Yaqin Sharqdagi vaziyat O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

03.03.2026 | 09:154 daqiqa

Bir nechta kundan buyon Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinliklar  ochiq-urushga aylanib ulgurdi. Xo‘sh, bu vaziyat iqtisodiyotimizga qanday ta’sir qiladi? Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev tahlilida.

Yaqin Sharqdagi vaziyat O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

Birinchi navbatda urushning qancha davom etishi haqida hozircha aniq fikr bildirish qiyin. Agar hozirgi vaziyat qisqa muddat davom etsa hamda oldingi status quo ga qaytilsa, unda mamlakatimizga ta’sir ham nisbatan cheklangan va bir martalik (yoki qisqa muddatli bo‘ladi). Lekin urush uzoqroq muddat davom etsa, unda iqtisodiyotimizga ta’sir kattaroq bo‘lishi mumkin, deb yozadi iqtisodchi Mirkomil Xolboyev.

To‘g‘idan to‘g‘ri ta’sir. 2025 yilda Eronga jami eksportimiz 157 mln dollar bo‘lib, bu jami eksportning 0,5 foizini tashkil etgan. Erondan import esa 421 mln dollar bo‘lib, jami importning 0,9 foizini tashkil etgan. Isroil bilan savdomiz esa nisbatan kam (eksportimiz  33 mln dollar, importimiz esa 22 mln dollar). Ya’ni bu davlatlar bilan savdomizning to‘liq to‘xtashi ham eksportimizga deyarli ta’sir qilmaydi.  Eksport hamda importdagi o‘sish biroz sekinlashishi mumkin.

Bundan tashqari Eron portlari boshqa davlatlar bilan savdomizni bog‘lovchi logistik markazlardan hisoblanadi. Lekin mavjud ma’lumotlarga ko‘ra Markaziy Osiyo-Hindiston koridoridagi (Chabahar/INSTC) jami trafikning atigi 5,5 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi (taqqoslash uchun: Qozog‘iston — 61,1, Turkmaniston — 29.4 foiz). Shuningdek, Markaziy Osiyo va Eron bilan  umumiy yuk tashishning 18,9 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni savdomizning ma’lum qismi Eron orqali o‘tsa-da lekin Eron portlariga bog‘liqligimiz boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan pastroq .  

Shuningdek, Eron portlari orqali qancha tashqi savdomiz aylanishi haqida menda aniq ma’lumot mavjud emas (topishning imkoni bo‘lmadi). Shu sababli bu omilning to‘liq ta’siri haqida xulosa qilish qiyin.  Ammo urush davom etar ekan, Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo hamda tranzit jiddiy zarar ko‘radi. Bu esa Eksport hamda importning ayni yo‘nalishda qisqarishiga olib kelishi shubhasiz. 

Eron hamda Isroildan tashqari, mintaqaning boshqa mamlakatlari ham Eron tomonidan bombardimon qilinmoqda. Lekin Mintaqaning boshqa barcha davlarlari bilan savdomiz  umumiy importimizning 1,5 foizini, eksportimizning esa 2,4 foizini tashkil etadi. Agar mintaqa (Eronni ham qo‘shib hisoblaganda) bilan savdomiz to‘liq to‘xtagan taqdirda ham  bu eksportning 3 foiz atrofida, importning esa 2,5 foiz atrofida sekinlashishiga olib kelishi mumkin. Buning YAIMga umumiy ta’siri 0,6 foiz atrofida bo‘ladi. Savdo 50 foizga sekinlashishining YAIM o‘sishiga umumiy ta’siri esa 0,2-0,3 foiz band atrofida bo‘lishi mumkin. 

Neft. Bugun birjalar ochilishi bilan neft narxining sezilarli (9 foiz atrofida) qimmatlashi kuzatildi. Chunki dunyo nefti iste’molining taxminan beshdan bir qismi aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Urushning keskinlashishi neft harakatining cheklanishiga sabab  bo‘lishi mumkin. Yoki keskinliklar fonida narxning o‘sishda davom etishi dunyo iqtisodiyotining  sekinlashishiga olib keladi.  Masalan neft narxining 10 foizga o‘sishi dunyo iqtisodiy o‘sishini 0,1-0,2 foiz band atrofida sekinlashtirishi mumkin.

Masalan, Xitoyning Erondan neft importi jami neft importining taxminan 10-13 foizini tashkil etadi. Xitoy esa asosiy savdo hamkorimizdan biri. Xitoyda o‘sishning sekinlashishi  tabiiyki mamlakatimizda ham o‘sishga salbiy ta’sir qiladi. Shuningdek yuqori neft narxi fonida boshqa davlatlardagi o‘sish sekinlashadi, lekin buning to‘liq ta’sirini hozircha baholash biroz qiyin.

Boshqa tomondan, neft narxining o‘sishi asosiy mehnat bozori hamda asosiy savdo hamkorlarimizdan bo‘lgan Rossiya uchun nisbatan maqbul shart-sharoitlarni yaratishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizga pul o‘tkazmalarining tezroq o‘sishi hamda Rossiyada yalpi talabning yaxshilanishi fonida mamlakatga eksportning tezlashishiga olib kelishi mumkin. shuningdek,  yuqori neft narxi yana bir asosiy hamkorimiz Qozog‘iston uchun ham maqbul shart-sharoitlar  yaratadi.

Inflatsiya. Global taklif zanjirlaridagi uzilishlar butun dunyo shuningdek, mamlakatimizdagi inflatsiya darajasini tezlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Xususan, 2021 yilda inflatsiya darajasi 10 foizgacha sekinlashganligiga qaramasdan 2022 yilda boshlangan Rossiya-Ukraina urushi natijasida inflatsiya 12,3 foizgacha tezlashgan edi. Yanvar oyiga kelib yillik inflatsiya 7,2 foizni tashkil etmoqda. Urush natijasida taklif zanjiridagi uzilishlar inflatsiyani tezlashtirishi va Markaziy bank bunga monetar sharoitlarni qattiqlashtirish bilan javob berishi mumkin.

Oltin. Vaziyatning keskinlashishi hamda noaniqliklarning ortishi oltin narxini qimmatlatadi. Oltin mamlakatimizning asosiy eksport tovari hisoblanadi. 2025 yilda 10 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan bo‘lib, bu jami eksportning 30 foizini tashkil etgan. Agar noaniqliklarning davom etishi oltin eksportining 10 foizga o‘sishiga olib kelsa, unda bu YAIM o‘sishini 0,7 foiz bandga tezlashtirishi (to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir) mumkin (eksportni 20 foizga tezlashtirsa 1,4 foiz band).

Umuman olganda, hozirgi vaziyat dunyo iqtisodiyotini sekinlashtiruvchi faktor hisoblanadi. Bundan tashqari urushning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri, va savdo hamkorlarimiz orqali ikkilamchi ta’siri iqtisodiyotimizga salbiy ta’sir qiladi.

Boshqa tomondan, oltin narxining o‘sishi eksportimizni qo‘llab quvvatlashi hamda neft narxi o‘sishi fonida asosiy mehnat bozorimizda shart-sharoitlarning yaxshilanishi salbiy oqibatlarni yumshatuvchi omil bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid