Logo

Andijon iqtisodiyoti 8,8 foizga o‘sdi

So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trln so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trln so‘m yo‘naltirildi.

Andijon iqtisodiyoti 8,8 foizga o‘sdi © ru.suntravel.uz

Joriy yilning birinchi yarmida Andijon viloyati iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda aytildi.

«Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim», — dedi davlat rahbari.

Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.

So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi. Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga sifati, tarkibi va iqtisodiyotga beradigan samarasiga alohida e’tibor qaratildi. Yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda 7 milliard dollar investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, joriy yilga rejalashtirilgan 3,5 milliard dollar investitsiyaning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani qayd etildi.

Prezident matbuot kotibining yozishicha, axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti va malakali kadrlar mavjud bo‘lsa-da, sohaning texnologik bazasini mustahkamlashga investitsiyalar yetarli yo‘naltirilmayapti.

Davlat rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat, zamonaviy texnologiya va barqaror ish o‘rinlari yaratadigan yo‘nalishlarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda 2 milliard dollarlik loyihalar ishga tushirilgandi. 7 milliard 350 million dollarlik 108 ta loyihaning qurilishi boshlandi.

Теглар

Мавзуга оид