
Senatning insonparvar qarori, IIBning ishdan olingan mansabdorlari va quyosh panellari o‘rnatganlar oladigan subsidiya — 3 noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yo‘l qoidalarini buzganlarga jarima o‘rniga endi og‘zaki ogohlantirish ham beriladi
Senat tomonidan ko‘rib chiqilgan yangi Qonun haydovchilar va piyodalarga tegishli ma’muriy jazo tizimini insonparvarroq qilishga qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun muhokama qilinib, ma’qullandi.
Shu bilan birga, ta’kidlanishicha, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarda qonunga itoatkorlik hissini kuchaytirishda mavjud tizim kutilgan natija bermayapti. Shu bois, ayrim xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, ilk marta kam ahamiyatli huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarga jarima emas, balki «og‘zaki ogohlantirish» chorasini qo‘llash amaliyoti joriy etiladi. Bu fuqarolarga o‘z xatti-harakatining oqibatlarini tushuntirish va qayta sodir etilishini oldini olishga xizmat qiladi.
Hafta ichida O‘zbekistonda havo keskin sovushi kutilmoqda
«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, 3–6 noyabr kunlari mamlakatning ko‘pchilik hududlarida havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Ayrim viloyatlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 3–5 noyabr kunlari yomg‘ir yoki qor yog‘ishi ehtimoli bor. Havo harorati kechasi 0…+5, kunduzi +5…+12, keyingi kunlarda –8…–3 va –3…+2 daraja oralig‘ida bo‘ladi.
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi qayta tashkil etildi
Prezident farmoniga ko‘ra, Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash etib qayta tashkil etiladi.
Shu jumladan, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib qayta tashkil etiladi.
Shuningdek, Strategik islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qayta tashkil qilinadi.
Mutasaddilar 4–6 noyabr kunlari ayrim viloyatlarda shamol tezligi soniyasiga 12 metrgacha kuchayishi, shuningdek, tuman va nam havo sababli harakatda ehtiyotkorlik zarurligini eslatmoqda.
Quyosh panellari o‘rnatgan 35,3 ming kishi subsidiya oldi
Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida 35 284 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun 153 mlrd 643 mln so‘m davlat byudjetidan subsidiya oldi.
Hududlar bo‘yicha subsidiyaning eng katta qismi 42,6 mlrd so‘m bilan Xorazm viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Keyingi yetakchi hududlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (22,4 mlrd so‘m) va Buxoro viloyati (15,3 mlrd so‘m) bo‘ldi.
Subsidiyani «Soliq» mobil ilovasi «Keshbek va imtiyozlar» xizmatining «Quyoshli xonadon» bo‘limidagi «Kartaga pul o‘tkazish» oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin, deyiladi xabarda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari ishdan olindi
Prezidentining tegishli qarori bilan Bekmurod Abdullayev Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Shuningdek, prezidentining farmoyishi bilan Rustam Tursunov ham Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etildi.





