Davlat xizmatchilarining tadbirkorlar ishiga noqonuniy aralashuvi cheklanadi — Prezident farmoni

Ayni bir tadbirkorlik subyekti bilan 1 yil davomida 2 va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchisiga chora ko‘riladi.

Davlat xizmatchilarining tadbirkorlar ishiga noqonuniy aralashuvi cheklanadi — Prezident farmoni © ЎзА

Bugun, 17-aprel kuni «Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–63-son prezident farmoni qabul qilindi.

«Yagona davlat nazorati» axborot tizimi

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan amaldagi funksiyalariga qo‘shimcha ravishda quyidagi yangi imkoniyatlarga ega «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi:

tadbirkor faoliyat yuritadigan joydagi tuman (shahar) hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida ma’lumot olish va ularga murojaat qilish (chat) tizimini yaratish;

o‘tkazilgan tekshiruvlar va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlar natijasi bo‘yicha davlat xizmatchisi xatti-harakatlariga baho berish;

tekshirish huquqi bo‘lmagan yoki tekshiruvga chiqishi belgilanmagan nazoratchi haqida real vaqt rejimida tadbirkorni xabardor qilish va boshqalar.

Quyidagilar 2026-yil 1-avgustdan boshlab joriy etiladi:

nazorat qiluvchi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mansabdor shaxslari va xodimlari (davlat xizmatchisi) hamda tadbirkorlar o‘rtasida nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotni «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida hisobga olish tartibi;

«Yagona davlat nazorati» axborot tizimida tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlarni, shu jumladan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini ro‘yxatga olishni va nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqotlarni hisobga olishni ta’minlovchi «Biznes himoya» QR-kodi.

Tadbirkor va davlat organi o‘rtasidagi muloqotning shaffofligi ta’minlanadi

Farmonga ko‘ra, davlat xizmatchisi davlat organi nomidan yoki o‘zining xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkor faoliyat yuritadigan binoga nazorat yoki profilaktika tadbirini o‘tkazish maqsadisiz tashrif buyurishi yoxud tadbirkorni boshqa joyga chaqirishi nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot (muloqot) sifatida baholanadi.

«Yagona davlat nazorati» axborot tizimiga muloqot haqidagi ma’lumotlarni kiritish davlat xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi va ushbu talabga rioya etmaganlik tegishli tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi uchun asos bo‘ladi.

Bo‘lib o‘tgan muloqotning asosli yoki asossiz ekanligiga baho berish tegishli davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi yoki ushbu funksiyani amalga oshirish yuklatilgan bo‘linma yoxud mansabdor shaxs tomonidan amalga oshiriladi.

Ayni bir tadbirkorlik subyekti bilan 1 yil davomida 2 va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchisiga quyidagi choralar qo‘llanadi:

davlat organining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkaziladi;

ayni shu tadbirkorlik subyektida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlariga oxirgi muloqot qayd etilgan sanadan e’tiboran 12 oy davomida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi;

mazkur taqiqqa rioya etmaslik tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish tartibini buzish hisoblanadi hamda tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma amal qilishining 3 oygacha to‘xtatib turilishiga olib keladi;

tadbirkor faoliyatini tekshirish va ular bilan muloqot qilish tartibini surunkali tarzda buzuvchi shaxslar 6 oy muddatga Insofsiz tekshiruvchilar reyestriga kiritiladi.

Теглар

Мавзуга оид