Logo

+48 daraja: Yoz yondiryapti

Бугун 20:067 дақиқа

O‘zbekistonda havo harorati +48 darajagacha ko‘tarilishi ma’lum qilindi. Bu yilgi yoz mavsumi ham «Eng issiq yoz» sifatida eslanadigan bo‘ldi. Lekin, nega havo harorati yildan-yilga bunchalik qizib bormoqda? Bunday iqlim o‘zgarishi O‘zbekiston va uning iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi? Eng muhimi, oldinda bizni nimalar kutmoqda? Vaqt.uz tahlili bilan tanishing.

Anomal issiq va dastlabki cheklovlar

Gidrometeorologiya xizmati prognoziga ko‘ra, 15–17-iyul kunlari O‘zbekiston hududida havo harorati keskin ko‘tarilib, eng issiq kunlar kuzatiladi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryoda harorat +47 darajagacha, ayrim cho‘l hududlarida esa +48 darajagacha yetishi kutilmoqda. Toshkent shahrida +44, vodiy viloyatlarida +43, odatda salqin bo‘ladigan tog‘li hududlarda esa +34 daraja bo‘lishi kutilmoqda.

1

Ushbu anomal jazirama allaqachon ijtimoiy - hayotga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Xususan, havo haroratining keskin ko‘tarilishi ortidan mamlakatning bir qancha viloyatlarida bolalar bog‘chalari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Eng yirik cheklov Toshkent viloyatida joriy etildi: 16-iyuldan boshlab viloyatdagi barcha davlat, xususiy va idoraviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari noma’lum muddatga yopildi. Bog‘chalar faqat ob-havo me’yoriga kelgach va hokimlikning alohida qarori bilan qayta ochiladi. Bundan tashqari, boshqa hududlarda ham quyidagi cheklovlar o‘rnatilgan:

·         Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi barcha davlat bog‘chalari — 17 iyulgacha;

·         Surxondaryo viloyatida — 18 iyulgacha;

·         Jizzax viloyatining ko‘plab tumanlari hamda Jizzax shahridagi jami 103 ta davlat bog‘chasi — 15–17-iyul kunlari faoliyatini to‘xtatdi;

·         Buxoro viloyati, Navoiyning ayrim hududlari hamda Qoraqalpog‘istonning katta qismida ham anomal issiq sababli bog‘chalar vaqtincha yopilgan.

Yo‘l infratuzilmasini asrash maqsadida transport tizimida ham cheklovlar o‘rnatildi. Xususan, Qashqadaryo viloyatida 9:00 dan, Surxondaryo viloyatida esa 10:00 dan 19:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida og‘ir yuk avtomobillarining harakati vaqtincha cheklandi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, O‘zbekistondagi hozirgi issiq havoning inson organizmiga ta’siri Afrika, Arabiston yarimoroli, Pokiston va Eronning eng jazirama hududlaridagi sharoitga yaqinlashgan. Garchi harorat +44...+45 darajani ko‘rsatsa-da, tana uni yanada og‘irroq qabul qiladi. Natijada aholi o‘rtasida issiq urishi, suvsizlanish, qon bosimining o‘zgarishi hamda yurak-qon tomir tizimiga yuklama tushishi kabi xavflar ortadi. Yoz mavsumidagi bunday anomal issiq va qish mavsumidagi anomal sovuq ob-havoning sababi sifatida iqlim o‘zgarishini keltirish mumkin.

Iqlim o‘zgarishi

2

Manba BMT

Iqlim o‘zgarishi, bu – juda uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, ma’lum bir hudud yoki butun Yer yuzidagi o‘rtacha harorat, yog‘ingarchilik va boshqa ob-havo sharoitlarining asta-sekin o‘zgarishini anglatadi. Bu o‘zgarishlar esa tabiatga, iqtisodiyotga va insonlar hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Iqlim o‘zgarishi Quyosh faolligining o‘zgarishi yoki yirik qulqon otilishlari kabi tabiiy sabablar orqali ham yuz berishi mumkin. Biroq, bugungi kunda kuzatilayotgan global isishning asosiy sababchisi tabiat emas, balki bevosita inson omilidir. Iqlimshunos olimlarga ko‘ra, XIX asrdan boshlangan sanoatlashuv davridan buyon, ya’ni so‘nggi 200 yil ichida kuzatilgan iqlim o‘zgarishlarining deyarli barchasi inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan. Eng oddiy misol, dunyoda ishlatilayotgan energiyaning 86 foizi hali ham ko‘mir, neft va tabiiy gaz hisobiga ishlab chiqarilmoqda. Aynan shu gazlarni yoqqanimizda atmosferaga juda zararli gazlari ajralib chiqadi. Gazlar esa yer atrofini o‘rab oladi, natijada quyoshdan kelayotgan issiqlik chiqib ketmasdan, atmosferada qoladi va sayyoradagi harorat ko‘tarilib ketaveradi.

Harorat oshib borarkan, iqlimshunoslarga ko‘ra, yer yuzida yashovchi barcha tirik organizmlar hayot faoliyatida buzilish, o‘zgarishlar kuzatila boshlaydi. Bu xuddi tana harorati ko‘tarilganda, organizmning holsizlanib qolishiga o‘xshaydi. Bundan tashqari, kuchli qurg‘oqchilik suv tanqisligi, o‘rmon yong‘inlari, dengiz sathining ko‘tarilishi, suv toshqinlari, qutb muzliklarining erishi ham iqlim o‘zgarishing ayanchli oqibatlaridir. Oxirgi yillarda O‘zbekistonda ham nega chang bo‘ronlari tez-tez bo‘lyotganini iqlim o‘zgarishi bilan izohlash mumkin. Shunday davom etsak, afsuski, harorat yanada ko‘tarilaveradi, yashashimiz esa qiyinlashaveradi.

Masalan, jazirama sabab shu yil Yevropada jami 10 mingdan ortiq odam vafot etdi. Ko‘plab davlatlar, o‘rmon yong‘inlari, qurg‘oqchilik yoki toshqinlardan aziyat chekmoqda. O‘zbekiston dunyo bo‘yicha qurg‘oqchilik xavfi eng yuqori 20 ta mamlakat qatoriga kirishi, mamlakatning bu kabi xavflardan holi emasligini ko‘rsatadi.

Iqlim o‘zgarishining iqtisodiyotga ta’siri

Iqlim o‘zgarishining oqibatlari faqatgina ekologik muammolar, quriydigan daryolar yoki issiq havo bilan cheklanmaydi. U eng avvalo davlat iqtisodiyotiga, biznes rivojiga, aholining daromadi va yashash sharoitiga bevosita zarba beradi.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, agar O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga moslashish choralarini zudlik bilan kuchaytirmasa, 2050 yilga borib mamlakat iqtisodiyoti kutilgan hajmdan 10 foizga qisqaradi. Bu — makroiqtisodiy tilda iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi, yangi ish o‘rinlarining qisqarishi hamda odamlar daromadining pasayishini anglatadi.

Muammolar ko‘lami shu bilan tugamaydi. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib 8 millionga yaqin o‘zbekistonlik iqlim xavfi o‘ta yuqori bo‘lgan hududlarda yashashga majbur bo‘lishi mumkin. Issiq to‘lqinlari, qurg‘oqchilik va suv tanqisligining kuchayishi fonida aholi o‘rtasida turli kasalliklar ko‘payadi. Natijada sog‘liqni saqlash tizimiga tushadigan yuklama ortadi va davlat aholi salomatligini himoya qilish uchun budjetdan yanada ko‘proq mablag‘ sarflashga majbur bo‘ladi. Ushbu qo‘shimcha xarajatlar yakunda baribir mamlakat iqtisodiyotiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Suv tanqisligi va oziq-ovqat xavfsizligi

Oldimizda turgan eng jiddiy inqirozlardan biri — suv tanqisligidir. Bugungi kunda O‘zbekiston suv manbalarining deyarli 80 foizi mamlakat tashqarisida shakllanadi. Havo haroratining isib borishi ortidan tog‘lardagi muzliklar qisqarmoqda, bug‘lanish darajasi va qurg‘oqchilik xavfi ortib bormoqda. Jahon banki prognoziga ko‘ra, kelajakda O‘zbekistondagi suv resurslari 30–40 foizgacha kamayishi, aksincha, aholi va iqtisodiyotining suvga bo‘lgan ehtiyoji esa 25 foizga oshishi mumkin.

Suv taqchilligidan eng katta zararni, hech shubhasiz, qishloq xo‘jaligi ko‘radi. Boisi, mamlakatdagi mavjud suv zaxiralarining qariyb 90 foizi aynan ekinlarni sug‘orishga sarflanadi.

Bu yerdagi mantiqiy zanjir juda oddiy va xatarli: suv kamaygan sari hosildorlik pasayadi. Hosil qisqargach, fermer va dehqonlarning xarajatlari keskin oshadi. Xarajatning ortishi esa zanjir reaksiyasi orqali bozordagi meva, sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari narxining qimmatlashishiga olib keladi. Demak, iqlim o‘zgarishi bevosita bozordagi narx-navoga va har bir oilaning yashash sifatiga daxl qiladi.

Energetikadagi muammolar

Iqtisodiy ta’sirlar ro‘yxatida energetika muammosini ham chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Havo qizib borgani sari, millionlab odamlar bir vaqtning o‘zida havo sovutgichlaridan (konditsionerlardan) foydalanishni boshlaydi. Natijada elektr iste’moli keskin oshib, butun tizimga tushadigan yuklama ortib ketadi. Buning oqibatida transformatorlarda nosozliklar kuzatilib, chiroq o‘chish holatlari ko‘payadi.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, vaziyatning naqadar jiddiyligi namoyon bo‘ladi. Xususan, 13-iyul kuni o‘zbekistonliklarning sutkalik elektr iste’moli 278,6 million kilovatt-soatga yetgan. Bu — avval qayd etilgan rekord ko‘rsatkichdan 6 million kilovatt-soatga (yoki 2,2 foizga) ko‘p deganidir.

UNDP keltirgan raqamlar energiyadan samarasiz foydalanish O‘zbekistonga har yili YAIMning taxminan 4,5 foizi miqdorida zarar keltiryotganini ko‘rsatmoqda. Hozirgi yalpi ichki mahsulotning 4,5 foizi deyarli 83 trillion so‘m degani. Shulardan ham tushunish mumkinki, iqlim o‘zgarishi haqidagi gaplar faqat qog‘ozlardagi statistika yoki uzoq kelajak emas, bularni hammasi bugunimiz haqida va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini endi har birimiz o‘z tanamizda his qilyapmiz.

Jaziramadan qanday himoyalanish mumkin?

Kasbi yuzasidan yoki zarurat sabab ko‘chada harakatlanadigan odamlar uchun mutaxassislar quyidagi oddiy, ammo hayotiy muhim qoidalarga amal qilishni qat’iy tavsiya etadi:

·         Bosh kiyimsiz ko‘chaga chiqmang: Agar tashqariga chiqishga to‘g‘ri kelsa, albatta bosh kiyim kiyish zarur. Boshdan quyosh o‘tishi butun organizm faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Buning oqibatida tana harorati ko‘tariladi, bosh og‘riydi, ko‘ngil aynishi yoki hatto inson hushdan ketishi ham kuzatilishi mumkin.

·         Suv balansi va to‘g‘ri ovqatlanish: Kun davomida tez-tez suv ichib turish qoida bo‘lishi kerak. Ovqatlanish ratsionida ham og‘ir va yog‘li taomlar o‘rniga yengil ovqatlar, shuningdek, meva va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etiladi.

·         To‘g‘ri kiyim tanlash: Issiq kunda to‘g‘ri rangdagi kiyimlarni tanlash eng muhim omillardan biridir. Och rangli, paxtadan tikilgan, havoni yaxshi o‘tkazadigan va kengroq kiyimlar tanani kamroq qizdiradi. Shuningdek, hech qachon bolalarni, keksalarni yoki uy hayvonlarini yopiq mashina ichida yolg‘iz qoldirib ketmang. Quyosh ostida turgan avtomobilning ichkarisi bir necha daqiqadayoq hayot uchun xavfli darajagacha qizib ketishi mumkin.

3

Tabiat bizsiz yashay oladi, biz-chi?

Bugungi kuzatilayotgan anomal jazirama iqlim o‘zgarishi shunchaki xavotir emas, balki hayotimizga allaqachon o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkaza boshlagan mutlaq reallik ekanini isbotlamoqda. Garchi insoniyat global isish jarayonlarini butunlay to‘xtatib qolish imkoniyatini boy bergan bo‘lsa-da, uning halokatli oqibatlarini yumshatishga hali imkon bor.

Buning uchun har birimizdan atrof-muhitga biroz e’tiborli bo‘lish hamda mavjud resurslardan oqilona va samarali foydalanish talab etiladi. Masalan, keraksiz xonalardagi chiroqlarni o‘chirib yurish, ishlatilmayotgan elektr qurilmalarini va texnikalarni tokdan uzib qo‘yish orqali energetika tizimiga tushyotgan yuklamani biroz bo‘lsada kamaytirish mumkin. Ekologik hodisalarga befarq bo‘lmasdan, tabiat bizsiz yashay olishini, lekin biz tabiatsiz yashay olmasligimizni unutmaslik lozim.

Теглар

Мавзуга оид