Logo

Yarim yilda magistrant xotin-qizlar kontrakti uchun davlat qancha to‘lab bergani aytildi

Бугун 13:252 дақиқа

Olti oy davomida oliy ta’lim sohasiga 6,3 trln so‘m yoki ta’lim xarajatlarining 12,7 foizi yo‘naltirilgan.

Yarim yilda magistrant xotin-qizlar kontrakti uchun davlat qancha to‘lab bergani aytildi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda 2026-yil I yarmida magistraturada o‘qiyotgan 11 ming nafardan ortiq xotin-qizlarning 75,5 milliard so‘mlik to‘lov-kontrakti davlat budjetidan qoplab berildi. Bu haqda iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 15-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida davlat budjetining olti oylik ijrosi bo‘yicha parlamentga bergan hisobotida aytdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, qariyb yetti ming xotin-qizga 88 milliard so‘m miqdorida foizsiz ta’lim krediti, 1,8 ming nafarga yaqin talabaga 26 milliard so‘m miqdorida imtiyozli ta’lim krediti ajratilgan. Yarim yil davomida oliy ta’lim sohasiga 6,3 trillion so‘m yoki ta’lim xarajatlarining 12,7 foizi yo‘naltirilgan. Shundan 2,1 trillion so‘m o‘rta maxsus va kasbiy ta’limga, 3,6 trillion so‘mi oliy ta’limga sarflangan. Bunda kasbiy ta’lim sifatini oshirish maqsadida 14 ta texnikumda xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etishga 72 milliard so‘m ajratilgan.

Qo‘chqorov hisobot davrida davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylari soni 386 taga, ularning sig‘imi 156 mingdan oshib, yotoqxonaga ehtiyoji mavjud talabalarning 57 foizi qamrab olingani, talabalar turar joylarini barpo etish, xususiy sheriklarni qo‘llab-quvvatlash va ijara xarajatlarini qoplash uchun 182 milliard so‘m subsidiyalar ajratilganini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot uchun, 2026–2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati 15-oktabrga qadar uzaytirildi. Mazkur muddat bakalavriat va magistraturaga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar, o‘qishi ko‘chirilgan yoki ko‘chirib tiklangan talabalar hamda o‘qishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.

15-oktabrga qadar bazaviy to‘lov-kontrakt bo‘yicha yillik summaning kamida 25 foizi, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt bo‘yicha esa kamida 50 foizi to‘lanishi lozim.

Теглар

Мавзуга оид