
Japarov bilan gaplashgan Mirziyoyev, «metan zapravka»larning ochilishi va qirg‘izistonlik deputatning O‘zbekistondan noroziligi — 10-fevral dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Mirziyoyev va Japarov telefon orqali suhbatlashdi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbatda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan. «Sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda, yirik infratuzilmaviy loyihalar, shu jumladan, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li va Qambarota gidroelektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha birgalikdagi ishlar davom ettirilmoqda», - deyiladi xabarda.
Prezidentlar mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashgan, shuningdek, ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qilgan.
Ertadan «metan zapravka»lar odatdagidek ishlaydi
Ertaga, 11-fevral kuni soat 09:00 dan boshlab respublika bo‘ylab, jumladan vodiy viloyatlarida ham «metan zapravka»lar bosqichma-bosqich odatiy ish rejimida faoliyat yurita boshlaydi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, 20-yanvar kuni havo harorati pasayishi sababli metan «zapravka»lar faoliyatiga vaqtincha cheklov kiritilgandi. 2-fevraldan boshlab esa «metan zapravka»lar soat 10:00 dan 16:00 gacha faoliyat yuritishni boshlagan.
O‘zbekistonda vaksina olgan insonlar hayoti xavf ostida ekani rad etildi
Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi emlanganlar orasida saraton kasalligi ko‘payishi haqida tarqalgan xabarlar Sanepidqo‘mi tomonidan rasmiy rad etildi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari Nurmat Otabekovning ta’kidlashicha, qo‘llanilgan vaksinalar inson genomiga ta’sir qilmaydi va onkologik kasalliklarni keltirib chiqarmaydi. Emlashdan keyingi qisqa muddatli nojuya ta’sirlar (harorat ko‘tarilishi, yurak urishi) vaqtinchalik holat bo‘lib, inson hayoti uchun uzoq muddatli xavf tug‘dirmaydi.
Rasmiy munosabatda, shuningdek, tarmoqlarda tarqalayotgan turli giyohlar (karabash va arslonpanjasi) yordamida vaksina ta’sirini "yuvish" haqidagi tavsiyalar mutlaqo ilmiy asosga ega emasligi qayd etildi. Mutaxassislar vaksinatsiya dunyo bo‘ylab millionlab insonlar hayotini saqlab qolganini eslatib, aholini faqat rasmiy va ilmiy tasdiqlangan ma’lumotlarga ishonishga chaqirdi.
Qirg‘izistonlik deputat O‘zbekistonning sug‘orish uchun suvga pul to‘lamasligidan norozilik bildirdi
Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Keneshi deputati Umbetali Qidiraliyev O‘zbekiston va Qozog‘iston sug‘orish suvi uchun to‘lov amalga oshirmayotganini tanqid qildi. Deputatning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston gidroinshootlaridagi suvning 80 foizi qo‘shni davlatlarga oqib ketadi, biroq damba va suv omborlarini saqlash xarajatlari faqat Qirg‘iziston zimmasida qolmoqda. U iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida qo‘shni davlatlar bilan hisob-kitob mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Mazkur masalaga javoban, vazir Bakit Toroboyev O‘zbekiston va Qozog‘iston Qambarota GES-1 qurilishida ishtirok etayotganini va suv resurslaridan manfaatdorligini tan olayotganini eslatib o‘tdi. Shuningdek, Kampirobod suv ombori ikki davlat tomonidan teng ulush asosida boshqarilayotgani qayd etildi. Shunga qaramay, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov hozircha qo‘shni davlatlardan suv uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lov talab qilmaslik pozitsiyasida ekani ma’lum qilindi.





