
Yaxshi sport formasidagi Mirziyoyev, 3 ta bankda islomiy moliya xizmatlari va O‘zbekiston futbol klublarini sotib olmoqchi bo‘lgan Arab jamg‘armasi — 5-yanvar dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Mirziyoyev ham zalda shug‘ullanadi»: Toqayev prezidentlar jismoniy holati haqida fikr bildirdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlat rahbarlari o‘rtasida jismoniy faollik va sog‘lom turmush tarziga munosabat yuqori ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, yetakchilarning ko‘pchiligi muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanadi va o‘z salomatligiga jiddiy e’tibor qaratmoqda.
«Putin yaqinda Bishkekda bo‘lib o‘tgan norasmiy tadbirda yosh dzyudochiga qarshi usul qo‘llab, katta avlod sharafini himoya qildi. Aliyev (Ozarbayjon prezidenti) ham jismonan baquvvat, u doimiy ravishda mashq qiladi, Japarov (Qirg‘iziston rahbari) futbol o‘ynaydi. Mirziyoyev yaxshi sport formasida, u ham zalda shug‘ullanadi. Pashinyan (Armaniston bosh vaziri) — velosipedchi. Lukashenko (Belarus rahbari) hanuzgacha xokkey o‘ynaydi. Rahmon (Tojikiston prezidenti) ham sog‘lig‘idan shikoyat qilmaydi. Shunday ekan, barcha hamkasblar ajoyib formada», dedi To‘qayev.
O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 29 ta huquqiy hujjat qabul qiladi
O‘zbekiston 2026 yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniy bosqichga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Bu doirada qolgan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, ishchi guruh hisobotini tayyorlash hamda qonunchilikni to‘liq muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan. Mazkur rejalar haqida prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.
Rejaga ko‘ra, 2026 yilda JSTga a’zo davlatlar bilan qolgan so‘nggi ikki tomonlama muzokaralar yakunlanadi. Xususan, Tayvan bilan kelishuv tuzilib, shundan so‘ng ko‘p tomonlama muzokaralar bosqichi tugatiladi. Bu jarayonlar yakunida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruh hisoboti tayyorlanishi lozim. Qonunchilikni JST talablariga moslashtirish doirasida hukumat qo‘shimcha 29 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, 2026 yilda bozorga kirish bo‘yicha majburiyatlar yuzasidan ishlar yakuniy bosqichga o‘tadi.
Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovi 85 foizga yetkaziladi
O‘zbekistonda aholining ichimlik suvi xizmatlaridan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan qismi 2030 yilga borib 85 foizga yetkaziladi. Bu maqsad «O‘zbekiston–2030» strategiyasining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan takomillashtirilgan loyihasida belgilangan.
Hujjatga ko‘ra, ichimlik suvi bilan qamrov:
• 2026 yilda 82 foiz;
• 2027 yilda 83 foiz;
• 2028 yilda 84 foiz;
2029 yilda esa 84 foiz darajada ta’minlanadi. 2030 yilda esa ushbu ko‘rsatkichni 85 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu aholining suv ta’minoti barqarorligini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli islohotlarning asosiy indikatorlaridan biri hisoblanadi.
2030 yilgacha 3 ta bankda islomiy moliya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston 2030 yilga qadar uchta tijorat bankida islomiy moliya xizmatlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu tashabbus jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan «O‘zbekiston-2030» yangi strategiyasida aks etgan bo‘lib, moliya bozorini diversifikatsiya qilish va aholi hamda biznes uchun muqobil moliyaviy instrumentlarni kengaytirishga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, islomiy moliya xizmatlarini taqdim etuvchi birinchi tijorat banki 2027 yilda faoliyat boshlaydi. Keyingi bank 2029 yilda ishga tushirilishi, uchinchi bank esa 2030 yilda bozorga kirib kelishi rejalashtirilgan.
Arab jamg‘armasi O‘zbekiston futbol klublarini sotib olmoqchi
Arab kapitaliga ega «No Limits Sport» investitsiya jamg‘armasi O‘zbekistondagi futbol klublarini sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda jamg‘armaning Yevrosiyo bo‘limi rahbari Vadim Andreyev Rossiyaning TASS axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jamg‘arma nafaqat O‘zbekiston, balki Belarus, Gruziya va Qozog‘istondagi futbol klublarini ham investitsiya nuqtayi nazaridan tahlil qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Rossiya futbol bozori ham jamg‘arma e’tibor markazida qolmoqda. Ayni paytdagi rejaga asosan, yaqin kelajakda 10–12 ta klub chuqur tahlil qilinib, investorlar uchun eng istiqbolli aktivlar aniqlanadi.
«Biz aktivlar qiymatining o‘sishi va investitsiyadan olinadigan daromad nuqtai nazaridan eng maqbul variantlarni belgilash uchun batafsil hisobot tayyorlashni rejalashtiryapmiz», — dedi Andreyev.





