Logo

Dunyo tinchlikdan umidvor: AQSH va Eron o‘rtasidagi «tarixiy bitim»ga xalqaro munosabat qanday bo‘ldi?

Бугун 08:007 дақиқа

Pokiston vositachiligida imzolangan ushbu kelishuv nafaqat 60 kunlik otashkesimni, balki Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va yadroviy dastur bo‘yicha texnik muzokaralarni boshlashni ham ko‘zda tutadi.

Dunyo tinchlikdan umidvor: AQSH va Eron o‘rtasidagi «tarixiy bitim»ga xalqaro munosabat qanday bo‘ldi? © aurora-israel.co.il

AQSH prezidenti Donald Tramp va Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon ikki davlat o‘rtasidagi urushda otashkesimni uzaytirishga qaratilgan o‘zaro anglashuv memorandumini elektron shaklda imzoladi. Tinchlik jarayonida vositachilik qilgan Pokiston hukumatining ma’lum qilishicha, «Islomobod memorandumi» 17-iyun kunidan boshlab rasman kuchga kirgan.

Amerikalik rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kelishuv Eronning yadroviy qurol yaratmaslik majburiyatini yana bir bor tasdiqlashini, barcha frontlarda o‘t ochishni to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish shartlarini o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur mojaro joriy yilning 28-fevral kuni AQSH va Isroil tomonidan Eronga berilgan zarbalardan so‘ng boshlangan edi. Biroq 8-aprelda tuzilgan vaqtinchalik otashkesim kelishuvi eng shiddatli janglarni to‘xtatib turishga xizmat qilgan. Yangi bitimga asosan, otashkesim muddati yana 60 kunga uzaytiriladi. Bu esa Eronning yadroviy dasturi, Vashingtonning Tehronga nisbatan joriy qilgan sanksiyalari hamda muzlatilgan aktivlarni qaytarish bo‘yicha keyingi muzokaralar uchun yo‘l ochadi.

Jahon hamjamiyatining kelishuvga munosabati:

Eron

Eronning Oliy rahbari Oyatulloh Mo‘jtabo Xomanai 18-iyun kuni kelishuv tafsilotlariga to‘xtalib o‘tirmasdan, garchi bu bitim bo‘yicha «boshqacha fikrda» bo‘lsa-da, uni ma’qullaganini bildirdi.

«Aslida, men bu memorandum bo‘yicha boshqacha fikrda edim. Biroq muhtaram prezidentimiz Oliy milliy xavfsizlik kengashi raisi sifatida o‘z nomidan va kengashning boshqa a’zolari nomidan Eron xalqi hamda «Qarshilik ko‘rsatish fronti» huquqlarini himoya qilishga va’da bergani sababli bunga ruxsat berdim», — dedi Xomanai davlat televideniyesi orqali qilgan chiqishida.

Bundan oldinroq, Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Bag‘oiy hujjat imzolanganidan so‘ng mahalliy OAVga bayonot bergan edi. Uning ta’kidlashicha, Eron tomoni AQSH o‘z majburiyatlarini qanday bajarayotganini «hech qanday yon bosishlarsiz» kuzatib boradi. Agar Vashington kelishuv shartlaridan bo‘yin tovlasa, Tehron ham o‘z majburiyatlarini bajarishni to‘xtatadi. 

Shuningdek, Bag‘oiy 60 kunlik muddat ichida Eronning yadroviy dasturi va AQSH sanksiyalarini bekor qilish masalalari muhokama etilishini, ammo Tehronning raketa dasturi aslo muzokaralar mavzusi bo‘lmasligini qat’iy ta’kidladi.

Tashqi ishlar vazirligi vakilining qo‘shimcha qilishicha, Tehron yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini xorijga ko‘chirmaydi. Bundan tashqari, Isroilni Eron oldidagi majburiyatlarini hurmat qilishga majburlash mas’uliyati to‘liq AQSH zimmasiga yuklatiladi. Yana bir muhim jihat: Eron O‘mon bilan hamkorlikda Ho‘rmuz bo‘g‘ozini boshqarishning yangi tartibini ishlab chiqadi va bundan buyon u yerda tranzit kemalariga «ko‘rsatilgan xizmatlar uchun haq undiriladi».

Amerika Qo‘shma Shtatlari

17-iyun kuni Versal saroyida AQSH prezidenti Donald Trampning oraliq bitimni imzolash jarayoni tasvirlangan videolavha tarqaldi. Unda Tramp qog‘ozga imzo chekishdan oldin biroz o‘ylanib turganini ko‘rish mumkin. «Bu oson bo‘lmadi», — dedi u yig‘ilganlarga qarab.

18-iyun kuni esa u AQSH «barcha frontlarda», jumladan, Livan, «Hizbulloh» va Isroil o‘rtasida ham «to‘liq otashkesim» bo‘lishidan umidvor ekanini ta’kidladi. Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozdi: «Biz Yaqin Sharq mintaqasidagi barchani muzokaralarimiz ijobiy yakun topishi uchun o‘z majburiyatlariga sodiq qolishga chaqiramiz».

Biroq ushbu oraliq bitim Trampning safdoshlari hisoblangan respublikachilarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Ularning fikricha, bu kelishuv soliq to‘lovchilarning milliardlab dollar pulini havoga sovuradi va Tehronning yadroviy dasturini cheklashda deyarli hech qanday naf bermaydi.

Shunday bo‘lsa-da, ba’zi respublikachilar bu kelishuvni qo‘llab-quvvatladi. Xususan, senator Rojer Marshall Eron va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumini yuqori baholadi. Marshall «X» tarmog‘idagi sahifasida buni «yutuqli kelishuv» deb atadi va u sobiq prezident Barak Obama davrida tuzilgan (2018 yilda Tramp AQSHni bu kelishuvdan bir tomonlama chiqarib olgan edi) bitimdan ko‘ra ancha yaxshiroq ekanini ta’kidladi.

Isroil

Bosh vazir Binyamin Netanyaxu kelishuvga bevosita bo‘lmasa-da, o‘z munosabatini bildirdi. U Isroilning AQSH bilan yaqin aloqalarini saqlab qolishi o‘ta muhim ekanini ta’kidlab, Eron bilan urush vaqtida Vashington Isroil bilan «yelkama-yelka» turganini alohida qayd etdi.

«Kurash hali yakunlanmadi, oldinda bizni yangi sinovlar kutmoqda. Bu sinovlar bizdan sovuqqonlik bilan mulohaza yuritishni, Isroilning xavfsizlik manfaatlarini qat’iyat bilan himoya qilishni va ayni vaqtda ushbu kurashda biz bilan yelkama-yelka turgan amerikalik do‘stlarimiz bilan hayotiy muhim munosabatlarimizni saqlab qolishni talab etadi. Biz bu hamkorlikni yuksak qadrlaymiz», — dedi Netanyaxu.

Pokiston

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif 18-iyun kuni tarixiy «Islomobod memorandumi» AQSH va Eron tomonidan elektron shaklda imzolanganini e’lon qilishdan sharaf tuyishini ta’kidladi.

«Memorandum har ikki mamlakatning muhtaram prezidentlari tomonidan imzolandi va vositachi sifatida men tomonimdan ham tasdiqlandi. Ushbu kelishuvning davlat rahbarlari darajasida imzolanishi har ikki tomonning nizoni diplomatik yo‘l bilan hal etishga bo‘lgan intilishini namoyish etadi», — dedi u o‘zining «X» tarmog‘idagi sahifasida.

Qatar

Qatar Tashqi ishlar vazirligi mazkur memorandumni «ikki tomonning o‘z kelishmovchiliklarini muzokaralar va tinch yo‘l bilan hal qilishga» hamda «mintaqaviy va xalqaro darajada barqaror tinchlik va iqtisodiy o‘sish» istiqbollarini kengaytirishga qaratilgan qat’iy qarorining yana bir tasdig‘i deb bilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, vazirlik Pokiston va boshqa tomonlarning keskinlikni yumshatish borasidagi «hamkorligi va sa’y-harakatlarini yuksak qadrlashini» ta’kidlab, bu memorandum muzokaralarning keyingi bosqichi uchun «mustahkam poydevor» bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Shveysariya

Shveysariya Tashqi ishlar vazirligi «Al-Jazira» telekanaliga bergan bayonotida ushbu hujjatning imzolanishini «mintaqada keskinlikni yumshatish sari tashlangan muhim qadam» deb baholadi.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, juma kuni Byurgenshtokda AQSH va Eron, shuningdek, vositachilar – Pokiston va Qatar hamda jarayonga jalb etilgan boshqa mamlakatlar vakillari kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki muzokaralarni o‘tkazish uchun yig‘iladi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi (AEXA)

AEXA bosh direktori Rafael Grossi oraliq bitimni olqishlab, BMTning yadroviy nazorat organi Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha aniq reja ishlab chiqishini ma’lum qildi.

«Memorandum imzolangani yaxshibo‘ldi. Endi texnik ishlar boshlanadi. AEXA uchun AQSH va Eron rasmiylari bilan muzokaralar stoliga o‘tirib, Tehronning yadroviy dasturini tartibga solish bo‘yicha aniq qadamlarni ishlab chiqishni boshlash vaqti keldi», — dedi Grossi.

Fransiya

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parij yaqinidagi Versal saroyida Trampning mazkur memorandumni imzolayotgani tasvirlangan videoni e’lon qildi.

«Prezident Tramp bugun tunda Versalda Eron va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi kelishuvni imzoladi. Bu bitim barqaror tinchlikka yo‘l ochadi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish imkonini beradi. Bu vatandoshlarimiz uchun to‘g‘ri yo‘nalishda tashlangan muhim qadam bo‘lib, tez orada energiya resurslari narxining pasayishiga olib keladi», — deb yozdi u «X» tarmog‘idagi sahifasida.

«Hizbulloh»

«Hizbulloh» rahbari Naim Qosim mazkur kelishuvni «ulkan g‘alaba» deb atadi. Shuningdek, u Livanning Isroil bilan muzokaralari faqat «o‘zaro xavfsizlik» masalasiga qaratilishi kerakligini, qurolsizlanish kabi «ichki masalalar» aslo muhokama qilinmasligi lozimligini ta’kidladi.

«Biz Eron xalqini, rahbariyatini va ozodlikni qo‘llab-quvvatlaydigan barchani ushbu ulkan g‘alaba bilan tabriklaymiz. Livan frontini — ko‘p qurbonlar bergan qarshilik harakatini bu jarayonga bog‘lagani va Isroilni o‘z tajovuzini to‘xtatishga majbur qilgani uchun Islom Respublikasiga minnatdorlik bildiramiz.

Dushman Isroil bilan muzokaralarning eng yuqori chegarasi o‘zaro xavfsizlikdir... Qurolsizlanish shiori ostidagi har qanday taklif o‘tmaydi, chunki bu Isroilning hamma narsani tortib olish va mamlakatni vayron qilishga qaratilgan rejasidir», — dedi Qosim teleefir orqali qilgan chiqishida.

Xitoy

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pekin AQSH va Eron o‘rtasida oraliq bitim imzolanganini olqishlashini hamda har ikki mamlakat bo‘lajak muzokaralarga «oqilona va pragmatik» yondashishiga umid qilishini ma’lum qildi.

Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan vazirlikning rasmiy vakili Lin Szyan Pekin tomonlarning mazkur kelishuv doirasidagi o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishiga umid bildirishini ta’kidladi.

Rossiya

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pokiston vositachiligida tuzilgan AQSH-Eron kelishuvini olqishladi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva ushbu bitimni mojaroga uzil-kesil barham berish sari tashlangan muhim qadam sifatida ko‘radi va u kelajakdagi tinchlik shartnomalari uchun o‘ziga xos namuna bo‘lishi mumkin. Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan «Rossiya – ASEAN» sammitida so‘zga chiqqan Putin Yaqin Sharqdagi barqarorlashuv jahon energiya bozorlari uchun ham foydali bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Shu bilan birga, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi barcha tomonlar erishilgan kelishuvlarga, xususan, Livandagi vaziyatga oid shartlarga «qat’iy rioya qilishi shart» ekanini bayon qildi. Vazirlikning «Telegram» tarmog‘ida e’lon qilingan rasmiy bayonotida ta’kidlanishicha: «Moskva Yaqin Sharqda barqaror va uzoq muddatli tinchlikni o‘rnatishga xizmat qiladigan diplomatik sa’y-harakatlarga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor».

Yaponiya

Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi «barcha tomonlar memorandumni izchil ijro etishi» orqali Ho‘rmuz bo‘g‘ozida «erkin va xavfsiz kema qatnovi»ni tezroq tiklash o‘ta muhim ekanini ta’kidladi.

Hukumat rahbarining qo‘shimcha qilishicha: «Yaponiya Vashington va Tehron keyingi muzokaralar orqali Eronning yadroviy dasturi va boshqa hal etilmagan masalalar bo‘yicha tez orada yakuniy kelishuvga erishishiga umid qilmoqda».

O‘zbekiston

Toshkent Vashington va Tehron o‘rtasida imzolangan anglashuvni mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash va keskinlikni yumshatish yo‘lidagi muhim diplomatik qadam deb baholadi.

«O‘zbekiston AQSH va Eron o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanganini hozirgi murakkab xalqaro sharoitda keskinlikni yumshatish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni tiklash yo‘lidagi muhim diplomatik yutuq sifatida olqishlaydi», — deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Shuningdek, vazirlik muzokaralarga zamin yaratishda ishtirok etgan Pokiston va Qatarning hissasini yuqori baholab, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Misr hamda boshqa mintaqaviy hamkorlarning sa’y-harakatlarini ham e’tirof etgan.

Теглар

Мавзуга оид