Banklardagi muammoli kreditlar hajmi yarim yilda qariyb 5 trln so‘mga oshdi
2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston banklarida muammoli kreditlar hajmi qariyb 5 trln so‘mga ko‘paydi. O‘sishning qariyb to‘rtdan uch qismi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
© Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklarining muammoli kreditlari (NPL) 4 trln 887 mlrd so‘mga oshib, 22 trln 943 mlrd so‘mga yetdi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda banklar kredit portfeli ham o‘sgan bo‘lsa-da, qaytmay qolish xavfi yuqori bo‘lgan qarzlar o‘sishi ancha yuqori sur’atda davom etgan.
2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, respublika banklarining jami kredit portfeli 642 trln 810 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shundan 22 trln 943 mlrd so‘mi yoki 3,6 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Yarim yil davomida kredit portfeli 38 trln 807 mlrd so‘mga ko‘paygan. Shu bilan birga, NPL hajmi ham 4 trln 887 mlrd so‘mga oshgan. Bu kreditlash hajmi o‘sishi bilan bir qatorda bank tizimida risklar ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Davlat banklari asosiy hissani tashkil qildi
Muammoli kreditlar o‘sishining asosiy qismi davlat ishtirokidagi banklarga to‘g‘ri keldi.
1-iyul holatiga ko‘ra, davlat banklarining kredit portfeli 422 trln 259 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ularning 16 trln 446 mlrd so‘mi yoki 3,9 foizi muammoli kreditlardan iborat.
Yarim yil ichida davlat banklari kredit portfelini 17 trln 790 mlrd so‘mga oshirgan. Biroq shu davrning o‘zida muammoli kreditlar 3 trln 612 mlrd so‘mga ko‘paygan. Bu esa respublika bo‘yicha jami o‘sgan muammoli kreditlarning qariyb 74 foizi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelganini anglatadi.
Muammoli kreditlari eng ko‘p oshgan davlat banklari quyidagilar bo‘ldi:
«Mikrokreditbank» — 902 mlrd so‘m;
«Xalq banki» — 501 mlrd so‘m;
«Agrobank» — 493 mlrd so‘m;
«Asakabank» — 372 mlrd so‘m;
«Biznesni rivojlantirish banki» — 376 mlrd so‘m;
«Sanoatqurilishbank» — 344 mlrd so‘m;
«Aloqabank» — 304 mlrd so‘m;
«Milliybank» — 220 mlrd so‘m;
«Turonbank» — 99 mlrd so‘m.
Shu bilan birga, kredit portfeli hajmi davlat banklari orasida faqat ikki bankda qisqargan. Xususan, «Sanoatqurilishbank» kredit portfeli 3 trln 946 mlrd so‘mga, «Asakabank»niki esa 1 trln so‘mga kamaygan.
Xususiy banklarda ham o‘sish kuzatildi
Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklarning kredit portfeli 220 trln 550 mlrd so‘mga yetgan. Ulardagi muammoli kreditlar hajmi 6 trln 497 mlrd so‘m yoki umumiy portfelning 2,9 foizini tashkil etgan.
2026 yilning dastlabki olti oyida mazkur toifadagi banklar kredit portfelini 21 trln so‘mga oshirgan. Muammoli kreditlar esa 1 trln 276 mlrd so‘mga ko‘paygan.
Eng katta o‘sish quyidagi banklarda qayd etildi:
«Anorbank» — 421 mlrd so‘m;
«TBC Bank» — 418 mlrd so‘m;
«Ipak Yo‘li Bank» — 225 mlrd so‘m;
«Orient Finans Bank» — 203 mlrd so‘m;
«Hamkorbank» — 160 mlrd so‘m.
Ayrim banklar esa aksincha, muammoli kreditlar hajmini qisqartirishga erishgan. Jumladan, «Kapitalbank»da bu ko‘rsatkich 199 mlrd so‘mga, ««Ipotekabank»da 163 mlrd so‘mga, «Poytaxt bank»da esa 32 mlrd so‘mga kamaygan.
Kredit portfeli hajmi bo‘yicha eng katta qisqarish «TBC Bank»da kuzatilib, yarim yilda bankning kredit portfeli 2 trln 23 mlrd so‘mga qisqargan. Shuningdek, «Orient Finans Bank»da 1 trln 63 mlrd so‘mga, «Tenge Bank»da 175 mlrd so‘mga va «Saderatbank»da 1,7 mlrd so‘mga pasayish qayd etilgan.
Muammoli kreditlar o‘tgan oyga nisbatan kamaygan
Yarim yil davomida muammoli kreditlar ko‘payganiga qaramay, iyun oyida ijobiy dinamika kuzatildi. Agar yarim yil yakunlarida muammoli kreditlar hajmi umumiy hisobda 4 trln 887 mlrd so‘mga oshgan bo‘lsa, iyun oyining o‘zida ularning hajmi kamaydi. Xususan, 1-iyun holatiga 23 trln 609 mlrd so‘mni tashkil etgan muammoli kreditlar 1-iyul holatiga kelib 22 trln 943 mlrd so‘mga tushdi. Natijada bir oy ichida muammoli kreditlar hajmi 666 mlrd so‘mga qisqardi.

Manba: Markaziy bank



