1-iyundan o‘zbekistonliklar hayotida nimalar o‘zgaradi?

Бугун 17:5510 дақиқа

2026 yil 1-iyundan boshlab O‘zbekiston qonunchiligidagi qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Vaqt.uz kutilayotgan muhim o‘zgarish va yangiliklarni bir joyga jamladi.

Elektr va gaz narxi oshadi

1 iyundan O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshiriladi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, aholi gaz va elektr uchun oldindan to‘lov qilsa, ikki oy davomida eski tariflardan foydalanishi mumkin. Tadbirkorlar uchun esa bu imtiyoz bir oy amal qiladi.

Endi elektr va gaz uchun to‘lov qancha ishlatishingizga qarab hisoblanadi.

 Aholi uchun elektr narxlari:

• 200 kVtgacha — 650 so‘m

• 201 dan 500 kVtgacha — 900 so‘m

• 500 kVtdan yuqori — 1 100 so‘m

Yuridik shaxslar, jumladan, tadbirkorlar uchun tariflar quyidagicha belgilanadi:

 — elektr energiyasiga — 1 kVt uchun 1000 so‘mdan 1100 so‘mgacha;

— tabiiy gazga — 1 kub metr uchun 1800 so‘mdan 2000 so‘mgacha;

— metan «zapravka»lar uchun gazga — 2500 so‘mdan 2750 so‘mgacha.

Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘pkvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun narxlar arzonroq bo‘ladi:

 — oyiga 200 kVtgacha — 325 so‘m;

— 201 kVt soatdan 500 kVtgacha — 450 so‘m;

— 501 kVt soatdan 1 000 kVtgacha — 550 so‘m.

Gaz bo‘yicha aholi limit doirasida 1 100 so‘mdan to‘laydi. Qishda limit 500 kubmetr, boshqa mavsumlarda esa 100 kub metr qilib belgilangan. Limitdan tashqariko‘pchilik iste’molchilar uchun gaz narxi 1 kub metrga 2 000 so‘m bo‘ladi. Gaz zapravkalarda esa narx 2 750 so‘m etib belgilandi.

Alkogol va tamaki mahsulotlarini naqd pulga sotishga ruxsat

O‘zbekistonda spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini naqd pul evaziga sotishga ruxsat berildi. Tegishli farmonni prezident imzoladi. U 1 iyundan kuchga kiradi. 1 iyundan boshlab O‘zbekistonda mehmonxonalar va ovqatlanish korxonalari spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul qabul qilishlari mumkin bo‘ladi. Hujjatda mehmonxona biznesi va ovqatlanish korxonalari spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini naqd pul qabul qilish imkoniyati bilan sotish huquqiga ega bo‘lishlari aytilgan.

Nasldor chorva importi QQSdan ozod etiladi

O‘zbekistonda 2026 yil 1-iyundan 2029 yil 1-avgustgacha xorijdan olib kiriladigan nasldor qoramol, qo‘y va echkilar qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Bu 12-may kuni qabul qilingan prezident qarorida belgilangan. Qarorga ko‘ra, 2026−2028 yillarda qoramollar sonini 16,5 mln boshga, qo‘y va echkilar sonini 30 mln boshga, parrandalar sonini esa 141 mln boshga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish, go‘sht va sut mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash darajasini 50 foizga olib chiqish hamda ozuqabop ekinlar maydonlarini 1,5 baravarga kengaytirish maqsad qilingan.

Zararli yonilg‘ili issiqxonalar taqiq

Toshkent shahri va unga tutash hududlarda faoliyat yuritayotgan issiqxonalar uchun 1-avgustdan boshlab tabiiy gaz yetkazib berish to‘liq to‘xtatiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi. Shu bilan birga, 1-iyundan boshlab poytaxt va uning atrofidagi ayrim tumanlarda zararli yonilg‘ilar bilan ishlaydigan yangi issiqxonalar tashkil etish ham taqiqlanadi. Amaldagi issiqxonalarga nisbatan ham talablar keskin kuchaytiriladi. Xususan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari sezilarli oshiriladi, atrof-muhitni ifloslantiruvchi yonilg‘ilarni qo‘llagan xo‘jaliklar uchun esa kompensatsiya to‘lovlari bir necha barobar ko‘paytiriladi. Bundan tashqari, ularga ajratiladigan subsidiyalar va yangi kreditlar hajmi qisqartiriladi.

Qurilishda ekologik nazorat kuchaytiriladi

Qurilish maydonlari fon monitoring stansiyalari bilan jihozlanib, Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Shuningdek, qurilish hududi va chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatilib, jarayonlar masofadan turib nazorat qilinadi. Qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan qurilish tashkilotlarining Shaffof qurilish milliy axborot tizimidagi reyting ballari kamaytiriladi. Bundan tashqari, loyiha-smeta va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish majburiy etib belgilanadi. Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadratmetrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar loyihalarida ko‘kalamzorlashtirish maydoni ajratilgan yer uchastkasining kamida 30 foizini tashkil etishi shart bo‘ladi.

Bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat

17-dekabrdagi prezident farmoniga ko‘ra, 1-iyundan tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.Shuningdek, bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlashning bosh ta’minoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga pasaytirilgan miqdorda ta’minot taqdim etiladi.

Qurilish maydonlari havo monitoringi stansiyalari va kameralar bilan jihozlanadi

Prezidentning 25-mart kuni imzolangan farmoniga muvofiq, 2026−2030 yillarda amalga oshiriladigan umummilliy «Toza havo» loyihasi doirasida qurilish sohasida ekologik talablar kuchaytiriladi.

Jumladan, 1-iyundan boshlab qurilish maydonlarini fon monitoringi stansiyalari bilan ta’minlash majburiy hisoblanadi. Ushbu stansiyalar Ekologiya qo‘mitasining ma’lumotlar bazasiga ulanishi lozim. Shuningdek, qurilish maydonlarining perimetri bo‘ylab hamda chiqish nuqtalarida onlayn kameralar o‘rnatilib, ular ham qo‘mita axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Jazoni ijro etish muassasalarida yoshlarni raqamli kasblarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi

Prezidentning 27-martdagi PQ-117-son qaroriga asosan, jazoni ijro etish muassasalaridagi yoshlarni zamonaviy raqamli kasblarga o‘qitish tizimi joriy etiladi.

Loyiha 2026 yil 1-iyundan Toshkent shahri, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ishga tushiriladi. 2027 yil 1-martdan esa boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.

Kurslarga 18−30 yosh oralig‘idagi, ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki og‘ir jinoyat uchun jazo o‘tayotgan yoshlar jalb qilinadi. Axborot texnologiyalari orqali jinoyat sodir etgan shaxslar mazkur dasturda ishtirok etmaydi.

Farmatsevtika korxonalariga yangi imtiyozlar beriladi

Prezidentning 5-martdagi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1-iyundan ayrim xarajatlar Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Xususan, dori vositalari ishlab chiqaruvchilari uchun YE GMP va US FDA GMP sertifikatlarini joriy etish, shuningdek Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining prekvalifikatsiyasini olish jarayonidagi xorijiy konsalting xizmatlari hamda sertifikatlash xarajatlarining 50 foizi, biroq 50 ming dollardan ko‘p bo‘lmagan qismi kompensatsiya qilinadi.

Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot institutlari va ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan, mamlakatda ishlab chiqarilmaydigan dori vositalari va tibbiy jihozlarni ishlab chiqaruvchilarga ro‘yxatdan o‘tkazish, klinik sinovlar va bioekvivalentlik tadqiqotlari xarajatlarining 80 foizi, lekin 8 ming dollardan oshmagan qismi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, 1-iyundan farmatsevtika va boshqa ishlab chiqaruvchi korxonalarga soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorlik belgilangan me’yordan oshmagan hollarda davlat xaridlarida qatnashish huquqi beriladi. Agar qarzdorlik yuqoriroq bo‘lsa, u shakllangan sanadan boshlab o‘n kun ichida ishtirok etish imkoniyati saqlab qolinadi.

Suv va salqin ichimliklar uchun xorijiy markirovka kodlari tan olinadi

Hukumatning 11-fevraldagi 56-son qaroriga muvofiq, 1-iyundan boshlab O‘zbekiston va hamkor davlatlar o‘rtasida suv hamda salqin ichimliklarga oid raqamli markirovka kodlarini o‘zaro tan olish amaliyoti joriy qilinadi.

Qarorga ko‘ra, hamkor davlatlar kodlarini mamlakat hududida tan olish bo‘yicha vakolatli organ sifatida Soliq qo‘mitasi belgilangan. Kodlar elektron hisobvaraq-fakturalar va cheklarda aks ettiriladi, ma’lumotlar esa «Asl belgisi» tizimida saqlanadi.

Yagona milliy arxiv axborot tizimi ishga tushiriladi

24-noyabrda qabul qilingan prezident farmoni arxiv sohasini 2030 yilgacha raqamlashtirish va boshqaruvni takomillashtirishni nazarda tutadi.

Shu munosabat bilan 2026 yil 1-iyundan arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qo‘llanilayotgan mavjud tizimlar negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, «O‘zarxiv» agentligi tizimidagi davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli va noyob hujjatlar harakatini avtomatlashtirish maqsadida RFID texnologiyasi qo‘llaniladi. Ushbu texnologiya milliy arxivlarda majburiy tartibda joriy etiladi.

Ziyoratgohlar hududlari uchun maxsus dizayn-kod ishlab chiqiladi

Prezidentning 30-aprelda qabul qilingan qaroriga asosan, 2026 yil 1-iyundan O‘zbekistonda turistlar eng ko‘p tashrif buyuradigan ziyoratgohlar hududlarini rivojlantirishning yangi tartibi amal qila boshlaydi. Ushbu tartib doirasida mazkur hududlar uchun alohida dizayn-kod joriy etiladi.

Turizm qo‘mitasi ziyoratgohlar hududlarining funksional jihatdan ajratilgan chegaralarini bosqichma-bosqich belgilab boradi.

Shu bilan birga, imkoniyat mavjud bo‘lgan hollarda ko‘p qavatli binolar qurish orqali ushbu hududlarni kengaytirish rejalashtirilgan. Ziyoratgohlar atrofidagi qurilish ishlari va hududdan foydalanish jarayonlarida maxsus dizayn-kod talablari tatbiq etiladi.

Ayrim davlat xizmatchilari korrupsiyaga qarshi barqarorlik bo‘yicha diagnostikadan o‘tkaziladi

Prezidentning 6-dekabrdagi farmoniga muvofiq, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash maqsadida diagnostika tizimi joriy etiladi.

Jumladan, 2026 yil 1-iyundan boshlab sohaviy nazorat uchun mas’ul inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavf darajasi «yuqori» va «o‘rta» deb baholangan vazifalarni bajarayotgan xodimlar hamda ushbu lavozimlarga da’vogar nomzodlar diagnostikadan o‘tkaziladi.

Qurilish chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha yangi tartib amal qiladi

Prezidentning 1-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1-iyundan qurilish chiqindilarini qayta ishlash, takroriy foydalanish yoki utilizatsiya qilishga yo‘naltirishning yangi mexanizmi joriy etiladi.

Unga muvofiq, qurilish ishlari uchun loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanayotganda qurilish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilar hajmi va ularni yig‘ish joylari aniq belgilanishi shart bo‘ladi. Shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha tegishli loyihaviy yechimlarni nazarda tutish majburiy hisoblanadi.

Buyurtmachilar esa qurilish chiqindilarining atmosfera havosiga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq chang hamda noxush hidlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim.

QQS va daromad solig‘iga o‘tish bo‘yicha chegara 5 mlrd so‘mgacha oshiriladi

2026 yil 1-iyundan boshlab kichik biznes subyektlari uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdor 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha oshiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, soliq solishning umumbelgilangan tizimiga o‘tish uchun belgilangan chegara bazaviy hisoblash miqdorining 12 ming baravari, ya’ni 4 milliard 944 million so‘m etib belgilanadi.

Tadbirkorlar QQS bo‘yicha soddalashtirilgan tartibni tanlashi mumkin bo‘ladi

2026 yil 1-iyundan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Mazkur tartibda QQS stavkasi tovarlar va xizmatlarni realizatsiya qilishdan tushgan barcha aylanmalar uchun 6 foiz miqdorida belgilanadi.

Shu bilan birga, foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish talabi bekor qilinadi. Biroq sotib olingan tovarlar va xizmatlar bo‘yicha to‘langan QQSni hisobga olish huquqi taqdim etilmaydi.

Umumbelgilangan tartibdagi QQS imtiyozlari, preferensiyalar va soliqning bir qismini qaytarish mexanizmlari ushbu tartibda qo‘llanilmaydi. Shuningdek, mavjud salbiy QQS farqi hisobdan chiqariladi.

Bunda mazkur tartibda ishlovchi tadbirkorlik subyektlaridan tovar yoki xizmat xarid qilgan mijozlarga QQS summasini hisobga olish huquqi saqlab qolinadi.

Теглар

Рухсора Жовлиева

Рухсора ЖовлиеваМақолалар сони: 1070

Барчаси

Мавзуга оид