add

Yana ifloslanayotgan havo, ko‘paygan nomusga tegishlar va gaz xaridining 4 barobar oshishi — 23-dekabr dayjesti

Kecha 21:581753 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Yana ifloslanayotgan havo, ko‘paygan nomusga tegishlar va gaz xaridining 4 barobar oshishi — 23-dekabr dayjesti

2025 yilda O‘zbekistonda qotillik kamayib, nomusga tegish jinoyatlari ko‘paydi

Ichki ishlar vazirligining 2025 yil yakunlari bo‘yicha hisobotida jinoyatchilik dinamikasida sezilarli o‘zgarishlar qayd etildi. Xususan, qotillik jinoyatlari qariyb ikki baravarga kamayib, o‘tgan yilgi 60 tadan 31 taga tushgan. Shuningdek, yo‘l-transport hodisalari soni ham 9365 tadan 8738 taga qisqargan. Biroq, ijobiy tendensiyalar bilan bir qatorda, nomusga tegish bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortgani kuzatilgan: bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi 359 tadan 381 taga ko‘paygan.

Tizimdagi ichki nazorat va xodimlar xavfsizligi masalasi ham diqqat markazida bo‘ldi. Yil davomida xizmat burchini bajarish chog‘ida 6 nafar xodim halok bo‘lgan, 131 nafari esa tan jarohati olgan. Shu bilan birga, IIB xodimlarining o‘zlari tomonidan sodir etilgan 87 ta jinoyat aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun prokuraturaga topshirilgan.

O‘zbekiston yil boshidan beri qancha oltin sotdi?

2025 yilining yanvar–noyabr oylarida O‘zbekiston 9 mlrd 900,1 mln AQSH dollariga teng nomonetar oltinlarni eksport qildi. 2024 yilining mos davrida 6 mlrd 626,6 mln dollarlik nomonetar oltinlar eksport qilingan edi. Qayd etilishicha, 2025 yilning 11 oyida nomonetar oltinlar eksporti umumiy eksport hajmining 32 foizini tashkil qildi. Shu jumladan, bu yil oltinlar eksportida 149,4 foiz sur’ati kuzatildi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 11 oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eksport ulushi 30,8 mlrd dollarni tashkil etib, import hajmidan qariyb 11 mlrd dollarga kam bo‘ldi.

Oziq-ovqat do‘konlari bayram arafasida narxlarni oshirmaslikka chaqirildi

Raqobat qo‘mitasi Yangi yil bayrami arafasida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha yirik savdo tarmoqlariga rasmiy ko‘rsatma berdi. Ogohlantirish «Korzinka», «Makro», «Havas», «Baraka», «Magnum» va «Magnit» kabi yirik tarmoqlarga yuborilgan. Qo‘mita bayram kunlarida aholi ehtiyoji ortishidan foydalanib, narxlarni sun’iy ravishda ko‘tarishni sog‘lom raqobat muhitiga zid deb hisoblaydi.

Savdo tarmoqlari zimmasiga nafaqat narxlar barqarorligini ta’minlash, balki kutilmagan o‘zgarishlar haqida Qo‘mitani tezkor xabardor qilish vazifasi ham yuklatildi. Agar mahsulot yetkazib beruvchilar narxlarni oshirsa yoki logistika xarajatlari keskin ko‘tarilsa, do‘konlar bu haqda davlat organiga ma’lumot berishi shart.

O‘zbekistonda atmosfera inversiyasi sabab havo yana ifloslanadi

O‘zbekistonda ob-havo haroratining iliqlashishi sabab atmosfera inversiya jarayonlari yana faollashmoqda. «O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat respublika hududining ko‘plab qismlarida kuzatilmoqda va ayrim joylarda havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, inversiya jarayoni ayniqsa Toshkent shahri, Samarqand va Jizzax viloyatlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ertalab, kechqurun va tungi soatlarda atmosferaning pastki qatlamlarida havo almashinuvining cheklanishiga olib kelmoqda.

Bunday noqulay meteorologik sharoit ifloslantiruvchi moddalarning yerga yaqin havo qatlamlarida to‘planib qolishiga olib keladi. Xususan, mayda dispers zarrachalar — PM2,5 va PM10 ko‘rsatkichlarining oshishi qayd etilayotgan hududlar mavjud.

«Gazprom» 2030 yilgacha O‘zbekistonga gaz sotish hajmini 4 barobargacha oshirmoqchi

2030 yilga borib «Gazprom»ning O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi hozirgi 3 mlrd kub metrdan 12 mlrd kub metrgacha, ya’ni 4 barobarga oshishi kutilmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, bunga mamlakatimizda aholi soni va sanoat ishlab chiqarishining tez o‘sishi, shuningdek, ichki gaz qazib olish hajmining qisqarishi asosiy sabab bo‘lmoqda. Umuman olganda, Rossiya kompaniyasi Markaziy Osiyo davlatlariga eksportni 20 mlrd kub metrgacha yetkazishni rejalashtirgan.

Rossiya gaz konserni Yevropa bozorini yo‘qotishi ortidan Markaziy Osiyoni strategik yo‘nalish sifatida ko‘rmoqda. Biroq, mintaqaga eksport hajmi sezilarli oshsa-da, kompaniyaning umumiy tushumidagi ulushi cheklangan bo‘lib qolishi aytilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid