Yangi alifboning bank sohasiga ta’siri: eski shartnoma va pullar o‘z kuchini yo‘qotadimi?
2026-yil 21-oktabrda tasdiqlangan yangi qonun bilan o‘zbek alifbosiga o‘zgartirishlar kiritildi va ushbu qonun 2027-yil 22-apreldan amalga kiradi.
© statuzO‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga o‘tilishi munosabati bilan ayrim bank nomlarining yozilishi o‘zgarishi mumkin. Biroq eski alifboda tuzilgan bank shartnomalari, muomaladagi milliy valuta va qimmatli qog‘ozlar o‘z yuridik kuchini to‘liq saqlab qoladi. Bu haqda 2026 yil 21-oktabrda qabul qilingan O‘RQ–1184-sonli qonunda belgilangan.
Qonunning 1-moddasiga asosan, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat alifbo (O‘ → Ö, G‘ → Ğ, Sh → Ş, Ch → Ç) joriy etiladi. Hujjat 2027-yil 22-apreldan rasman kuchga kiradi.
Qonunning 3-moddasiga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda yangi alifboni amaliyotga joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishi va tasdiqlashi lozim.
Bank nomlari va boshqa yozuvlarni yangi alifboga moslashtirishning aniq muddatlari aynan mana shu dastur asosida belgilanadi.
Shartnomalar, milliy valuta va qimmatli qog‘ozlar taqdiri
Qonunning 2-moddasiga ko‘ra, hujjat kuchga kirguniga qadar lotin alifbosida rasmiylashtirilgan barcha yuridik hujjatlarda harflarning avvalgi shakli mavjudligi ularning amal qilishiga to‘sqinlik qilmaydi. Bu quyidagi moliyaviy vositalar o‘z kuchini saqlab qolishini anglatadi:
— Shartnomalar: Ilgari tuzilgan barcha turdagi kredit, omonat va garov shartnomalari yuridik jihatdan haqiqiy hisoblanadi va ularni qayta tuzish talab etilmaydi.
— Milliy valuta: Muomaladagi so‘m banknotlarini yangi alifbodagisiga almashtirish majburiy emas. Pul belgilaridagi avvalgi harflar uning to‘lov vositasi sifatidagi maqomiga ta’sir qilmaydi.
— Qimmatli qog‘ozlar: Ilgari rasmiylashtirilgan aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar ham o‘z amal qilishini va muomalada bo‘lishini davom ettiradi.





