Yoshlarga 206 mln so‘mgacha imtiyozli ssuda ajratiladi
Yoshlar tomonidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlarini elektr energiyasi, ichimlik va oqova suv tarmoqlariga ulash xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
© FreepikO‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlash va ularni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida «Yangi avlod tadbirkorlari» dasturi ishga tushiriladi. Ushbu tashabbus 2030 yilga qadar 20 ming nafar yoshni qamrab olishni ko‘zda tutadi.
Prezident qaroriga muvofiq, dastur doirasida mahalliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek xususiy sektor vakillari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Saralash asosida tanlab olingan ishtirokchilar tadbirkorlikning asosiy ko‘nikmalari bo‘yicha o‘qitiladi.
Tadbirkorlikka o‘qitish jarayoni
O‘quv jarayonida biznes-reja tuzish, mahsulotni bozorga chiqarish va savdoni kengaytirish kabi muhim yo‘nalishlar qamrab olinadi. Dastur yakunida ishtirokchilar bilimlari baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan ming nafar yoshga maxsus sertifikat beriladi.
Mazkur sertifikatga ega bo‘lgan yoshlar uchun moliyaviy imkoniyatlar ham nazarda tutilgan. Xususan, ularga BHMning 500 baravarigacha, ya’ni 206 mln so‘mgacha ssuda ajratiladi. Ushbu mablag‘lar Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi imtiyozli foizda, 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga beriladi.
Shu bilan birga, 2026 yil 1-avgustdan boshlab, yangi tashkil etilgan va rahbari yoshlardan iborat fermer xo‘jaliklariga qo‘shimcha yengilliklar taqdim etiladi. Ular uchun buxgalteriya xizmatlari ikki yil davomida bepul ko‘rsatiladi.
Yoshlar tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi
Bundan tashqari, 2026 yil 1-iyuldan yoshlar tashkil etgan tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash xarajatlarining BHMning 10 baravarigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Avvalroq, 2025 yil fevral oyida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, unga 100 mln dollar mablag‘ ajratilgan edi. So‘nggi yillarda yosh tadbirkorlar soni uch baravarga oshgani, biznes subyektlarining qariyb 40 foizini aynan yoshlar tashkil etayotgani qayd etilgan.





