«Armaniston G‘arb tomon yurishda davom etsa, Gruziya taqdiriga duch kelishi mumkin» — Medvedev
U G‘arb bir vaqtlar Gruziyadan Rossiyaga qarshi geosiyosiy kurashda foydalangani, ammo 2008-yildagi voqealardan keyin Gruziyani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechganini aytdi.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning aytishicha, agar Armaniston G‘arb bilan yaqinlashish siyosatini davom ettirsa, mamlakatni Gruziyadagi kabi vaziyat kutishi mumkin. Bu haqda u RIA Novosti nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning ta’kidlashicha, G‘arb bir vaqtlar Gruziyadan Rossiyaga qarshi geosiyosiy kurashda foydalangan. Ammo 2008-yildagi voqealardan keyin G‘arb Gruziyani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechgan.
«Agar Armaniston G‘arb bilan yaqinlashish bo‘yicha hozirgi siyosatini davom ettirsa, uni ham xuddi shunday oqibatlar kutishi mumkin», — deydi Medvedev.
Uning fikricha, Yevropa Ittifoqi va AQSH Armaniston aholisining farovonligidan manfaatdor emas. Agar Armaniston Rossiya bilan qarama-qarshilikda G‘arb uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotsa, AQSH va Yevropa Ittifoqi avval bergan va’dalarini bajarmasligi mumkin.
Medvedev, shuningdek, Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarning uzilishi Armanistonda jiddiy ichki inqirozga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya urushga safarbar qilganlarning uchdan ikki qismi halok bo‘lgani haqida yozgan edik. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat armiyasi har yili faol tarkibining deyarli yarmini yo‘qotmoqda.





