Urush soyasidagi iqtisodiyot, P2P o‘tkazmalarida yangi shart va Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan qiyofasi — 3-mart dayjesti

03.03.2026 | 23:464 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Urush soyasidagi iqtisodiyot, P2P o‘tkazmalarida yangi shart va Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan qiyofasi — 3-mart dayjesti

Yaqin Sharqdagi vaziyat O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinliklarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri urushning davomiyligiga bog‘liq. Agar vaziyat qisqa muddatli bo‘lsa, ta’sir cheklangan bo‘lishi mumkin. Uzoqqa cho‘zilgan holatda esa salbiy ta’sirlar kuchayadi. 2025 yilda O‘zbekistonning Eronga eksporti 157 mln dollar (jami eksportning 0,5 foizi), import esa 421 mln dollar (0,9 foiz)ni tashkil etgan. Isroil bilan savdo hajmi ham past. Mintaqa bilan savdo to‘liq to‘xtagan taqdirda ham eksport taxminan 3 foizga, import 2,5 foizgacha sekinlashishi mumkin, bu YAIM o‘sishiga taxminan 0,6 foiz atrofida ta’sir qiladi. Shu bilan birga, Eron portlari orqali tranzit cheklanishi ayrim logistik yo‘nalishlarga bosim o‘tkazishi mumkin.

Neft narxining o‘sishi global iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi ehtimol, bu esa O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari — Xitoy va boshqa mamlakatlar orqali ikkilamchi ta’sir ko‘rsatadi. Biroq neft qimmatlashishi Rossiya va Qozog‘iston iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir qilib, pul o‘tkazmalari va eksport talabini oshirishi mumkin. Shu bilan birga, global taklif zanjirlaridagi uzilishlar inflatsiyani tezlashtirishi ehtimol. Boshqa tomondan, noaniqliklar fonida oltin narxining o‘sishi O‘zbekiston uchun ijobiy omil hisoblanadi: 2025 yilda 10 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan va uning qimmatlashi YAIM o‘sishini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Umuman olganda, vaziyat salbiy xavflar bilan birga ayrim kompensator omillarni ham o‘z ichiga oladi.

Kartadan kartaga pul ko‘chirishda «o‘tkazma maqsadi»ni tanlash majburiy bo‘ldi: bu nega kerak?

Markaziy bank qaroriga ko‘ra, endi barcha bank va to‘lov ilovalarida kartadan kartaga (P2P) pul o‘tkazish paytida «o‘tkazma maqsadi»ni tanlash majburiy bo‘ldi. Foydalanuvchilar mablag‘ yuborishdan oldin taklif etilgan 16 ta toifadan birini — masalan, «oilaga yordam», «qarzni qaytarish», «ijara to‘lovi» yoki «xayriya» kabi variantlarni belgilashi kerak. Ayrim ilovalarda ushbu tizim allaqachon ishga tushgan, qolganlarida esa yaqin vaqtda joriy etiladi.

Yangi tartibning asosiy maqsadi pul aylanmasini tartibga solish va xalqaro moliyaviy standartlarga moslashishdan iborat. Bu orqali shaxsiy o‘tkazmalarni tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq operatsiyalardan ajratish osonlashadi, shuningdek o‘tkazma tarixi bahsli holatlarda dalil sifatida xizmat qilishi mumkin. Qonuniy va shaxsiy o‘tkazmalar uchun bu talab hech qanday soliq yoki qo‘shimcha to‘lov yuklamaydi, faqat texnik jihatdan maqsadni tanlash talab etiladi.

Toshkent bosh rejasi o‘zgardi

Hukumat qarori bilan Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasiga muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Qarorga ko‘ra, umumiy maydoni 1512 gektar bo‘lgan hududlarda qiymati 14,5 mlrd dollarlik 30 ta yirik ko‘chmas mulk loyihasi amalga oshiriladi. Yangi tartibga binoan, har bir yirik renovatsiya va rekonstruksiya loyihasida hududning kamida 30 foizi yashil maydon sifatida ajratilishi shart etib belgilandi hamda 1 gektargacha bo‘lgan zich nuqtali qurilish amaliyotidan voz kechiladi.

Shuningdek, «Toshkent Invest» tomonidan 9 ta hududda jami 139,6 gektar yangi jamoat parklari barpo etiladi. Yangihayot tumanida 799 gektar maydonda qiymati 1,67 mlrd dollarlik «Yangi avlod» sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan. Barcha yangi qurilishlarda energiya tejamkor texnologiyalar va gazga muqobil yoqilg‘idan foydalanish majburiy etib belgilandi, har bir investitsiya loyihasi uchun alohida master-reja ishlab chiqilishi talab etiladi.

O‘zbekiston oltin zaxirasi bo‘yicha dunyodagi o‘rni ma’lum bo‘ldi

Jahon oltin kengashi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin zaxiralari 390,3 tonnaga yetdi va mamlakat jahon reytingida 14-o‘rinni egalladi. Zaxira hajmi bo‘yicha respublika Portugaliya (382,7 tonna) va Qozog‘istonni (341 tonna) ortda qoldirgan. 2025 yil davomida 7,8 tonna oltin xarid qilingan, 2020–2025 yillar oralig‘ida esa jami 54,4 tonna qimmatbaho metall jamg‘arilgan.

Global miqyosda 2025 yilda eng yirik xaridor Polsha (qariyb 102 tonna) bo‘ldi, undan keyin Qozog‘iston va Ozarbayjon joy olgan. Oltin narxi 2025 yil boshidagi 2 800 dollar atrofidan 2026 yil boshiga kelib 5 000 dollardan oshdi. 2026 yil 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy oltin-valuta zaxiralari 75 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, shundan 65 mlrd dollari oltin hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yanvarda qaysi hudud aholisi eng ko‘p keshbek oldi?

2026 yil yanvar oyida (27-fevral holatiga) iste’molchilarga xarid cheklari asosida jami 125,7 mlrd so‘m keshbek qaytarildi. Bu mablag‘ 197,6 mln ta chek asosida hisoblangan bo‘lib, eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahri aholisiga 37,5 mlrd so‘m keshbek to‘langan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati (18,4 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (15,4 mlrd so‘m) joy olgan. Shuningdek, Samarqand viloyatida 8,4 mlrd so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7,8 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Yanvar oyida keshbek tizimidan 5 mln 635 ming nafar foydalangan.

Teglar

Mavzuga oid