Logo

«Yangi bank»ning bosh ofisi sotuvga qo‘yildi

Бугун 13:252 дақиқа

Bino 2017 yilda qurib bitkazilgan bo‘lib, 5 ta qavatdan va 47 ta xonadan iborat. Obyektning maydoni jami 25 sotixni tashkil etadi.

«Yangi bank»ning bosh ofisi sotuvga qo‘yildi

Toshkent shahrida joylashgan «Yangi bank»ning bosh ofisi bankning tugatilayotgani sababli E-Auksion platformasida sotuvga qo‘yildi.

Obyektning boshlang‘ich narxi 163.3 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Auksionda qatnashish uchun talab qilinadigan zakalat puli miqdori boshlang‘ich narxning 1 foizi ya’ni 1.63 mlrd so‘m etib belgilandi. Bino 2017 yilda qurib bitkazilgan bo‘lib 5 ta qavatdan va 47 ta xonadan iborat. Obyektning maydoni jami 25 sotixni tashkil etadi.

Arizalarni qabul qilish 20-iyul kuni soat 9:00 gacha davom etadi. Savdolar esa 10:00 dan boshlanadi. Auksion narxni oshirib borish uslubida o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank Boshqaruvining 2026 yil 15-yanvardagi qarori bilan «Yangi bank» aksiyadorlik jamiyatining bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingandi.

Markaziy bank talablariga ko‘ra, 2025 yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistondagi banklarda ustav kapitalining eng kam miqdori 500 mlrd so‘mni tashkil qilishi kerak.

Biroq, 2026 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, «Yangi bank»ning ustav kapitali 355 mlrd so‘mni tashkil etgan. Regulyator tomonidan ustav kapitali bo‘yicha talablarni bajarish haqida bir necha bor ogohlantirilgan.

Shunga qaramasdan, «Yangi bank» ushbu masala bo‘yicha yetarli amaliy choralar ko‘rilmagan. Bu esa bank litsenziyasini chaqirib olish uchun asos bo‘lgan. «Yangi bank»ning jami moliyaviy zarari 171 mlrd so‘mdan oshgan edi. Ushbu zararning katta qismi 2025 yilda shakllangan.

Bundan tashqari joriy yilning yanvar oyida Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov «Yangi bank»ni sotishdan avval unga potensial mijoz qidirgan, lekin xaridor topilmaganini ma’lum qilgan edi.

Теглар

Мавзуга оид