Eron urushining AQSH iqtisodiyotiga ta’siri va xavflar tahlili
Eron bilan bog‘liq ziddiyatlar AQSHda energiya narxlari va inflatsiyani oshirmoqda. Iqtisodiy o‘sish sekinlashishi va moliyaviy risklar kuchayishi mumkin.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Osiyo va Yevropa mamlakatlariga nisbatan ancha qulayroq holatda bo‘lib, Eron bilan urush oqibatlarini yengilroq yengib o‘tishi mumkin. Biroq birgalikda qaralganda Amerika iqtisodiyoti uchun tizimli xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan risklar mavjud. Bu haqda Pensilvaniya universitetining Uorton maktabi professori Muhammad el Erian yozdi.
O‘sish drayverlari
Ko‘p yillar davomida AQSH iqtisodiyoti rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar havas qiladigan darajada bo‘lib keldi. Dinamik va samarali iqtisodiyot o‘z kelajak taraqqiyotiga faol investitsiya kiritib, ko‘plab boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etdi.
Biroq hozir Eron bilan bog‘liq urush oqibatlari namoyon bo‘la boshlagan sari, AQSH iqtisodiyoti istiqbollariga doir xavotirlar kuchaymoqda.
Statistika buni tasdiqlaydi. 2008-yilgi global moliyaviy inqirozdan keyingi «Buyuk retsessiya» davrida AQSH iqtisodiyoti keskin qisqargan bo‘lsa-da, 2007-2020-yillarda YAIM o‘rtacha yillik o‘sishi 1,48 foizni tashkil etdi. Shu davrda Yevrozonada bu ko‘rsatkich atigi 0,59 foiz bo‘lgan.
COVID-19 pandemiyasi yana bir shok bo‘ldi, ammo u AQSH iqtisodiyoti uchun uzoq davom etmadi: 2021–2025-yillarda o‘rtacha o‘sish sur’ati 3,27 foizni tashkil etdi – bu ham Yevrozonadan yuqori (2,63 foiz).
Yuqori mehnat unumdorligi, riskka tayyor kapitalning ko‘pligi, faol tadbirkorlik muhiti va (yaqin vaqtgacha) o‘sib borayotgan mehnat bozori – bular AQSH iqtisodiy o‘sishining asosiy drayverlari bo‘lib kelgan. So‘nggi ikki yilda esa bu o‘sish sun’iy intellektga yirik investitsiyalar tufayli yanada tezlashdi.
Shu bilan birga, AQSHda ketma-ket hukumatlar keng ko‘lamli budjet rag‘batlantirish siyosatini yuritib keldi. Holbuki, ishsizlik past bo‘lgan sharoitda, odatda, budjetni muvozanatlashtirish va davlat qarzining o‘sishini cheklashga intilish kutilar edi.
Xomashyo shokiga qarshi uchta himoya to‘sig‘i
Biroq endi iqtisodiy o‘sish to‘siqlarga duch kelganga o‘xshaydi. AQSH Savdo vazirligi yaqinda 2025-yil to‘rtinchi choragi uchun o‘sish prognozini ikki baravarga qisqartirdi – 1,4 foizdan atigi 0,7 foizgacha. Endi esa uy xo‘jaliklari va kompaniyalar Eron bilan urush oqibatlarini his qilmoqda: energiya resurslari va qarz olish xarajatlari oshib bormoqda, bu esa mavjud moliyaviy muammolarni kuchaytirib, yangilarini keltirib chiqarishi mumkin.
Shubhasiz, AQSH bu oqibatlarni yengib o‘tishda ko‘plab boshqa davlatlarga, ayniqsa Osiyo va Yevropaga qaraganda, ancha qulay holatda. Energetik mustaqillik tufayli AQSHda ta’minot tanqisligi xavfi yo‘q – bu xavf hozir Osiyo va ayrim Yevropa mamlakatlarida kuzatilmoqda. Shuningdek, Amerika iqtisodiyoti jahon savdosi, investitsiyalar va to‘lov tizimlarining parchalanishidan kamroq zarar ko‘radi.
Ko‘plab davlatlar jiddiy budjet muammolariga duch kelayotgan bir paytda, AQSH Donald Trampning «Katta go‘zal qonun»i doirasida qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini tayyorlamoqda. Federal zaxira tizimi esa foiz stavkalarini pasaytirishni sekinlashtirishi mumkin bo‘lsa-da, ularni oshirishga Yevropa markaziy banki yoki Angliya bankiga qaraganda kamroq moyil bo‘lishi mumkin. Bu uning «ikkilamchi mandati» – narxlar barqarorligi bilan birga bandlik darajasini ham hisobga olish talab etilishi bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, AQSH xususiy sektori juda moslashuvchan bo‘lib, an’anaviy ravishda o‘zgaruvchan sharoitlarga tez javob qaytara oladi. O‘rtacha Amerika kompaniyasi yuqori noaniqlik davriga nisbatan mustahkam moliyaviy holat bilan kirib kelmoqda. Biznesda sun’iy intellekt va boshqa istiqbolli innovatsiyalardan foydalanish uchun tez qayta tuzilishga kuchli rag‘bat mavjud.
AQSH Federal zaxira tizimi uchun eng kerak bo‘lmagan holat
Biroq, AQSH iqtisodiy jihatdan boshqa davlatlardan oldinda qolishda davom etsa ham, bu uni urushning salbiy oqibatlaridan himoya qiladi degani emas. Hozirning o‘zida energiya resurslari va qarz olish xarajatlarining o‘sishi ko‘plab amerikaliklar uchun tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini qiyinlashtirmoqda. Bu esa bandlik va iste’mol darajasining pasayishi xavfini oshirib, iqtisodiy o‘sish sur’atlarining sekinlashishiga olib kelishi mumkin.
AQSH Eron bilan urushga doimiy inflatsiya sharoitida kirdi – Federal zaxira tizimi ketma-ket oltinchi yildirki inflatsiyani 2 foizlik maqsadli darajaga tushira olmayapti. Endi esa energiya narxlarining o‘sishi umumiy narxlarning keskin ko‘tarilishiga olib keladi.
Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar oshishi (urushning dastlabki uch haftasida benzin narxi AQSHda 30 foizga, dizel yoqilg‘isi esa 40 foizga oshgan) tez orada yarimo‘tkazgichlar va o‘g‘itlardan tortib aviachiptalargacha bo‘lgan keng ko‘lamli tovar va xizmatlar qimmatlashishiga sabab bo‘ladi.
Kelgusida inflyatsion bosim yanada kuchayishi mumkin, chunki kompaniyalar xarajatlar o‘sishini iste’molchilar zimmasiga yuklashga harakat qiladi. Bu jarayon davomida AQSH iqtisodiyotiga xos bo‘lgan K-simon iqtisod (daromad va imkoniyatlar bo‘yicha yuqori tengsizlik bilan tavsiflanadi)ning salbiy ijtimoiy oqibatlari yanada kuchayadi.
Inflatsiyadan tashqari, moliyaviy beqarorlik xavfi ham oshmoqda. Xususiy kredit bozorida tebranishlar kuzatilmoqda: fondlar mablag‘larni qaytarib olishni cheklamoqda, bank moliyalashtirishida qisman yo‘qotishlar mavjud, ayrim fondlarda risklarni baholash va aktivlar qiymati bo‘yicha xavotirlar ortib bormoqda. Shuningdek, global obligatsiyalar bozorining ayrim segmentlarida qarz yukining yuqoriligi, ayniqsa boshlangan sotuvlar to‘lqini fonida, hamda so‘nggi bir yilda sun’iy intellekt sohasi va unga yaqin yo‘nalishlarga haddan tashqari kapital oqimi ham xavotir uyg‘otmoqda.
O‘z-o‘zidan bu risklarning har biri alohida holda tizimli xavf sifatida ko‘rinmaydi. Biroq yuqori inflatsiya va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishi sharoitida bu xavflar birlashib, moliyaviy shart-sharoitlarni keskin tarzda qattiqlashtirishi va AQSH hamda jahon iqtisodiyotidagi zaif nuqtalarni ochib berishi mumkin.
Bu esa hozir federal zaxira uchun eng keraksiz holat inqirozga qarshi boshqaruv rejimiga majburiy o‘tish hisoblanadi. Federal zaxira nafaqat siyosiy bosimlar fonida o‘z mustaqilligiga tahdidlar kuchaygan sharoitda rahbariyat almashinuvining noodatiy qiyin jarayonini boshdan kechirmoqda, balki uning mavqei bir qator omillar tufayli ham zaiflashgan: prognozlardagi xatolar, kommunikatsiya sifatining pastligi, siyosatdagi kamchiliklar va uzoq vaqtdan beri amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ichki islohotlarni kechiktirish.
Bunday sharoit foiz stavkalari bo‘yicha murakkab qarorlar qabul qilish yoki bozor shoklariga javob qaytarish uchun ideal emas.
Jahonning boshqa qismi Eron bilan bog‘liq urush oqibatlariga qarshi kurashga tayyorlanayotgan bir paytda, AQSH o‘zining nisbiy iqtisodiy ustunliklarini, jumladan energetik mustaqilligini alohida ta’kidlashga moyil bo‘lishi mumkin. Ammo nisbiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan narsa mutlaq ko‘rsatkichlarda to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin.
Hozirning o‘zida eng zaif aholi qatlamlari jiddiy xavf ostida ekani aniq. Shu sababli, AQSH hukumatidan mag‘rurlik emas, balki vaziyatga vazmin yondashuv va eng ko‘p ehtiyoj sezayotganlarni himoya qilish uchun qat’iy harakatlar talab etiladi.





