Logo

Bitta kod, turli ilovalar: UzQR tizimi qanday ishlaydi?

1-iyuldan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar UzQR orqali to‘lov qabul qilishi shart. Yagona QR-kod qanday ishlaydi, komissiyani kim to‘laydi va uning boshqalardan farqi qanday?

Bitta kod, turli ilovalar: UzQR tizimi qanday ishlaydi?

2026-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yagona QR-kodli to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish tartibi kuchga kirdi.

Shu sanadan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar mijoz talab qilganida UzQR orqali to‘lov qabul qilishi shart.

Tizim savdo nuqtalaridagi QR-kodlar tarqoqligi muammosini hal qilish uchun joriy etildi. Avval qaysidir do‘konda faqat Payme orqali to‘lov qabul qilinsa, boshqasida Click yoki Paynet foydalanilar edi.

Yangi chiqib kelayotgan ilovalar uchun esa do‘konlarda QR-kodlarni o‘rnatish deyarli imkonsiz edi. Hukumat UzQR orqali mijozlarga yagona QR-kod bilan UzQR’ga integratsiya qilingan istalgan ilova orqali to‘lov qilish imkoniyatini ishga tushirdi.

UzQR qanday ishlaydi?

UzQR alohida to‘lov ilovasi yoki elektron hamyon emas. Xaridor undan foydalanish uchun yangi ilova yuklab olmaydi. Tizim banklar, to‘lov tashkilotlari va savdo nuqtalarini yagona infratuzilmada bog‘laydi.

Biznes UzQR’ga ulanish uchun xizmat ko‘rsatuvchi bankka murojaat qiladi. Bank bilan ekvayring shartnomasi tuzilib, tadbirkorning hisobvarag‘iga biriktirilgan QR-kod shakllantiriladi. Tizimga ulanish va kodni chiqarish bepul.

QR-kod statik yoki dinamik bo‘lishi mumkin. Statik kod ma’lum bir savdo nuqtasiga biriktiriladi va o‘zgarmaydi. Xaridor uni skanerlagandan keyin to‘lov summasini o‘zi kiritadi.

Dinamik QR-kod esa har bir xarid uchun alohida yaratiladi. Unda to‘lov summasi oldindan ko‘rsatiladi, xaridor faqat ma’lumotlarni tekshirib, operatsiyani tasdiqlaydi. Bunday kodga alohida identifikator va amal qilish muddati biriktiriladi.

Xaridor bank yoki to‘lov ilovasidan kassadagi kodni skanerlaydi. Ilovada sotuvchining nomi, rekvizitlari va to‘lov summasi ko‘rinadi. To‘lov tasdiqlangach, uning natijasi xaridor va sotuvchiga real vaqt rejimida yetkaziladi.

Tizim operatori vazifasini Markaziy bankning banklararo hisob-kitob tizimi — MUNIS bajaradi. Operator tranzaksiya haqidagi ma’lumotlarni tomonlarga yetkazadi, to‘lovlarni monitoring qiladi va banklar o‘rtasidagi yakuniy hisob-kitob uchun ma’lumotlarni shakllantiradi.

To‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilgani haqidagi xabar darhol keladi. Pul esa, qoida tariqasida, bir ish kuni davomida sotuvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Payme va Click tizimning qaysi qismida turadi?

QR-kod orqali to‘lovda ikkita alohida tomonni ajratish kerak: sotuvchi — pul qabul qiladigan infratuzilma va xaridor — to‘lovni amalga oshiradigan ilova.

UzQR sotuvchi tomonidagi to‘lov infratuzilmasidir. Payme, Click, Uzum Bank, Alif va banklarning mobil ilovalari esa xaridor tomonida ishlaydi.

Masalan, xaridor Payme orqali UzQR kodini skanerlaganda, pul uning kartasidan Payme yordamida yechiladi. Ammo to‘lov haqidagi ma’lumot UzQR infratuzilmasi orqali sotuvchining bankiga yetkaziladi.

Shu sabab UzQR’ning asosiy yangiligi shunchaki yangi QR-kod paydo bo‘lganida emas. Uning maqsadi turli bank va to‘lov ilovalarining bir xil kodni o‘qishini ta’minlashdan iborat.

Avval ham TezQR, Rahmat QR, Xolis, Payme QR va Click QR kabi yechimlar mavjud edi. Biroq ularning ishlash tartibi, qamrovi va komissiyasi bir-biridan farq qilardi. Ayrimlari terminalga bog‘langan bo‘lsa, boshqalari muayyan to‘lov servisi yoki tadbirkorlar toifasi uchun ishlab chiqilgan.

UzQR esa Markaziy bank tomonidan joriy qilingan umumiy standart hisoblanadi. Banklar va to‘lov tashkilotlari o‘z ilovalarini shu standartga integratsiya qilishi kerak.

Boshqa QR-kodlar endi olib tashlanadimi?

UzQR joriy qilingach tadbirkorlarga faqat uni qoldirib, boshqa ilovalarning QR-kodlarini olib tashlash talab qilinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Biroq UzQR majburiy bo‘lgani Payme, Click, TezQR yoki boshqa to‘lov yechimlaridan foydalanish taqiqlanganini anglatmaydi.

Tadbirkor UzQR bilan birga boshqa QR-kodlarni ham saqlab qolishi mumkin. Markaziy bank ham savdo nuqtalarini avvaldan foydalanayotgan QR-kodlarni olib tashlashga majburlash qonunga zid ekanini ma’lum qilgan.

UzQR naqd pul va bank terminalini ham bekor qilmaydi. Xaridor QR-kod orqali to‘lashga majbur emas. Savdo nuqtalari avvalgidek naqd pul va bank kartalarini ham qabul qilishi kerak.

Buning yana bir sababi bor: UzQR hozircha faqat Uzcard va Humo milliy to‘lov tizimlari kartalari bilan ishlaydi. Visa yoki Mastercard kartasiga ega xaridor yagona kod orqali to‘lov qila olmaydi. Bunday holatda terminal yoki boshqa QR-yechim kerak bo‘ladi.

UzQR kimlar uchun majburiy?

Bu yerda yuridik shaxslar bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlarni bir-biridan ajratish zarur.

UzQR orqali to‘lov qabul qilish talabi savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslarga tegishli. Ular 2026-yil 1-iyuldan mijoz talab qilganida yagona kod orqali to‘lov qabul qilishi shart. UzQR’dan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish hisoblanadi.

Biroq aynan UzQR mavjud emasligi uchun qancha jarima qo‘llanishi hozircha ochiq ko‘rsatilmagan. Prezident farmonida majburiyat belgilangan, ammo buning uchun alohida jarima miqdori keltirilmagan.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun boshqa — maxsus QR-kod talabi amal qiladi. Bu kod to‘lov tashkilotining soliq organlari bilan integratsiya qilingan raqamli platformasida shakllantiriladi. Bozorda bunday imkoniyatni hozircha Paynet’ning Xolis platformasi taklif qilmoqda.

Demak, UzQR va Xolis bir xil tizim emas. UzQR tizimidan foydalanish imkoniyati faqat yuridik shaxslar bilan cheklanmagan. Biroq 1-iyuldan yagona QR orqali to‘lov qabul qilish majburiyati yuridik shaxslarga tegishli. YTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun esa soliq tizimi bilan integratsiya qilingan maxsus QR-kod bo‘yicha alohida talab amal qiladi.

Komissiyani kim to‘laydi?

UzQR orqali qabul qilingan to‘lov uchun sotuvchidan tranzaksiya summasining 0,65 foizi miqdorida komissiya olinadi.

Masalan, 100 ming so‘mlik savdoda biznes 650 so‘m komissiya to‘laydi. 1 mln so‘mlik to‘lovda esa bu summa 6 500 so‘mni tashkil qiladi.

Komissiya to‘lov zanjiridagi ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlanadi:

0,10 foiz — sotuvchiga kod bergan ekvayer bankka;

0,15 foiz — Uzcard yoki Humo tizimiga;

0,20 foiz — UzQR operatoriga;

0,15 foiz — QR-kodni skanerlagan ilovaga;

0,05 foiz — to‘lovchi bankka.

Bir tashkilot tizimda bir nechta vazifani bajarsa, bir nechta ulushni olishi mumkin. Masalan, xaridor bankning o‘z ilovasidan foydalansa va karta ham shu bankniki bo‘lsa, bank bir vaqtning o‘zida to‘lov tashabbuskori hamda karta emitenti sifatida daromad oladi.

Markaziy bankning rasmiy izohiga ko‘ra, xaridordan komissiya undirish UzQR tarifida nazarda tutilmagan. To‘liq 0,65 foizlik xarajat sotuvchi tomonidan qoplanishi kerak.

Biroq tizim ishga tushgan dastlabki kunlarda ayrim bank va to‘lov ilovalari xaridordan yana 1 foiz komissiya olgani ma’lum bo‘ldi. Amaldagi qoidalar bunday qo‘shimcha yig‘imni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlamaydi. Faqat to‘lov tasdiqlanishidan oldin uning miqdorini xaridorga ko‘rsatishni talab qiladi.

Markaziy bank iste’molchilardan qo‘shimcha komissiya undirish holatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilayotganini bildirdi.

Payme esa o‘z foydalanuvchilari uchun UzQR orqali to‘lovlar komissiyasiz ekanini e’lon qilgan. Biroq u ham dastlabki kunlarda xaridordan 1 foiz ko‘rinishida komissiya olayotgan edi.

Shu sabab xaridorga to‘lovni tasdiqlashdan oldin summa va komissiya haqidagi ma’lumotni tekshirish tavsiya qilinadi. Ayrim hollarda boshqa ilovalarning QR-kodi, naqd pul yoki bank kartasi orqali to‘lovni amalga oshirish foydaliroq bo‘lishi mumkin.

Xorij tajribasi qanday?

Ko‘pchilik UzQR tizimini O‘zbekistonga nisbatan yaqinroq bo‘lgan Qozog‘istondagi Kaspi va Xitoydagi Alipay bilan o‘xshatishi mumkin.

Kaspi va Alipay’ning UzQR bilan ayrim o‘xshash jihatlari bo‘lsa-da, ularning ishlash modeli keskin farq qiladi.

Xitoyning Alipay tizimi ham QR-kod orqali to‘lov qilish imkonini beradi. Xaridor sotuvchining kodini skanerlashi yoki o‘zining to‘lov kodini kassirga ko‘rsatishi mumkin.

Biroq Alipay UzQR kabi milliy banklararo standart emas. U bitta xususiy kompaniyaga tegishli elektron hamyon va superilova hisoblanadi. To‘lovdan tashqari, unda taksi, jamoat transporti, yetkazib berish, sayohat va boshqa kundalik xizmatlar mavjud.

Texnik jihatdan UzQR’ni Alipay’ning o‘zidan ko‘ra Alipay+ bilan taqqoslash to‘g‘riroq. Alipay+ turli mamlakatlardagi bank ilovalari va elektron hamyonlarni bitta savdo infratuzilmasiga ulaydi.

Alipay+ ma’lumotiga ko‘ra, tizim 50 ta mobil hamyon va bank ilovasini birlashtiradi. Uning tarmog‘i 2 mlrddan ortiq foydalanuvchi va QR-to‘lovlarni qabul qiladigan 150 mln savdo nuqtasini qamrab olgan.

UzQR ham mahalliy miqyosda shunga o‘xshash vazifani bajarishi kerak: xaridor qaysi bank yoki to‘lov ilovasidan foydalanishidan qat’i nazar, bitta kod orqali to‘lay olishi lozim.

Kaspi QR ham xususiy bo‘lib, UzQR’dan farqli model asosida ishlaydi. Kaspi bir vaqtning o‘zida bank, to‘lov tizimi, marketpleys, muddatli to‘lov va kredit platformasi hisoblanadi.

Xaridor Kaspi QR orqali to‘lov qilayotganda oddiy Kaspi Gold kartasi, Kaspi Red+ muddatli to‘lovi yoki Kaspi Kredit’dan foydalanishi mumkin. Sotuvchilar esa Kaspi Pay orqali mobil POS, kassa, hisobot, reklama va biznesni moliyalashtirish xizmatlarini oladi.

Kaspi biznesga faqat to‘lov o‘tkazishni emas, balki millionlab xaridorlar, marketpleys va muddatli to‘lov imkoniyatini ham taqdim etadi.

Kaspi QR dastlab kompaniyaning yopiq ekotizimi ichida rivojlangan. Biroq 2026-yil iyul oyidan Kaspi Qozog‘istonning yagona QR tizimiga qo‘shildi.

Natijada Kaspi savdo nuqtalaridagi kodlarni boshqa ishtirokchi banklarning ilovalari ham o‘qiy boshladi. Bu Qozog‘istonda xususiy superilova va milliy to‘lov infratuzilmasi bir-biriga yaqinlashayotganini ko‘rsatadi.

UzQR tizimiga o‘xshash milliy standart asosida ishlaydigan tizimlar Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ko‘p uchraydi.

Masalan, Indoneziyada QRIS paydo bo‘lishidan oldin har bir bank yoki elektron hamyon o‘z kodidan foydalangan. Bir ilovaning foydalanuvchisi boshqa provayder kodini skanerlay olmas edi.

2019-yilda Bank Indonesia yagona QRIS standartini joriy qildi. Savdogar endi faqat bitta litsenziyalangan provayderda ro‘yxatdan o‘tib, bitta kod olishi mumkin. Xaridor esa QRISga ulangan istalgan bank yoki elektron hamyon ilovasi orqali to‘laydi.

Indoneziya tajribasining UzQRdan muhim farqi bor: mamlakatda QR-to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi barcha provayderlar QRISdan foydalanishi shart. Shunga o‘xshash tizim Malayziya, Tailand va Kambodja kabi davlatlarda ham bor.

UzQRni qabul qilish majburiy bo‘lsa-da, O‘zbekistonda hozircha boshqa QR-kodlardan foydalanish taqiqlanmagan.

O‘zbekiston UzQR orqali muammoning sotuvchi tomonini hal qilmoqda: biznesda yagona kod bo‘lishi shart. Biroq xaridorning qaysi to‘lov usulini tanlashini majburiyat bilan belgilab bo‘lmaydi.

Agar UzQR orqali to‘lov uchun qo‘shimcha komissiya olinsa, ilovalar to‘liq integratsiya qilinmasa yoki operatsiyalar barqaror ishlamasa, xaridor terminal, naqd pul yoki boshqa QR-kodni tanlaydi. Bunday holatda UzQR kassada mavjud bo‘ladi, ammo amalda kam ishlatilishi mumkin.

Shuning uchun tizimning muvaffaqiyati QR-kodlar soni bilan emas, ular orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi, tranzaksiyalarning muvaffaqiyat darajasi va xaridor xarajati bilan o‘lchanishi kerak.

Теглар

Мавзуга оид