
Luvrdagi o‘g‘rilik bo‘yicha Fransiyada yana besh kishi qo‘lga olindi
Parijdagi Luvr muzeyidan Napoleon davriga oid 88 mln yevroga baholangan qimmatbaho zeb-ziynatlarni o‘g‘irlash ishi bo‘yicha yana besh kishi hibsga olindi.

Fransiyada Luvr muzeyida sodir etilgan yirik o‘g‘irlik ishi bo‘yicha yana besh nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda RTL telekanali Parij prokuraturasiga tayanib xabar berdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yangi hibslar 29 oktyabr kuni Parijda amalga oshirilgan.
BFMTV telekanali ma’lumotiga ko‘ra, ushlanganlardan biri Luvrdagi o‘g‘irlikda bevosita ishtirok etgan to‘rt shaxsdan biri bo‘lishi mumkin. Parij prokurori Lora Bekkoning ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu shaxsning jinoyatga bevosita aloqadorligini tasdiqlovchi «DNK dalillari»ga ega. Qolgan gumonlanuvchilar esa voqea haqida ma’lumotga ega bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Luvrdan o‘g‘irlangan qimmatbaho ashyolar orasida imperator xonim Yevgeniya (Napoleon III xotini), qirolicha Mariya-Ameliya va qirolicha Gortenziyaga tegishli zeb-ziynatlar bor edi. Muzeyning baholashicha, jami o‘g‘irlangan buyumlar qiymati 88 mln yevroni tashkil etadi.
Tergovchilarning fikricha, o‘g‘irlangan tangalar va toshlar ehtimolan ajratib olingan yoki qimmatbaho metalllar qayta eritilgan bo‘lishi mumkin. Parij prokurori Lora Bekko qimmatbaho buyumlar kimning qo‘lida bo‘lsa, ularni ixtiyoriy ravishda qaytarishga chaqirdi. Unga ko‘ra, bunday holatda sudlar «o‘g‘irlik ortidan kelgan zarar yetkazilmaganini» hisobga oladi.
25 oktyabr kuni hibsga olingan ikki gumonlanuvchi 29 oktyabrda rasman qamoqqa jo‘natilgan. Ular «o‘z ishtirokini qisman tan olgani»ni bildirilgan. Hozircha Napoleon davriga oid o‘g‘irlangan zeb-ziynatlar topilmagan.





