add

Migrantlar uchun yengillik, maktab va yo‘llar uchun ITBdan investitsiya hamda karantinga yopilmaydigan bog‘chalar — 9-fevral dayjesti

Kecha 23:003 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Migrantlar uchun yengillik, maktab va yo‘llar uchun ITBdan investitsiya hamda karantinga yopilmaydigan bog‘chalar — 9-fevral dayjesti

Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston infratuzilmasi va ta’limiga 164 mln dollar ajratadi

Yo‘llar va maktablar rivoji uchun Saudiya Arabistonining Al-Ula shahrida O‘zbekiston va ITB o‘rtasida jami 164 million dollarlik ikkita yirik moliyaviy bitim imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, 70 mln dollar Jizzax viloyatidagi 143 km uzunlikdagi Dashtobod–Zomin–Baxmal–G‘allaorol yo‘lini rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi. Bu loyiha 200 ming aholi uchun harakat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, hududning turistik salohiyatini oshirib, M39 xalqaro trassasiga chiqishni osonlashtiradi.

Ikkinchi bitim doirasida ta’lim sohasiga 94,06 mln dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobiga respublika bo‘ylab 58 ta yangi ta’lim muassasasi quriladi va mavjud maktablarda 2431 ta zamonaviy o‘quv sinflari tashkil etiladi. «SmartEd» loyihasi har yili qariyb 73 ming o‘quvchini qamrab olib, 36 mingdan ziyod pedagogning malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Toshkentdagi bog‘chalar karantinga olinishi rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida karantin joriy etilishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov «Vaqt.uz»ga bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan turli kasalliklar (qizamiq, meningit, gepatit, sil va boshqalar) bo‘yicha karantin e’lon qilinishi zaruratini keltirib chiqaradigan holatlar mavjud emas. Shuni ta’kidlash lozimki, har yili qishki mavsumda gripp va O‘RVI bilan kasallanish holatlari aholida mavsumiy ravishda ko‘payadi. Shu sababli ta’lim tashkilotlarida bolalar salomatligini himoya qilish maqsadida ertalabki filtr (saralash) ishlari, tana haroratini o‘lchash, kasallik belgilari bor bolalarni vaqtincha ajratish, ota-onalarga tavsiyalar berish kabi profilaktik choralar olib boriladi. Ayni shu filtr jarayonlari ayrim fuqarolar tomonidan karantin sifatida noto‘g‘ri talqin qilingan», - deyiladi bayonotda.

«Metan zapravka» qurishga ruxsat yo‘q – Jamshid Xo‘jayev

Joriy yil 6-fevral kuni O‘zbekiston hukumati vakillari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda Amudaryo tumanida tadbirkor avtomobillar uchun elektr, gaz va benzin «zapravka»lar qurish uchun 40 sotix yer olgani, qurilishga barcha jihozlar tayyorligini bildirdi. Faqatgina «metan zapravka» qurishi uchun Energetika vazirligidan ruxsat olishda muammo bo‘layotganini aytib, masalani hal qilishda yordam so‘radi.

«Hozir metan gaz «zapravka» qurishga ruxsat yo‘q. To‘g‘risini aytinglar-da, yetkazib bermayapsizlar-ku. Bor «metan zapravka»larga bular gaz yetkazib bera olmayapti. Farhod O‘razboyevich (Ermonov) buni tadbirkorlarga aytmaganmisizlar», – deb savol qo‘ydi Xo‘jayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisiga.

Farhod Ermonovning aytishicha, metanga taqiq masalasida barcha tadbirkorlar ogohlantirilgan.

«Hokimlarning ham, muovinlarining ham xabarlari bor. Tadbirkorlarga ham bu masala bo‘yicha aytganmiz. O‘tgan yildan boshlab «metan zapravka» qurilishiga taqiq qo‘yilgan. Hech qanday ruxsat yo‘q», – dedi u.

So‘mning tebranuvchanligi 2025 yilda sezilarli kengaydi

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, 2025 yilda o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan sezilarli mustahkamlanib, yilni erkin suzuvchi valuta rejimiga xos dinamika bilan yakunladi. Yil davomida kursning eng yuqori nuqtasi 13 004 so‘m, eng quyi nuqtasi esa 11 881 so‘mni tashkil etdi. Kursning tebranuvchanligi (volatillik) 2024 yilga nisbatan 2 barobardan ziyod oshgani bozorning moslashuvchanligi yuqori davlatlar valutalari darajasiga yaqinlashganidan dalolat beradi.

So‘mning mustahkamlanishi iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini pasaytirdi. Milliy valutadagi depozitlar hajmi yil davomida 44 foizga o‘sib, 240 trillion so‘mga yetdi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari sezilarli pasayib, kutilmalar shakllanishida valuta kursi omili ikki barobarga qisqardi. Market-meykerlar sonining 5 taga ko‘payishi ichki valuta bozoridagi bitimlar hajmining sezilarli ortishiga va makroiqtisodiy barqarorlikka ijobiy hissa qo‘shdi.

Vafot etgan migrantlarning jasadini olib kelish xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi

Mehnat migratsiyasida vafot etgan O‘zbekiston fuqarosining jasadini Vatanga olib kelish xarajatlari Migratsiya jamg‘armasi tomonidan qoplanadi. Bu haqdagi qo‘shimcha norma 7-fevral kuni «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi qonunga kiritildi.

Qonunga ko‘ra, mablag‘lar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi orqali qonunchilikda belgilangan tartibda ajratiladi.

Teglar

Mavzuga oid