiy AQSH Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha 15 yillik kafolat taklif qilayotganini, biroq Kiyev kamida 20 yil yoki undan ko‘proq muddat talab qilayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Vashington Kiyevdan avval tinchlik bitimini imzolashni, shundan keyingina Amerika kafolatlarini olishni talab qilmoqda.

Ukraina tomoni urushni to‘xtatish bo‘yicha har qanday kelishuvga erishish uchun avval AQSH va boshqa G‘arb ittifoqchilaridan ishonchli xavfsizlik kafolatlari olinishi zarur deya qat’iy turib olgan. Bu Rossiyaning takroriy bosqinini imkonsiz qilish uchun yagona yo‘ldir.

Zelenskiy Jenevadagi uchrashuv haqida nima dedi?

17-fevral kuni Jenevada Ukraina, Rossiya va AQSH delegatsiyalarining uch tomonlama yangi uchrashuvi rejalashtirilgan.

«Biz kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan uch tomonlama uchrashuvlar jiddiy, mazmunli va barchamiz uchun foydali bo‘lishiga chin dildan umid qilamiz. Biroq, to‘g‘risini aytganda, ba’zan tomonlar umuman boshqa-boshqa narsalar haqida gapirayotgandek tuyuladi», — dedi Zelenskiy bu borada.

Jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida u Vladimir Medinskiyning tinchlik bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi rahbari etib tayinlangani yuzasidan ham fikr bildirdi.

Yanvar va fevral oylarida Abu-Dabida o‘tgan avvalgi muzokaralar raundlarida Rossiya guruhiga Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Igor Kostyukov rahbarlik qilgan edi. Medinskiy — Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi. U avvalgi Rossiya-Ukraina muzokaralarining bir necha bosqichida Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilgan va o‘sha uchrashuvlardagi muhit unchalik ham konstruktiv bo‘lmagani aytilgan edi.

«Kutilmagan holat shundaki, rossiyaliklar guruh yetakchisini almashtirishdi. Nazarimda, ular qaror qabul qilishni paysalga solishmoqchi. Balki men bu masalada biroz salbiy fikrdadirman», — dedi Zelenskiy.

Shu bilan birga, Ukraina prezidenti amerikaliklar rossiyaliklarning bu tarzda o‘yin qilishlariga yo‘l qo‘ymasligiga umid bildirdi.

«Aftidan, Zelenskiyning bu jarayondan kutayotgan umidlari juda kam. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlarda har bir tomon o‘z bilganidan qolmayapti: Ukraina — munosib tinchlik haqida, Rossiya — mohiyati mavhum bo‘lgan qandaydir «Ankorij ruhi» haqida, Amerika esa — negadir faqat Ukraina borishi kerak bo‘lgan yon berishlar haqida gapirmoqda», — deydi BBC'ning Myunxen konferensiyasidagi muxbiri.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Myunxendagi chiqishida va keyinroq «Bloomberg» agentligiga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar Rossiya urushni tugatishga qanchalik jiddiy kirishgani va yakunda tinchlik bitimi tuzishga erishiladimi-yo‘qmi, buni hozircha bilmasligini aytdi.

Ammo, Rubioning ishontirishicha, AQSH bir vaqtning o‘zida Ukrainaga yordam berish va Rossiyaga sanksiyalar orqali bosim o‘tkazishni davom ettirgan holda tinchlikka erishish uchun harakat qiladi.

Yevropani yana buyuk qilish

Yevropa siyosatining asosiy yetakchilari — Germaniya kansleri, Fransiya prezidenti, Buyuk Britaniya bosh vaziri va Yevrokomissiya rahbari — Myunxenda navbatma-navbat so‘zga chiqib, bir fikrni ta’kidladi: AQSHning yangi siyosiy yo‘nalishi fonida Yevropa zudlik bilan o‘z harbiy qudratini oshirishi, Rossiyadan himoyalanishga tayyor turishi va o‘z taqdirini o‘z qo‘liga olishi shart.

«Bizni AQSHga bo‘lgan bunday o‘ta kuchli qaramlikka hech kim majburlagani yo‘q. Bu g‘o‘rlikka o‘zimiz aybdormiz. Lekin biz bu holatni ortda qoldiryapmiz. [...] Qolaversa, biz buni NATOni chiqitga chiqarish orqali emas, balki alyans ichida o‘z manfaatlarimizga xizmat qiladigan, kuchli va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan Yevropa tayanchini barpo etish orqali amalga oshiryapmiz», — dedi Germaniya kansleri Fridrix Mers.

«Buyuk davlatlar raqobati davrida hatto Qo‘shma Shtatlar ham yakka o‘zi kurashishga yetarlicha kuchli emas. Aziz do‘stlar, NATOga a’zolik — nafaqat Yevropa, balki Qo‘shma Shtatlar uchun ham raqobat ustunligidir. Shunday ekan, keling, transatlantik o‘zaro ishonchni birgalikda tiklaylik» — deya davom etdi Mers.

Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainaga hujum qilish orqali tajovuzga moyilligini yana bir bor namoyish etdi. Shu bois Yevropa zudlik bilan va birgalikda Rossiya tahdidiga qarshi turishga tayyorgarlik ko‘rishi shart.

«Dunyo yetakchilari [boshqa mamlakatdagi nizolardan] qayta-qayta yuz o‘girib kelishdi va faqat boshlari uzra to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf tug‘ilgandagina qayta qurollanishga kirishdi. Bu safar biz boshqacha yo‘l tutishimiz kerak», — dedi Starmer.

Uning uqtirishicha, hatto Ukrainada tinchlik sulhi tuzilgan taqdirda ham, Yevropa to‘liq xavfsiz bo‘lib qolmaydi — aksincha, tahdidlar soni ortadi.

Starmer Yevropani «uxlayotgan dev» deb atar ekan, uning iqtisodiyoti Rossiyanikidan 10 barobar kuchliroq ekaniga e’tibor qaratdi. Biroq, uning fikricha, Yevropa haddan tashqari tarqoq va ba’zida samarasiz harakat qilmoqda.

«Biz harbiy salohiyatimizni oshirishimiz zarur, chunki davr talabi shunday», — dedi Starmer. U, xususan, Britaniya Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda ushbu kuchning yagona Yevropa harbiy-sanoat bazasini yaratishga chaqirdi.

Makron Ukrainadagi urush tugaganidan keyin ham bo‘shashmaslikka chaqirdi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Myunxendagi chiqishida Starmerning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi: Ukrainada tinchlik o‘rnatilishi ham Yevropaning xotirjamlikka berilishiga asos bo‘la olmaydi.

«Agar Ukraina masalasida bir to‘xtamga kelsak ham, tajovuzkor Rossiya, uning to‘xtovsiz ishlayotgan mudofaa sanoati va haddan tashqari kengaytirilgan armiyasi bilan hisoblashishimizga to‘g‘ri keladi», — dedi Makron.

Fransiya rahbarining fikricha, tomonlar AQSH ishtirokida ehtimoliy tinchlik bitimini muhokama qilayotgan bir paytda, G‘arb Rossiya talablariga yon bosish o‘rniga, unga bosimni yanada kuchaytirishi zarur. Chunki Rossiyaning o‘zi Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga zarbalarni ko‘paytirmoqda.

Makron Yevropa «geosiyosiy kuchga aylanishni o‘rganishi shart» ekanini ta’kidladi. Mudofaa masalasida endi AQSHga suyanib bo‘lmasligiga ishora qilar ekan, u Yevropa davlatlari «mudofaa, texnologiyalar va xatarlarni bartaraf etishda» o‘z kuchiga ega bo‘lishi lozimligini bildirdi.

Shuningdek, Makron Germaniya kansleri bilan Fransiyaning yadroviy salohiyati asosida Yevropa yadroning «soyaboni»ni yaratish bo‘yicha maslahatlashuvlarni boshlaganini ma’lum qildi. Fridrix Mers keyinroq o‘z nutqida buni tasdiqladi.

Shu bilan birga, NATO bosh kotibi Mark Ryutte jurnalistlarga bergan intervyusida shunday dedi: garchi Yevropaning ikki yadroviy davlati — Fransiya va Britaniya qit’a mudofaasida o‘z salohiyatini oshirishni muhokama qilayotgan bo‘lsa-da, Yevropada hech kim bu kuchlar Amerika «yadro soyaboni»ning o‘rnini to‘liq bosa oladi, degan fikrda emas.

Marko Rubio — AQSH va Yevropaning abadiy ittifoqi haqida

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Myunxenda «yaxshi politsiyachi» rolini o‘ynadi. O‘tgan yili «yomon politsiyachi» vazifasini vitse-prezident Jey Di Vens bajargan edi. U o‘shanda Yevropani ommaviy immigratsiyaga yo‘l qo‘yish orqali o‘z madaniyati va o‘zligini yo‘qotayotganlikda, shuningdek, so‘z erkinligini cheklayotganlikda ayblagan edi.

«Yangiliklar sarlavhalari transatlantik davrning poyoniga yetganini jar solayotgan bir paytda, hamma bilsinki: biz buni istamaymiz va bunga intilmaymiz. Garchi biz — amerikaliklarning uyi G‘arbiy yarimsharda joylashgan bo‘lsa-da, baribir Yevropa farzandlari bo‘lib qolamiz. Biz — Qo‘shma Shtatlar va Yevropa — birga bo‘lishimiz shart», — dedi Rubio. Zal uni o‘rnidan turib olqishladi.

Shu bilan birga, Rubio Yevropa yetakchilari oldidagi nutqida ommaviy immigratsiyaga toqat qilish hamda o‘z sanoatini barbod etish borasidagi tanqidlarni ham takrorlab o‘tdi.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, u Yevropani Donald Trampning «dunyoni yangilash» yo‘lidagi sa’y-harakatlariga qo‘shilishga chaqirgan.

«Bu [bizning] dunyodagi o‘rnimizni tiklashga hamda sivilizatsiyani vayron qilishga urinayotgan, Amerika va Yevropaga tahdid solayotgan kuchlarga munosib zarba berishga imkon yaratadi», — dedi AQSH Davlat kotibi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxan Vadeful Rubioning nutqini yaxshi ishora deb atadi. Uning qayd etishicha, Davlat kotibi Yevropa va Amerika o‘tmishda birgalikda erishgan yutuqlar hamda kelajakdagi imkoniyatlarga asosiy urg‘uni qaratgan.

Dunyo axborot agentliklarining yozishicha, Vadefulning nazdida bu AQSH va Yevropa kelajakda munosabatlarni qayta tiklab, samarali hamkorlik qila olishidan dalolat berishi mumkin. Ammo, nemis vazirining ta’kidlashicha, Vashingtonning hozirgi siyosiy yo‘nalishi sharoitida vaziyat hamon mavhumligicha qolmoqda.

Biroq Rubioning gaplari ko‘plab yevropalik siyosatchilarda ishonch uyg‘ota olmagan.

«Yevropaliklar ommaviy migratsiya va sanoatsizlashtirish oqibatida yuzaga kelishi aytilayotgan sivilizatsiya tanazzulini o‘zlarini birlashtiruvchi asosiy manfaat deb bilishiga ishonchim komil emas. Ko‘pchilik yevropaliklar uchun umumiy manfaat — bu xavfsizlikdir», — deb yozdi Litva sobiq tashqi ishlar vaziri Gabrielyus Landsbergis X ijtimoiy tarmog‘ida.

«Bu [Tramp] ma’muriyatining umumiy pozitsiyasidan chekinish emas. Shunchaki ayni qarashlar muloyimroq ohangda ifoda etildi, xolos», — deya xulosa qildi litvalik siyosatchi.

Теглар

Мавзуга оид