Logo

Chekka hududlardagi maktablarda sharq tillari o‘qitiladi: yosh mutaxassislarni jalb qilish dasturi ishga tushdi

Бугун 08:001 дақиқа

Ishtirokchilarga qo‘shimcha maosh va xalqaro maqom beriladi.

Chekka hududlardagi maktablarda sharq tillari o‘qitiladi: yosh mutaxassislarni jalb qilish dasturi ishga tushdi © Foto: t.me/Rasmiy_axborot_official

O‘zbekistonning olis va chekka hududlaridagi maktablarda xorijiy tillar, xususan, sharq tillarini o‘qitish sifatini oshirish maqsadida yosh mutaxassislar jalb etiladi. Bu haqda «Teach for Uzbekistan» (TFU) loyihasi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti (TDSHU) o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumida ma’lum qilindi.

Kelishuvga muvofiq, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining iqtidorli bitiruvchilari chekka hududlardagi maktablarga maxsus ikki yillik «Fellowship» dasturi doirasida yo‘naltiriladi. Yosh mutaxassislar mazkur maktablarda to‘liq stavkada dars berishi belgilangan. Bundan tashqari, ular pedagogika va boshqaruv yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etiladigan intensiv treninglarda ham ishtirok etadi.

Mazkur dastur ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash tizimi ham ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, maktablarda faoliyat yuritayotgan yosh o‘qituvchilarga asosiy ish haqi bilan bir qatorda, qo‘shimcha moliyaviy va metodik ko‘mak ko‘rsatiladi.

Dastur yakunida uni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar dunyoning 60 dan ortiq mamlakatini birlashtirgan «Teach For All» xalqaro tarmog‘i bitiruvchilari maqomini qo‘lga kiritadi.

Ta’kidlanishicha, mazkur hamkorlik chekka hududlarda tahsil olayotgan o‘quvchilarning bilimini oshirish va xorijiy tillarni o‘zlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, loyiha doirasida chekka joylardagi maktablarda til klublari hamda turli ijtimoiy loyihalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Теглар

Мавзуга оид