AQSH–Eron urushi 27-kuni rivoji

Кеча 21:555 дақиқа

AQSH va Isroil Eronga zarbalarni kuchaytirmoqda. Mojaro kengayib, neft va oziq-ovqat bozoriga ta’sir qilmoqda.

AQSH–Eron urushi 27-kuni rivoji

AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari davom etmoqda. «Al-Jazira» nashri muzokaralar borasidagi ziddiyatli ma’lumotlar fonida, berilayotgan zarbalarning «soni va ko‘lami tobora kengayib borayotganini» xabar qildi.

AQSH prezidenti Donald Tramp muzokaralar bo‘layotganini aytmoqda, biroq Eron AQSH tajovuziga qarshi «kurashishda» davom etishini ta’kidlab, bu bayonotlarni rad etmoqda.

26-mart kuni Eron Isroil va Ko‘rfazning bir necha davlatlariga qasos zarbalarini yo‘lladi. Yaqin Sharqdagi mojaroning tugash belgilari ko‘rinmayotgan bir paytda, energiya va oziq-ovqat narxlari o‘sishda davom etmoqda.

Erondagi vaziyat:

·         Hujumlarning kuchayishi: «Al-Jazira»ga ko‘ra, AQSH va Isroilning Eronga qilayotgan hujumlari «soni va ko‘lami tobora ortib bormoqda», Isroil esa markaziy Isfahon viloyatiga keng ko‘lamli zarbalar berganini e’lon qildi. AQSH kuchlari bilan bir qatorda, Isroil butun Eron bo‘ylab «keng ko‘lamli zarbalar to‘lqini»ni boshladi.

·         Tinch aholi orasidagi qurbonlar: Eron ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, yaqinda AQSH va Isroilning Sheroz tumanidagi qishloqlardan birida joylashgan turar-joy punktiga bergan zarbasi oqibatida ikki nafar o‘smir halok bo‘lgan.

·         Muzokaralar masalasi: AQSH prezidenti Donald Tramp Eron tinchlik muzokaralarida ishtirok etayotganini qat’iy ta’kidladi.

·         Eron «qarshilik ko‘rsatishni» tanlamoqda: Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Tehron o‘z «qarshiligini» davom ettirishini va muzokaralar olib borish niyatida emasligini ma’lum qildi.

·         AQSH raketa salohiyatini nishonga olmoqda: Yuqori martabali harbiy mulozimning ma’lum qilishicha, AQSH Eronning raketa va dron ishlab chiqarish quvvatlarining uchdan ikki qismini yo‘q qilgan.

·         Eronning bosim o‘tkazish dastagi: «Rabobank» tahlilchisi Jeyn Folining ta’kidlashicha, Tehronning muzokaralar borasidagi pozitsiyasi tashabbusni to‘liq ularning qo‘lida qoldirmoqda. Muhim ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda yopiq qolayotgani sababli, tahlilchining fikricha, Eron har qanday rezolyutsiya shartlarini o‘zi belgilash va majburlab o‘tkazish imkoniyatiga ega.

·         Boj undirish bo‘yicha yangi qonun: Eron parlamenti Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tayotgan kemalar va tankerlardan boj va to‘lovlar undirishni majburiy qilib qo‘yuvchi qonun loyihasini tayyorlamoqda. Bu orqali mazkur suv yo‘liga oddiy tranzit yo‘lagi maqomi berilmoqda.

Ko‘rfaz mintaqasidagi vaziyat

·         Quvaytda «Hizbulloh» fitnasi fosh etildi: Mamlakat Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, hukumat Ko‘rfaz davlatida suiqasdlar uyushtirishni rejalashtirganlikda ayblanib, «Hizbulloh»ga aloqador deb gumon qilingan olti kishini hibsga olgan.

·         Saudiya Arabistoni: 26-mart tongida Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi Sharqiy viloyatda uchuvchisiz qurilma urib tushirilgani va yo‘q qilinganini e’lon qildi. 25-mart kuni esa qirollikning havo hujumidan mudofaa tizimlari neft inshootlarining asosiy qismi joylashgan mazkur viloyatni nishonga olgan kamida yigirmata dronni urib tushirgan edi.

·         Birlashgan Arab Amirliklari: 26-mart kuni BAA Mudofaa vazirligi mamlakatning havo hujumidan mudofaa tizimlari Eron tomonidan uchirilgan raketalar va dronlarga faol ravishda zarba berib, ularni urib tushirayotganini ma’lum qildi.

AQSHdagi vaziyat

·         Trampning aytishicha, Eron kelishuv istamoqda: Tramp Eron rahbariyati aslida «kelishuv tuzishni juda xohlayotganini», ammo buni ochiq tan olishdan hayiqayotganini yana bir bor ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron mulozimlari «o‘z xalqi tomonidan o‘ldirilishidan xavfsirayotgani» sababli bu istaklarini yashirishga majbur bo‘lmoqda. 

·         Kelishuv rad etilsa, Tramp «jahannam olovi» bilan tahdid qilmoqda: 25-mart kuni Oq uy Tehron urushni yakunlash bo‘yicha bitimga rozilik bermasa, Tramp Eronga nisbatan «jahannam olovini yog‘dirishga» tayyor ekanidan ogohlantirdi.

·         Strategik po‘pisa: Pentagonning sobiq mulozimi Jeyson Kempbellning qayd etishicha, AQSHning «Eronga qattiqroq zarba berish» haqidagi tahdidlari amalda hujumlarni kuchaytirishdan ko‘ra, ko‘proq po‘pisa va signal berish xarakteriga ega.

·         Ataylab qo‘llanilgan mavhumlik taktikasi: Kempbellning «Al-Jazira»ga ma’lum qilishicha, Tramp aniq tafsilotlarni ochiqlamayotgani bejiz emas. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — Eron rahbariyatini AQSHning keskin zarbalar yo‘llashga to‘la qodirligi va bu borada qarori qat’iy ekaniga ishontirishdir.

Isroildagi vaziyat

·         Raketalar to‘lqini: 26-mart tongida Isroil armiyasi Eron tomonidan mamlakatga qarab uchirilgan navbatdagi raketalar to‘lqinini qayd etganini ma’lum qildi. Bu yarim soatning o‘zida berilgan ikkinchi yirik zarbadir.

·         Isroil nishonga olinmoqda: Eron raketalari mamlakatning markaziy va shimoliy hududlariga tinimsiz zarbalar bermoqda «Hizbulloh» esa G‘arbiy Galileya yo‘nalishida keng ko‘lamli raketa zarbalarini amalga oshirdi.

Iroq va Livandagi vaziyat

·         Ko‘rfaz davlatlarining Iroqqa talabi: Ko‘rfaz davlatlari va Iordaniya Iroqni o‘z hududidan turib harakat qilayotgan, Eronga sodiq qurolli guruhlarning hujumlarini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

·         «Hizbulloh» bilan quruqlikdagi to‘qnashuvlar: Isroil qo‘shinlari Livan chegarasini buzib o‘tib, quruqlikdagi jangovar harakatlarga faol kirishdi. «Hizbulloh» esa o‘z jangchilari Livan janubiga bostirib kirgan Isroil askarlari bilan shiddatli to‘qnashuvlarni davom ettirayotganini ma’lum qildi.

·         Livan mudofaasi: «Hizbulloh» bosh kotibi Naim Qosim guruh endilikda ham AQSH, ham Isroilga qarshi urush olib borayotganini va Livan hududini himoya qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishini ta’kidladi.

Neft bozorlari va oziq-ovqat xavfsizligi

·         Neft narxining ko‘tarilishi: Tehron AQSH bilan muzokaralar olib borilayotganini qat’iyan rad etgach, Erondagi urush tinchishiga bo‘lgan umidlar so‘na boshladi va buning ortidan neft narxlari yanada yuqoriladi.

·         Oziq-ovqat ta’minoti: «Breakingviews» nashri sharhlovchisi Entoni Karri Erondagi urushning global oziq-ovqat xavfsizligiga ko‘rsatadigan ta’siri Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlaridan ko‘ra ancha halokatliroq bo‘lishidan ogohlantirdi.

 

Теглар

Мавзуга оид