Logo

Endi aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berilishini IIV nazorat qiladi

Бугун 12:092 дақиқа

Bir oy davomida ko‘mir mahsulotini noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 16 ta holat aniqlangan. Natijada 333 tonna 540 kilogramm ko‘mir musodara qilinib, aholi ehtiyojlari uchun yetkazilgan.

Endi aholiga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berilishini IIV nazorat qiladi

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida aholiga ajratiladigan gaz va ko‘mirni yetkazib berish ustidan nazorat kuchaytiriladi. Energiya resurslarini tashish, taqsimlash va sotish jarayonidagi talon-torojlik hamda korrupsiya holatlarining oldini olish choralari ko‘riladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda mas’ullarga aholi uchun ajratilgan energetika resurslarining o‘z vaqtida va to‘liq yetkazilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Xususan, suyultirilgan gaz ballonlarini belgilangan grafik asosida tarqatish, resurslar hisobini yuritish va taqsimotda shaffoflikni ta’minlash vazifalari belgilandi.

Shuningdek, iste’molchilardan asossiz to‘lov talab qilish va mahsulotni belgilangan me’yordan kam yetkazib berish kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi.

Bir oyda qancha resurs musodara qilindi?


IIV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan bir oy davomida ko‘mir mahsulotini noqonuniy saqlash va sotish bilan bog‘liq 16 ta holat aniqlangan. Natijada 333 tonna 540 kilogramm ko‘mir musodara qilinib, aholi ehtiyojlari uchun yetkazilgan.

Suyultirilgan gaz bilan bog‘liq qoidabuzarliklar esa ancha ko‘p bo‘lgan. Uni noqonuniy saqlash va sotishga oid 374 ta holat fosh etilgan.

Tezkor tadbirlar davomida 9 139 ta gaz balloni hamda 92 tonna 936 kilogramm suyultirilgan gaz noqonuniy muomaladan olingan. Mazkur resurslarni aholi iste’moliga qaytarish choralari ko‘rilgan.

Gaz talon-toroji fosh etildi

Oktyabr oyida Samarqand viloyatida ham yirik qoidabuzarlik aniqlangan. «Pastdarg‘omtumangaz» gaz ta’minoti korxonasi xodimlari aholi uchun ajratilgan gazni maxsus transport vositalarida olib chiqib ketgani ma’lum bo‘lgan.

Operatsiya davomida qiymati 32 million so‘mlik 3 tonna 100 kilogramm uglevodorod gazi musodara qilingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Endi mas’ul idoralar temiryo‘l orqali tashiladigan yuklar, gaz to‘ldirish shoxobchalari, omborlar va taqsimlash bazalari ustidan nazoratni kuchaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aholi uchun suyultirilgan gaz narxi 15-noyabrdan oshishi, shuningdek, maishiy gaz ballonlarini «zapravka»larda to‘ldirganlik uchun jarima joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид